Homiladorligi yoki bolasi borligi uchun ishga qabul qilmaslik taqiqlanadi

 

Qonun loyihasiga sharh

Inson o‘zi xohlagan kasb yoki sohada emin-erkin mehnat qilishi, o‘z mehnatiga yarasha munosib haq olishi uning hayotda, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga zamin bo‘ladi. Bugungi kunda yurtimizda fuqarolarning turli sohalarda, qulay shart-sharoitlarda faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Har bir inson qulay mehnat sharoitlarida ishlab, ishiga yarasha munosib maosh olishga haqli.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda aks etayotgan ko‘plab yangi norma va qoidalar qatorida mehnat huquqlariga oid qoidalar ham talaygina. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova quyidagilarni ta’kidladi:

– Qariyb 65 foizga yangilanayotgan Konstitutsiyamizda inson huquq va manfaatlari, inson qadr-qimmati ustuvorlik kasb etayotir. Jumladan, yurtdoshlarimizning mehnat huquqlari kafolatiga oid normalar bir nechta moddalarda o‘z ifodasini topmoqda. Zero, insonning mehnati qadrlanishi, uning haq-huquqlari hurmat qilinishi insoniylik namunasidir.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash hamda eng kam oylik maoshidan past bo‘lmagan miqdorda adolatli haq olish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda. Darhaqiqat, har bir insonning avvalo, qulay mehnat sharoitlarida faoliyat ko‘rsatib, munosib haq olishi uning qadr-qimmatini belgilaydi. Agar ishiga yarasha maosh olmasa, har qanday inson o‘zini toptalganday, qadrsizlanganday his etadi. Shunday ekan, birinchi o‘rinda mehnatga yarasha haq olish har bir mehnatkashning qonuniy huquqidir.

Bundan tashqari, Bosh qomusimiz loyihasida homiladorligi yoki bolasi borligi uchun ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning oylik maoshini kamaytirish taqiqlanishi mustahkamlab qo‘yilmoqda. Hayotimizda bu boradagi holatlar haqida ko‘p bor eshitib qolamiz: ayrim korxona yoki tashkilotlar rahbarlari ish so‘rab kelgan ayollarning homiladorligini yoxud yosh bolasi borligini eshitsa, uni ishga qabul qilgisi kelmaydi. Ba’zan esa ishlab turgan ayol homilador bo‘lib qolsa, uni qandaydir yo‘llar bilan ishdan bo‘shatish payiga tushadi. Endilikda, bu kabi holatlarga Konstitutsiyaviy darajada barham beriladi, ayollarning mehnat huquqlari to‘la kafolatlanadi.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida yollanib ishlovchilarga har yilgi haq to‘lanadigan mehnat ta’tilidan foydalanish huquqi kafolatlanishi ham o‘z aksini topgan.

Yana shuni ta’kidlash joizki, ko‘p yillar davomida muammo bo‘lib kelgan majburiy mehnat masalasiga ham alohida o‘rin berilgan. Jumladan, sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanishi, shu jumladan bolalar mehnatining har qanday shakllari taqiqlanishi mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mehnat huquqlarining kafolatlari belgilab qo‘yilayotgani inson qadrini ulug‘lash borasidagi davlat siyosatiga mos va xosdir, – deydi Mavjuda Hasanova.

Darhaqiqat, har bir insonning o‘z kasb-koridan, olayotgan maoshidan ko‘ngli to‘lib ishlashi, turli nohaqliklardan holi tarzda faoliyat ko‘rsatishi uning hayotdan mamnun bo‘lib yashashiga xizmat qiladi. O‘zi va mehnati qadrlangan inson esa hamisha ko‘tarinki kayfiyatda, yanada ruhlanib, unumli ishlaydi.

 

Muhtarama Komilova,

O‘zA

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish