Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2023 yil I chorak yakuni to‘g‘risidagi xukumat hisobotini muhokama qildi.
Avvalo, Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar asosida hukumat tomonidan barcha yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani alohida e’tirof etildi. Ta’kidlash lozimki, hukumat tomonidan Davlat dasturini ijrosida, Xalq demokratik partiyasining elektorati uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan — Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishlarida e’tirofga loyiq ishlar amalga oshirilgan.
Hisobotda keltirilishicha, o‘tgan davr mobaynida davlat budjeti jami xarajatlari 47,3 trln so‘mni, shundan ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan harajatlar 18,1 trln so‘mni tashkil qildi. Ushbu sarflangan xarajatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,3 foizga oshgan. Respublika bo‘yicha og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 78 mingga yaqin ishsiz xotin-qizlarning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Ularni kasb-hunarga o‘qitish choralari ko‘rilmoqda. Ayollar daftariga kiritilgan 1 mln 680 ming xotin-qizning 225 mingdan ziyodiga toifalarga ajratilgan holda yordam ko‘rsatilgan.
Reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish maqsadida 46 ta tumanlararo perinatal markazlarni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha tegishli shartnomalar imzolangan.
Aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi umummilliy harakatini amalga oshirish dasturi tasdiqlandi. Unga binoan aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Yig‘ilishda hukumat kelgusida ayrim masalalarga alohida e’tibor qaratishi zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yilning birinchi choragida 59 ta topshiriqning ijrosini ta’minlash belgilangan, hisobot davrida ulardan 53 tasi bajarilgan. Joriy yilning birinchi choragida bajarilishi lozim bo‘lgan 6 ta bandning ijrosi yuzasidan tegishli hujjat loyihalari ishlab chiqish bilan cheklanilgan. Hukumat Davlat dasturida belgilangan ushbu vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratishi lozimligi qayd etildi.
Davlat dasturida joriy yilning aprel-may oyida ijrosi ta’minlanishi belgilangan, Xalq demokratik partiyasi elektorati uchun muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalarga alohida etibor qaratishi zarurligi ta’kidlandi.
Jumladan, Davlat dasturning 264-bandida muddati aprel oyiga belgilangan aholining kambag‘allik holatidan chiqishi uchun motivatsiya berish, taqdim etiladigan moliyaviy va nomoliyaviy yordam hamda xizmatlarning natijadorligini oshirish, shuningdek, tomonlarning majburiyatlarini belgilash maqsadida “ijtimoiy shartnoma” mexanizmini amaliyotga joriy etish;
146-bandidagi ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarning 160 ming nafarini talabgor kasblarga o‘qitish hamda ulardan kamida 5 ming nafarining kasbiy malaka darajasi tasdiqlash va ularga malaka pasportlarini taqdim etish;
177-banddagi reabilitatsiya markazlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya choralari bilan qamrab olish ko‘lamini 5 baravarga oshirish;
Dasturning 16-bandida ko‘rsatilgan talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashish imkoniyatlarini beruvchi, Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan bepul elektron xizmatni joriy etish kabi masalalar ijrosiga alohida e’tiborni kuchaytirish zarurligiga alohida urg‘u berildi.
Fikr-mulohaza, savol-javob hamda takliflar asosida Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hukumat hisobotini qo‘llab-quvvatladi.