Davlat yoshlarni o‘z himoyasiga olmoqda

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “Mening Konstitutsiyam” shiori ostidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini keng tushuntirish va aholini referendumda faol ishtirok etishga undaydigan targ‘ibot tadbirlarining navbatdagisi Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumani Buloqboshi QFYdagi 84-maktabida tashkil etildi.

Partiya Markaziy Kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, qonunchilik sohasi mutaxassislari ishtirokida kechgan tadbir o‘z taqdiri va kelajagiga befarq bo‘lmagan yuzlab jizzaxliklarni bir yerga jamladi.

Jizzax viloyatida lalmikor dehqonchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik va chorvachilik rivojlangan. Hududda keyingi yillarda ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari ishga tushib, aholining turmush sifati yaxshilandi. Turizm rivojlanmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya esa farovonlik tomon qo‘yilgan yana bir qadamdir. Mehnatsevar va samimiy jizzaxliklar buni juda yaxshi tushunadilar.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov so‘zga chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat fuqarolarni ish bilan ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambag‘allikni kamaytirish choralarini ko‘rishni o‘z zimmasiga olayotgani, alohida bir bob — XIV bob oila, bolalar va yoshlar masalasiga bag‘ishlangani, ya’ni davlat yoshlarni o‘z himoyasiga olayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Jumladan, yoshlar huquqlari aks etayotgan alohida moddaga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi.

Davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratib berishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, 44-modda bilan majburiy mehnat, bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlanishi belgilab qo‘yilyapti.

Majburiy mehnatning Konstitutsiya darajasida taqiqlanishi xalqimizning ilmiy, ma’naviy salohiyati oshishiga, iqtisodiyot va ijtimoiy soha rivojlanishiga, hayot sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Bayromona muhitda o‘tgan tadbirda mahalliy Kengash deputatlari, hududdagi faollar, yoshlar ham so‘zga chiqib, yangilanayotgan Konstitutsiya chinakam xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga, Yangi O‘zbekistonning huquqiy tayanchi, xalqimizning birdamligi va farovonligi kafolatiga aylanishiga ishonch bildirdilar.

 

O‘zXDP Axborot xizmati

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish