Xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir

 

Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira- kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi-muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi.

Qadr insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi.

Bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib, o‘z hayotini aziz Vatanimizning har tomonlama ravnaq topishi, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jonini fido qilgan ajdodlarning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash bag‘rikeng va olijanob xalqimizga xos azaliy qadriyatdir. 9 mayni Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.

Xotira va Qadrlash kuni chinakam milliy-umumxalq bayramiga aylandi. Bu bayramda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotiralanadi, Afg‘oniston urushida halok bo‘lganlar ruhi yodga olinadi. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.

Inson bor ekan, xotira muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan hech bir kishini xotirasidan chiqarmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida alohida ta’kidlanganidek, “Butun dunyoda millionlab insonlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan, mislsiz yo‘qotishlar, talafot va musibatlar olib kelgan II jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli, qonli qirg‘in bo‘lganligi bugun barchamizga ma’lum. Ushbu beshafqat urush millionlar insonlarning yostig‘ini qurutdi, janglardan qaytganlari ham butun umr urush dahshatlari yodi bilan yashab o‘tganliklarini xalqimiz aslo yodidan chiqarmaydi”.

Kunlar kunlarni, yillar yillarni quvib, bu ko‘hna charxi falak shu sirli koinot yaralganidan beri aylangani aylangan. Insonning abadiy-boqiy emasligi ongimizda xotira degan tushunchani paydo qilgan bo‘lsa, ajab emas. Negaki, xotiragina o‘tganlarni eslash, bugunni kechaning yodi bilan to‘ldirish, ya’ni uni yanada boyitish imkonini beradi. Xotira-odamlarning vafotidan keyin ham bu dunyoda yashashi uchun imkon beradigan birdan-bir makondir. Tiriklar xotirasida yashashga intilish ilinji kishini tarbiyalaydi. Uni ezguliklarga, kishilarning biror bir koriga yarab qolishga, umrni zoye ketkazmaslikka undaydi. Xalq hech qachon yaxshi farzandlarini esdan chiqarmaydi. Xalqning xotirasiz yashashi aslo mumkin emas. Bu har qanday kishini ma’nan rag‘batlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu-yurtga sadoqat va qat’iyat bilan xizmat qilishga undaydi.

Zero, xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.

 

Dilbar Mamadjanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish