Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ta'lim masalasiga alohida ustuvorlik berilgan

 

Ma'lumki, shu kunlarda butun respublikamiz bo‘ylab yangilanayotgan Konstitutsiya targ‘ibotiga bag‘ishlangan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Denov Tadbirkorlik va pedagogika institutida bo‘lib o‘tdi.

Oliygohning professor-o‘qituvchilari, talabalari va jamoasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Firdavs Sharipov, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, siyosiy partiya rahbarlari ishtirok etgan tadbirda yangilanayotgan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.

Ta'kidlandiki, Konstitutsiyamizning birinchi moddasidayoq O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e'lon qilinmoqda. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar uch barobarga ortmoqda. Ijtimoiy davlatga xos yondashuv, ta'lim va fan sohasiga oid normalar esa qariyb ikki barobarga oshmoqda. Jumladan, fuqarolarning oliy ta'lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish imkoniyati belgilab qo‘yilmoqda.

Nogironligi bor bolalarning o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta'lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratish, bunday imkoniyatlar inklyuziv ta'lim sifatida Konstitutsiyaga kiritilmoqda.

Konstitutsiyada davlatning o‘qituvchilar sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirilmoqda. Bu qoidalar mamlakatimizdagi 685 mingdan ortiq ustoz-o‘qituvchilarning professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishi, ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Umuman, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingan. Buni inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar bir necha karraga ortayotganidan, o‘z navbatida davlatning ham xalq oldidagi majburiyatlari bir necha baravarga oshayotganidan ko‘rishimiz mumkin.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish