Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuvni katta hayajon bilan kuzatdik. Unda davlatimiz rahbari referendum yakunlari, mamlakatimizning yaqin kelajakdagi taraqqiyoti va rivojlanish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ta’kidlanganidek, 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendum mamlakatimiz hayotida ulkan tarixiy voqea bo‘ldi. Birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiya qabul qilindi.
Referendum xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi naqadar yuksalganini amalda ko‘rsatdi. Ushbu tarixiy tanlov orqali xalqimiz bundan olti yil oldin boshlagan islohotlarga katta ishonch bilan qarab, ularni to‘la qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi. Zero, Konstitutsiya loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol va munosib ishtirok etdi.
Konstitutsiyaviy islohotlar zamirida avvalo, yurtdoshlarimizga munosib hayot darajasini yaratish, haq-huquqlarini himoya etish, o‘lim jazosini taqiqlash, xususiy mulk huquqini kafolatlash, qiynoqqa solishlarni oldini olish, sud qarorisiz majburiy ushlab turishga barham berish, tazyiqlar, tahqirlarga chek qo‘yish, tadbirkorlikka g‘ov bo‘ladigan har qanday illatlar bilan murosa qilmaslik kabi insonparvar maqsadlar mujassamlashgan. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz.
Yangilangan Konstitutsiyamizning birinchi moddasida O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb, qat’iy belgilab qo‘yilgani tarixiy ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, xalqimizning xohish-irodasi bilan Asosiy qonunda muhrlangan bu prinsiplar – mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li va taqdirini, uning kelajagini belgilab bergan ushbu “beshta ustun” hech qachon o‘zgartirilmaydi.
Davlatimiz rahbari nutqidagi kutilmagan yangilik Prezidentlik saylovining muddatidan ilgari o‘tkazilishi borasidagi e’lon bo‘ldi. Yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasida mamlakat Prezidentiga berilgan vakolatdan foydalanib, davlatimiz rahbari bu haqdagi muhim farmonni imzoladi. Savol tug‘iladi. Muhtaram Prezidentimiz nima uchun qolgan uch yarim yillik Prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusi bilan voz kechayapti? Birinchidan, yangilangan Konstitutsiyadan keyin davlatimiz rahbari xalqning ishonch mandatiga yana bir bor erishishni ko‘zlayapti. Ikkinchidan, Asosiy qonunimizga muvofiq, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda. Uchinchidan, yangilangan Konstitutsiyamiz Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qo‘ymoqda. To‘rtinchidan, xalqimiz davlatdan barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb o‘zgarish va islohotlarni kutmoqda. To‘rtinchidan, davlat va xalq manfaatlari Prezident Shavkat Mirziyoyev uchun hammasidan ustun turgan. Shuning uchun o‘z vakolati muddatini qisqartirib, muddatidan ilgari saylov o‘tkazishga qaror qildi, deb o‘ylayman.
Asosiy qonunimizda xalq – davlat hokimiyatining birdan-bir manbai, deb bejiz yozilmagan. Shu nuqtai nazardan, yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz ishonchi muhim o‘rin tutadi. Busiz yangi O‘zbekistonni qurishdek islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonsiz. Demakki, Konstitutsiyamizning yangi tahriri va navbatdan tashqari saylovlar jamiyatimizda siyosiy barqarorlikni mustahkamlashga, ochiqlik va shaffoflikni, xalqning hokimiyat idoralariga nisbatan ishonchini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu saylovlar butun siyosiy tizimni tubdan «qayta yuklash»ga olib keladigan saylov siklini boshlaydi. Bu barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, fuqarolar farovonligi va turmush sifatini oshirish bo‘yicha uzoq muddatli vazifalarni hal etishga e’tiborimizni yanada kuchaytirish imkonini beradi. Davlatimiz rahbari aytganlaridek, saylov adolatli, ochiq, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning keng ishtirokida o‘tkaziladi.
Dilorom Imomova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.