O‘zXDP fraksiyasi a’zolari yangi qonunchilik tashabbusi bilan chiqdi

 

1 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiyalarida bir nechta qonun loyihalari muhokama etildi.

Ulardan biri “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Keyingi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uning iqtisodiyotini erkinlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda u yerda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va yoshlar bandligini ta’minlash orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish maqsad qilingan. Mazkur qonun loyihasi ham tom ma’noda yuqoridagi maqsadga yo‘naltirilgan.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari 2023 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda foyda solig‘ini, aylanmadan olinadigan soliqni, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha vaqtinchalik soliq imtiyozlari bilan to‘laydi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayoniga jalb etiladigan chet el mutaxassislari (o‘qituvchilari) 2022 yil 1 oktabrdan 2027 yil 1 oktabrga qadar bo‘lgan davrda konsullik yig‘imini to‘lashdan ozod qilish kabi yana qator imtiyozlar nazarda tutilgan.

Deputatlar qonun loyihasining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati yuqori ekanini alohida ta’kidlab, qonun loyihasini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar orasida eng dolzarblaridan biri “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasidir.

Dunyoning eng rivojlangan davlatlarida hamma uchun ham faxr, ham g‘urur bo‘lgan kasb bu pedagoglikdir. Mamlakatimizda ham pedagog kasbining ahamiyati va nufuzini oshirish, ularning moddiy turmush sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda.

Shularga muvofiq tarzda pedagog xodimning jamiyatdagi maqomini yuksaltirish, ularning faoliyati bilan bog‘liq huquqiy kafolatlarini mustahkamlash qonun loyihasidan ko‘zlangan asosiy maqsad hisoblanadi.

Qonun loyihasi bilan quyidagilar taklif etilmoqda:

pedagog xodimni lavozim majburiyati va kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilishni taqiqlash;

davlat ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tishi;

pedagog xodimning kasbiy faoliyati davomida yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan ta’minlanishi;

ellik olti ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan uzaytirilgan ta’til berish kabi bir-biridan muhim bo‘lgan me’yorlar nazarda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari pedagoglarning maqomi oshishi, huquqiy himoyasi mustahkamlanishi Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlariga xizmat qilishi, qonun loyihasi jamiyatda yangicha muhit shakllanishiga asos bo‘lishini ta’kidlashdi.

Yig‘ilishda Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining bir guruh a’zolari tomonidan qonun tashabbuskorligi huquqi asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokama etildi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish haqidadir.

Xususan, Mehnat kodeksining 208-moddasiga qo‘shimcha ravishda o‘z saflarida 5,5 milliondan ziyod xodimlarni birlashtirgan eng yirik jamoat tashkiloti hisoblanadigan kasaba uyushmalari kuni sifatida belgilashga qaratilgan o‘zgartish kiritish nazarda tutilmoqda.

Xususan, 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni ishlanmaydigan bayram kuni sifatida kodeksda belgilab qo‘yilishi kutilmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasi haqida fikr-mulohazalarini bildirib, qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qilishdi.

 

O‘zbekiston XDP Axborot xizmati

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish