Shu kunlarda butun respublikamiz bo‘ylab yangilanayotgan Konstitutsiya kayfiyati kezib yuribdi. Turli tadbirlar, katta-kichik davralardagi gurunglarda guvohi bo‘lyapmizki, yurtdoshlarimiz keyingi yillardagi yangilanishlardan mamnun bo‘lib, xalqparvar islohotlar bardavomligini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Konstitutsiya inson haqidagi eng oliy hujjatdir. Unda insonning baxtli bo‘lishi uchun eng muhim qoidalar belgilab qo‘yiladi. O‘ylab ko‘raylik, inson o‘zini baxtli deb bilishi uchun unga nimalar kerak? Xalqimizning xavfsizligi, ta’limi, sog‘lig‘i, o‘y joyi, mehnat qilishi va yetarli daromad kafolati. Yangilanayotgan Konstitutsiyada mana shularning hammasi mujassam bo‘lmoqda.
Xalq demokratik partiyasi konstitutsiyaviy islohotlarni dastlabki kunlardan qo‘llab-quvvatlagan, ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida erkin formatlarda rang-barang tadbirlar o‘tkazmoqdamiz, faollarimiz, fraksiyamiz a’zolari, barcha darajadagi deputatlar aholining turli qatlam vakillari bilan muloqotlarda yuqori siyosiy faollik va xayrixohlikka bevosita guvoh bo‘lishmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamizni hammamiz “Mening Konstitutsiyam” deb aytishga to‘liq asosimiz bor, degan fikrlar bildirilmoqda. Albatta, bu fikrlar mustahkam asoslarga ega.
Partiyamiz elektorati tomonidan bildirilgan 3 mingdan ortiq takliflarning aksariyati mazmunan yangilanayotgan Konstitutsiyada o‘z ifodasini topmoqda. Biz muloqot tadbirlarida yangi me’yorlarning ahamiyati, fuqarolarning fikr va takliflari aks etayotgani haqida yana bir bor tushuncha berishga e’tibor qaratmoqdamiz.
O‘tgan hafta Buxoro shahridagi Yoshlar xiyobonida, Navoiy shahridagi pedagogika oliygohi hovlisida keng aholi qatlami vakillari bilan uchrashganimizda, ayniqsa, yoshlarning faolligi, yangilanishlarni o‘z hayoti misolida tushunayotgani hammamizni quvontirdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 42-moddasida har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega ekani kafolatlanayotgani, 47-moddada esa har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga egaligi belgilanayotgani haqida iliq va mamnun fikrlar bildirildi.
Xalqimiz uchun juda muhim bo‘lgan masalalarda davlat zimmasiga mas’uliyat va majburiyat yuklanayotgani, bu Konstitutsiya darajasida kafolatlanayotgani partiyamiz elektoratining katta yutug‘i bo‘lyapti. Bu qoidalar hammamiz uchun juda muhimdir.
Shu kunga qadar joylarda Xalq demokratik partiyasi tashkilotlari, deputatlar, faollar tashkilotchiligida o‘tkazilgan 1000 ga yaqin asosiy tadbirlarning barchasida aholi vakillari faol ishtirok etdi. Uchrashuvlarda dono xalqimiz vakillaridan ko‘p fikrlar, taklif va xulosalar olyapmiz. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga qiziqish, uni o‘rganishga ishtiyoq katta. Uchrashuv maydonlarida kayfiyat ham ko‘tarinki.
Asosiy qomusimiz odamlarimizga kuch beradigan, kayfiyatini ko‘taradigan qomus bo‘layapti, deb ishonch bilan ayta olamiz. Ishonamizki, yangilanayotgan Konstitutsiyamiz Yangi O‘zbekistonning huquqiy tayanchi, xalqimiz birdamligi va farovonligining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Ulug‘bek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
XDP fraksiyasi rahbari.