Xotin-qizlar va bolalarning ishonchli himoyachisi

 

Mamlakatimizda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga nisbatan zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan bir qatorda bugungi kunda huquqni qo‘llash amaliyotida xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda bir qator muammolar ham mavjud bo‘lib, xususan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun qat’iy choralar belgilanmagan edi. Ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etganlarga nisbatan holatiga qarab ozodlikdan cheklash jazosi qo‘llanardi yoki qamoq jazosi qo‘llanilganda ham jinoyatchi 1 yarim yoki 2 yilda ozodlikka chiqardi.

Aslida xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik – bu og‘ir jinoyat. Bu jamiyatimizning ham og‘riqli nuqtasi edi desak xato bo‘lmaydi. Kuni kecha uzoq kutilgan, bunday holatlarga qarshi murosasiz bo‘lgan, xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni Prezident tomonidan imzolandi va kuchga kirdi.

Qonundagi muhim yangiliklardan biri - «oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik» ya’ni xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik uchun tegishincha ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari ham belgilangan. Ilgari bu norma yo‘q edi.

Shuningdek, endi jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmaydi, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada kuchaytirilgan. Agar 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilsa, 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Bundan tashqari, xotin-qizlarga nisbatan shahvoniy mazmundagi harakatlar sodir etganlik uchun ham javobgarlik belgilangan. Bunday holatlar 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga beriladigan himoya orderining muddati суд tomonidan 1 yilgacha uzaytirilishi belgilangan. Ilgari 30 kun edi, bu muddat oz edi, ya’ni xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilish imkonini bermasdi.

Qonunchilikka kiritilgan asosiy o‘zgartirishlardan yana biri shundaki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra nomusga tegish hamda jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish kabi jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda jabrlanuvchining yoshi aybdorga ayon bo‘lishi asosiy mezonlardan biri bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ushbu qoida bekor qilinmoqda, ya’ni aybdorning jabrlanuvchi yoshini bilmasligi uni Jinoyat kodeksi moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, shuningdek bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishini taqiqlash hamda bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxatini yuritiladi.

Tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘shimcha cheklovlar, shu jumladan, muayyan joylarga borishni taqiqlash, jabrlanuvchi yashaydigan uy-joydan foydalanmaslik, жабрланувчининг ish joyiga yoki u joylashgan boshqa joylarga yaqinlashmaslik каби vaqtinchalik cheklovlar ham o‘rnatilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, ushbu Qonundan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlar va bolalarga nisbatan shilqimlik hamda zo‘ravonlikning oldini olish, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilashdan iborat. Ushbu maqsadni ro‘yobga chiqarish va ko‘zlangan maqsadga erishish uchun barcha davlat organlari, fuqarolik jamiyatlari, OAV, siyosiy partiyalar, deputatlar va har birimiz mazkur jarayonga qo‘shilib, zo‘ravonlikka qarshi kurashishimiz, qonun ijrosi ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini to‘liq o‘rnatib, qonunni zo‘ravonlikka qarshi kurashning yagona mexanizmiga aylanishiga hissa qo‘shishimiz lozim. Chunki Qonun ustidan kuchli nazorat o‘rnatilsa, u ishlaydi hamda xotin-qizlar va bolalarning ishonchli himoyachisiga aylanadi.

 

Gulshan Asatova,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi “Ayollar qanoti” rahbari,

Respublika “Oqila ayollar” harakati a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

«Faol ayollar» qanoti Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish