Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda 218 million nafar bola majburiy mehnat qurbonidir. Shundan 89 million nafari xavfli va zararli ishlarda mehnat qilmoqda.
Mamlakatimizda keyingi yillarda majburiy mehnatga qarshi kurash borasida ulkan ishlar qilindi. O‘zbekiston Xalqaro Mehnat tashkiloti bilan faol hamkorlik qilib, 14 ta, jumladan, 8 ta asosiy konvensiyasi, shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashishga doir konvensiyalar ratifikatsiya qilindi.
Shu bilan birga, majburiy va bolalar mehnatiga barham berishning qonunchilik asoslari kuchaytirib borilmoqda. Jumladan, 2018-2021 yillarda tegishli kodeks va qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, bolalar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaslik to‘g‘risidagi talablarni buzish hamda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash kabi xatti-harakatlar uchun ma’muriy va jinoyat javobgarlik kuchaytirildi.
Xususan, “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi va Jinoyat kodekslarida voyaga yetmagan shaxsni mehnatga biror-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlagan shaxs ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilandi.
Prezidentimizning kuchli siyosiy irodasi tufayli so‘nggi yillarda mamlakatimizda bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga batamom barham berildi. Majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanishga chek qo‘yilishi ortidan o‘zbek paxtasiga e’lon qilingan boykot bekor qilindi. Natijada dunyoning eng ko‘zga ko‘ringan uch yuzdan ortiq brendi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Endilikda bu boradagi davlat siyosatini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamlar tashlanayotgani O‘zbekistonda har bir bolaning sifatli ta’lim olishi, orzu-istaklari ro‘yobga chiqib, murod maqsadiga yetishidan dalolat beradi. Agar bolalarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va orzu intilishlarini ro‘yobga chiqarishga zarur sharoitlar yaratilsa, ularda oldinga intilish, harakat bo‘ladi.
Zero, yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 44-moddasida bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, ahloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilab qo‘yilmoqda.
Mubolag‘asiz aytish mumkinki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilayotgan mazkur norma bolalar mehnatining og‘ir shakllaridan himoya qilish, ularni sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishishlari uchun muhim huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Umuman olganda, bolalar mehnatiga qarshi kurashish sohasida erishilgan yutuqlar, shubhasiz, O‘zbekistondagi islohotlar muvaffaqiyatining muhim ko‘rsatkichi bo‘lib, mamlakatning xalqaro nufuzi va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti sur’atlari o‘sishiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi.
Dilbar Mamajonova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.