Surxondaryoliklar tinchliksevar tashqi siyosatni qo‘llab-quvvatlaydi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “Mening Konstitutsiyam” shiori ostidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini keng tushuntirish va aholini referendumda faol ishtirok etishga undaydigan siyosiy ma’rifat tadbirlarini davom ettirmoqda. Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi Surxondaryo viloyati Termiz iqtisodiyot va serviz universitet hiyobonida bo‘lib o‘tdi.

Partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, qonunchilik sohasi mutaxassislari ishtirokida kechgan tadbir yuzlab surxondaryoliklarni bir yerga jamladi.

Janubdan Amudaryo bo‘ylab Afg‘oniston, shimol-sharqdan Tojikiston, janub-g‘arbdan Turkmaniston kabi davlatlar bilan chegaradosh Surxon vohasida keyingi yillarda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qator yirik loyihalarni amalga oshirish natijasida aholi turmush tarzi kundan-kunga yaxshilanib bormoqda. Farovonlik tomon qo‘yilgan yana bir qadam - yangi tahrirdagi Konstitutsiya mehnatkash, samimiy Surxon elini befarq qoldirmayapti.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov so‘zga chiqib, O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb belgilangani, inson huquq va erkinliklariga oid normalar soni oshirilgani fuqarolarning yanada farovon hayot kechirishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining muqaddimasida O‘zbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini hamkorlik, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirish, fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini ta’minlash maqsad qilingani e’tirof etilgan.

Bu 3 ta davlat bilan chegaradosh Surxondaryo eli uchun chindan ham muhim ahamiyatga egadir. Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyaci, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratadi, deyishga to‘la asos bor.

Xususan, 44-moddada majburiy mehnat, bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlanishi belgilab qo‘yilyapti. Majburiy mehnatning Konstitutsiya darajasida taqiqlanishi xalqimizning ilmiy, ma’naviy salohiyati oshishiga, iqtisodiyot va ijtimoiy soha rivojlanishiga, hayot sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi.

47-modda bilan ilk bor har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilanayotgan bo‘lsa, 48-moddada har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Bayramona muhitda o‘tgan tadbirda mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar, yoshlar ham so‘zga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiya chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga, Yangi O‘zbekistonning huquqiy tayanchi, xalqimizning birdamligi va farovonligi kafolatiga aylanishiga ishonch bildirdilar.

Ochiq osmon ostidagi tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida davom etmoqda.

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish