Yunon olimi Aristotel “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”, deganida haq edi. Bu fikrni tarix sahifalari doim isbotlab kelgan. Bizning zamindan qo‘r olgan Birinchi va Ikkinchi Renessans hosilasi ham tarbiya va ta’lim uyg‘unligida yetilgani tobora ravshanlashib bormoqda. Bu haqda so‘z borganda, avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning uzoq yillar “mudroq ta’lim iskanjasi”da yashab kelgan ustoz va murabbiylar, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qarata boshlagani, uyg‘oq fikrni tarbiyalash yo‘lidagi jonkuyarligi ko‘z oldimizga keladi. Bugun biz davlatimiz taraqqiyotida Uchinchi Renessansga asos solish yo‘lidamiz. Bugun biz erishayotgan barcha natijalar zamirida bilim, ilm-fan, kapitalni to‘g‘ri yo‘naltirish san’ati bo‘y ko‘rsatmoqda.
Yangi O‘zbekistondagi katta islohotlar bosh asosi ham shu maqsad uchun qurilgani keyingi yillarda tobora oydinlashib bormoqda. Bu avvalo, yoshlar siyosatida o‘z aksini topmoqda. Jumladan, mamlakatimizda yoshlar ta’lim tarbiyasi, huquq va manfaatlariga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Yurtimizda ta’lim, ilm-fanning barcha sohalariga e’tibor va zamonaviy islohotlar, yoshlarning bilimi, iqtidorini rivojlantirish maqsadida mutlaqo yangi shakl va mazmunda barpo etilgan Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar tizimi, barcha viloyatlarda yaratilayotgan Yoshlar texnoparklari va biznesakseleratorlari, yoshlar uchun tashkil etilayotgan turli tanlovlarni buning isboti, deya olamiz.
Bugungi yangi O‘zbekiston yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatiga, undagi yoshlar esa, mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti.
Mamlakat rahbari shu sababdan ham “Bugun hech bir soha yo‘qki, yoshlar muvaffaqiyatga erishmayotgan bo‘lsa. Yoshlarning yo‘lini ochib bersak, ularga yelkadosh bo‘lsak, yanada ulkan natijalarga erishamiz. Mening eng katta ishongan kuchim, davlatimizning eng katta boyligi — bu yoshlar”, deb ta’kidladi. Shu boisdan, vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulug‘vor maqsad vazifa qilib qo‘yilgan ekan, bugunimizdan Xorazmiylari, Beruniylari va Mirzo Ulug‘beklari yetishib chiqishiga shubha yo‘q. Zero, davlatimiz rahbari boshchiligida yaxshi niyatlar bilan katta marralarni belgilab olganmiz.
Tahlikali zamonda yashayapmiz. Dunyo ko‘zdagi yosh kabi qalqib turibdi. Olis va yaqin mamlakatlarda onalar farzandi ochlikdan o‘lmasin uchun aziz jonini sotmoqda, otalar bolalariga bir burda yemak topish ilinjida o‘zini o‘tga ham, cho‘qqa ham urmoqda, ularning ko‘ksida zardob qaynayapti. Yangi O‘zbekistonda esa yoshlar davlat himoyasida. O‘zbekiston yoshlar mamlakati. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga yaqqol ishoradir. Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida yoshlar ham faol ishtirok etdi. «Mening davlatim», «mening Konstitutsiyam», degan nuqtai-nazardan takliflar berishdi.Takliflarning 60 foizi aynan yoshlardan kelib tushgani bunga yaqqol dalildir. Zero, bugungi yoshlar o‘z haq-huquqlarini yaxshi biladi, mamlakat hayotiga, kelajagiga befarq emas.
Yoshlarning taqdim etgan takliflari loyihada o‘z aksini topmoqda. Jumladan, yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga olishi yoshlarga katta motivatsiyadir. Ta’kidlash joizki, o‘tgan davr mobaynida yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Qonunlar va qonunosti hujjatlari o‘zgaruvchan xususiyatga ega. Birgina Konstitutsiya uzoq muddatli, barqaror hujjat hisoblanadi. Shu bois ham o‘tgan davrdagi yangilik va yengilliklarning Bosh qomusimizda mustahkamlanayotgani alohida e’tiborga molik.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan davlat endilikda nafaqat umumiy o‘rta ta’lim balki boshlang‘ich professional ta’lim olishni ham bepul bo‘lishini kafolatlaydi. Eng muhim yangiliklardan biri, bu – alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inkluziv ta’lim va tarbiyaning ta’minlanishi bo‘ldi. Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inkluziv ta’lim tashkil etiladi. Bu norma shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun juda muhimdir.
Yangilanayotgan Konstitutsiyaga muvofiq, fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli ekanligi aniq belgilab qo‘yilmoqda. 2017 yilga qadar oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlari soni faqat qisqarib keldi. So‘nggi besh yil ichida, aksincha grantlarni ko‘paytirish yo‘lidan borildi. Xususan, o‘tgan davrda oliy ta’limga ajratilgan davlat grantlari soni 75 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni ikki baravarga oshirildi, shuningdek, nodavlat oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Mazkur konstitutsiyaviy qoidaning belgilanishi bu boradagi ijobiy yo‘nalish doimo saqlab qolinishini, davlat oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlari yo‘qolmasligini ta’minlashga xizmat qiladi. Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi berilmoqda. Oliy ta’lim tizimi bilan bog‘liq masalalarning Konstitutsiya darajasida belgilanayotgani oliy ta’lim jarayoniga tashqi aralashuvlarni cheklash, oliy ta’lim sifati va dunyoda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, davlat va jamiyat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy va ma’naviy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi. Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi, yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi, ularning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Demak, yangilanayotgan Konstitutsiyaning yoshlar huquq va manfaatlariga daxldor normalarini har tomonlama tahlil qilgan holda Bosh qomusimizni “Yoshlar Konstitutsiyasi” deya e’tirof etishga ham barcha asoslarimiz bor. Shuning uchun mamlakatimizdagi barcha yoshlarni 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendumda faol ishtirok etishga chaqiraman.
Jahongir Kabirjonov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi,
O‘zbekiston XDP fraksiyasi ijrochi kotibi.