Mustahkam ijtimoiy birdamlik

 

Avvalambor, 2023 yil 30 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Referendumida faol ishtirok etgan va o‘z fuqarolik burchlarini sidqidildan bajargan barcha fuqarolar, ayniqsa, yoshlar, ayollar, muhtaram nuroniy otaxon va onaxonlarimizga, partiyamiz a’zolariga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz!

Mazkur referendum inson huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lidagi islohotlar davomiyligini ta’minlash, Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi.

Zero, xalq hokimiyatini mustahkamlash, davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, davlat organlarining xalq bilan bevosita muloqot asosida faoliyat yuritishini kafolatlash hayotiy zaruratga aylangan edi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Buning uchun mustahkam asoslarimiz va aniq siyosiy maqsadlarimiz ham bor edi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik va demokratiya mezonlariga mos keladigan ijtimoiy demokratik davlat barpo etish haqidagi bosh dasturiy maqsadi Konstitutsiyamizni takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlariga har tomonlama mos keladi.

Konstitutsiyaviy islohotlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi aholining, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha kafolatlarni mustahkamlaydi. Bu partiyamizni konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishning barcha jarayonlarida faol ishtirok etishga undadi.

Butun respublikamizdagi partiyamiz faollari, deputatlar va elektorat vakillaridan olingan 3 mingdan ortiq takliflarning aksariyati mazmunan yangilanayotgan Konstitutsiyada o‘z ifodasini topishiga erishdik.

Shu bilan birga, Bosh qomusimizda aks etmagan g‘oya va takliflarimiz bo‘yicha deputatlik korpusi orqali amaliy sa’y-harakatlarni davom ettiramiz.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yilgani partiyamizning bosh dasturiy maqsadlariga muvofiqdir.

Elektoratimiz huquq va manfaatlari bir qator moddalarda aniq ifoda etilayotganini ham alohida ta’kidlash joiz.

Xususan, Konstitutsiyamizning 42-moddasida har kim mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqiga ega ekani kafolatlandi.

43-moddada davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoyalash, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan olishga haqli ekani 48-modda bilan kafolatlandi.

Umuman, davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 barobarga oshdi. Bu yangi Konstitutsiyamiz xalqimizga, partiyamiz elektoratiga yanada foydali bo‘lishini anglatadi.

Partiyamizning 1200 nafardan ortiq targ‘ibot guruhlari a’zolari, 1600 nafarga yaqin deputatlari, 10 mingga yaqin boshlang‘ich tashkiloti, 300 mingga yaqin faol ayollar va yoshlar qanoti a’zolari ishtirokida respublikamizning barcha hududlarida Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan muhim siyosiy-huquqiy tadbirlar o‘tkazildi.

Referendum bilan bog‘liq jarayonlar xalqimizning siyosiy jarayonlarga, mamlakatimiz taqdiri va kelajagiga daxldorligi har qachongidan oshganligi, ijtimoiy birdamlik tuyg‘usi kuchayganini ham ko‘rsatdi.

Fuqarolarning fundamental huquqlaridan foydalanishi bilan bog‘liq jarayonlarda xalqaro normalarga, milliy qonunchiligimizga qat’iy amal qilinishi Xalq demokratik partiyasi uchun prinsipial ahamiyatga egadir.

Shuning uchun barcha referendum o‘tkazuvchi uchastkalarda partiyamizning 10 mingdan ortiq kuzatuvchilari faoliyat olib bordi. Partiyamizning kuzatuv natijalariga ko‘ra, referendum jarayonida ayrim tashkiliy masalalarda kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Lekin fuqarolarning ustuvor huquqi – siyosiy xohish-irodasini bildirishiga monelik qiladigan, xalqaro va milliy qonunchilik talablari qo‘pol tarzda buzilishi bilan bog‘liq holatlar haqida ma’lumotlar kelib tushmadi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi umumxalq referendumi umume’tirof etilgan demokratik tamoyillarga mos ravishda, qo‘llab-quvvatlov ruhida o‘tganini ta’kidlaydi.

Xalq demokratik partiyasi referendum natijalarini xalqimiz siyosiy irodasining oliy ifodasi, deb biladi.

Shuningdek, Konstitutsiyamizda belgilangan yangi me’yorlar hayotimizda aks etishi, xalqimiz, elektoratimiz huquq va manfaatlariga xizmat qilishi uchun, shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kirmay qolgan masalalar bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish uchun partiyamiz parlament va mahalliy Kengashlarda o‘zining siyosiy faoliyatini izchil davom ettiradi.

Ishonamizki, yangilangan Konstitutsiyamiz Yangi O‘zbekistonning huquqiy tayanchi, xalqimiz birdamligi va farovonligi kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

 

Ulug‘bek INOYATOV,

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Markaziy Kengashi raisi.

«O‘zbekiston ovozi», 3.05.2022, №16

 

 

 

Teglar

Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati Konstitutsiyaga taklif
← Roʻyxatga qaytish