Ayollarning jamiyatdagi o‘rni va gender tenglik

 

Ayol - buyuk zot, yaratganning mo‘jizasidir. Unda ibo-hayo, go‘zallik, fidoyilik, matonat va jasorat mujassam. Hayotdagi barcha go‘zalliklar ayolga bo‘lgan muhabbat tufayli yuzaga kelgan, deyishadi. Ayollarga xos o‘lmas nazokat erkaklarga hamisha qanot bag‘ishlab kelganligi rost. Ayol fidoyilikni tushunibgina qolmay, o‘zini fido qilishni ham biladi.

Dunyo mamlakatlari qatorida va xalqaro hamjamiyatda munosib o‘ringa ega bo‘lgan O‘zbekistonning davlat va jamiyat sifatidagi taraqqiyoti silsilasida ayolning o‘rni, uning siyosiy va huquqiy madaniyati alohida ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Natijada oilaga, ayol zotiga bo‘lgan munosabatimiz tobora yuksalib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish hayotimizning ma’no-mazmuniga, asosiy maqsadiga aylandi.

Bugungi globallashuv jarayonida yangi avlodning har qanday sharoitga nisbatan faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish masalasida xotin-qizlarning o‘rni va roli har qachongidan-da muhim. Shu bois islohotlarning asosiy mazmuni ham xotin-qizlarning yangi g‘oya va tashabbuslar bilan chiqishlarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, o‘zgarishlar va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ularning faol ishtirok etishlarini ta’minlashdan iborat. Zero, inson qadrini ulug‘lash, avvalo, ayolga hurmat va ehtirom, mo‘tabar onalarimizni e’zozlash, munis opa-singillarimizni qadrlash orqali ro‘yobga chiqadi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Sir emaski, yangi Uyg‘onish davri, avvalo, ilm-fanning taraqqiyotiga, milliy ma’naviyatning mustahkamligiga bog‘liqdir. Mazkur o‘tkir haqiqatni chuqur his qilgan holda xotin-qizlarning ta’limi va ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun davlatimiz tomonidan yangi imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Shuningdek, ayollarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini to‘laqonli ta’minlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar yurtimizda gender tenglikni va teng huquqlilikni ta’minlashdagi ijtimoiy adolat namunasidir.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki sezilarli darajada ortdi, ushbu ko‘rsatkich  33 foizga yetdi. Jumladan, ayollarning rahbarlik lavozimlaridagi ulushi 27 foizni tashkil etdi. 81 ta vazirlik va idorada 15 mingdan ortiq ilg‘or va o‘qimishli ayollardan kadrlar zaxirasi shakllantirildi.

Ayollarga e’tibor chinakam davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi: uning huquqiy va institutsional asoslari tubdan takomillashtirildi.

O‘zbekiston xotin-qizlarni kamsitishning turli shakllaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya qilishni ko‘zda tutuvchi barcha asosiy xalqaro shartnomalarga qo‘shilgan. Sohada 25 ta qonun hujjati qabul qilingan. «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar to‘g‘risida»gi, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning reproduktiv salomatligi to‘g‘risida»gi, «Oila kodeksining 15-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar hamda yangidan qabul qilingan va bugungi kunda kuchga kirgan Mehnat kodeksi ana shular jumlasidandir.

Mamlakatimizda ayol qadrini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar, albatta, bu borada huquqiy asoslar yaratilganligi va muntazam takomillashtirib borilayotganligi bilan hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasining 58-moddasida «Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi» deb belgilanganligi mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi rolini oshirish borasidagi tizimli islohotlar uchun bosh huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishini ta’minlaydi.

Jamiyat va davlat hayotida xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Xalq farovonligi, jamiyat tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda erkak va ayolning teng huquqliligi muhim o‘rin tutishini e’tiborga olsak gender tenglikni ta’minlash vazifasini davlat zimmasiga yuklatilishi barqaror rivojlanishning zarur talabidir. Jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda gender tenglikning ta’minlanishi xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, qonunlar va turli qarorlar qabul qilinishida ishtirokini yanada kengaytirish imkoniyatini beradi.

Muxtasar aytganda, jamiyatda ayol qadr-qimmati, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida davlat bosh islohotchi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Zotan, jamiyatda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ifoda etish, davlat va jamiyat munosabatlarida ayollarning o‘rni va rolini yanada oshirish, ularning siyosiy, huquqiy, ijtimoiy sohalarda manfaatlarini himoya qilish masalasi Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans avlodini shakllantirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

 

Dilbarxon Mamajonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish