Mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan referendumda fuqarolarimiz nafaqat Konstitutsiyamizning yangi tahririni qabul qilishdi, balki o‘zlarining faol fuqarolik pozitsiyasini va yuksak siyosiy salohiyatini namoyon etib, kelajakda qanday davlatda yashash istaklarini namoyon etdilar.
Xalqimiz qabul qilgan Konstitutsiyada O‘zbekiston o‘zini “ijtimoiy davlat”, deb e’lon qildi. Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq, davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar ko‘paytirilayotgani birinchi navbatda partiyamiz elektorati bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining ustuvor huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Keyingi yillarda yaratilgan ijtimoiy himoya tizimi kafolatlarining Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishini xalqimiz tarixiy yutuq, deb qabul qilinganini hududlarda, mahallalardagi uchrashuvlarimizda ko‘rdik.
Ta’kidlash joizki, qat’iy siyosiy iroda bilan bunyod etilgan ijtimoiy himoya tizimi ehtiyojmand toifalarning hammasini qamrab olyapti. Davlat hammaga bir ko‘z bilan qarab yordam bermoqda.
Dunyodagi tang ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatda fuqarolarni ijtimoiy himoyalash masalasi katta-katta davlatlarda ham qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Shunday murakkab holatda davlatimiz qanchadan-qancha yangi bog‘chalar, ijtimoiy obyektlar, har yili yuz minglab yangi maktab o‘quvchi o‘rinlarini yaratish choralari ko‘rilishi haqida aytdingiz.
Har qanday vaziyatda ham farzandlari kelajagi haqida qayg‘uradigan ota-onalarimiz buning ahamiyati va qadrini yaxshi anglab turishibdi.
Konstitutsiyaning muhim yangiligi shundaki, davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari asosida amalga oshirishi belgilanganidir.
Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oyalari Konstitutsiyada aks etganligi partiyamizga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Uning asosida dasturlarimizni yangilashimiz va boyitishimiz kerak bo‘ladi.
Partiyamiz a’zolari, deputatlar Konstitutsiyaning har bir moddasini va normasini hayotga to‘laqonli tatbiq etilishini ta’minlash maqsadida sidqidildan mehnat qilishga tayyor.
Har qanday saylov – bu siyosiy partiyalar uchun imkoniyat. Partiyalar o‘zining dasturini xalq oldiga olib chiqish, uning hohish-istaklarini bilish, faollari va o‘z elektoratini kengaytirish, shu bilan birga, siyosiy platformasini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu asoslarga ko‘ra, Xalq demokratik partiyasi muddatidan ilgari Prezident saylovlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Qonunchilikka muvofiq tarzda muhim siyosiy jarayonga munosib hozirlik ko‘rishini ma’lum qiladi.
Ulug‘bek Inoyatov,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi.
«O‘zbekiston ovozi», 9.05.2022, №17