O‘zbekistonda kambag‘allik muammosini hal etish ijtimoiy siyosatda alohida o‘rin egallaydi, unga qarshi faol kurash 2020 yilda, mamlakatimiz ushbu holatni rasman tan olgan paytda boshlangan edi. Shundan beri aholining ehtiyojmand qatlamini manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida ma’lumotlar bazalari shakllantirildi.
2021 yildan boshlab kam ta’minlanganlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritish orqali hisobga olish mexanizmi joriy etilgan. 2017 yilda kam ta’minlangan 500 ming oilaga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 2,3 milliondan ziyodni tashkil qilmoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar hajmi yetti baravar oshirilib, yiliga 13 trillion so‘m (1,1 mlrd. dollar)ga yetdi.
Mamlakatimiz Prezidentining o‘tgan yil 20 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish va kambag‘allikni qisqartirish maqsad qilingan. Shundan kelib chiqib, ijtimoiy sohaga davlat xarajatlarini oshirish vazifasi qo‘yildi. Xususan, 2018 yilda ular 35 trln., 2019 yilda 61,3 trln., 2020 yilda 74,2 trln., 2021 yilda 85,3 trln. so‘mni tashkil etgan. 2022 yilda esa 105,5 trln. so‘m yo‘naltirilgan.
Joriy yilning 25 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti raisligida kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida keltirib o‘tilgan ma’lumotlar mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish jarayonlari natijador bo‘lib, yuqori samaradorlikni namoyish etayotganini ko‘rsatdi. Xususan, 2022 yil yakunlariga ko‘ra kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga kamaydi. Yangi ish o‘rinlarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Yil davomida 200 mingga yaqin tadbirkorlik subyektlari tashkil etilib, 10 mingta korxonaning faoliyati kengaytirildi va 11 mingta korxona quvvati tiklandi. Davlat dasturlari, jumladan, aholini kasb-hunarga o‘qitish, mahallalarda tadbirkorlikka ko‘maklashish sohasida amalga oshirilayotgani natijasida 1 million kishi kambag‘allikdan olib chiqildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 may kuni o‘tkazilgan kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, davlatimiz siyosatida inson manfaatlari, ijtimoiy adolat tamoyillari ustuvor. Shu boisdan ham aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik borligi tan olinib, uni qisqartirish bo‘yicha alohida tizim joriy qilindi. Natijada bu yil birinchi chorakda 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi. Har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion so‘m kredit va 1 trillion 500 milliard so‘m subsidiyalar ajratilayapti. Ammo bu natijalar hali yetarli emas. Kambag‘allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, kasbga tayyorlash va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratilgan kompleks vazifadir. Shu bois yig‘ilishda bu borada yangi bosqichga o‘tish, rag‘bat choralarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, kambag‘allikni kamaytirishning eng muhim yo‘llaridan biri bu tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash. Chunki ular yaratgan daromadli ish o‘rinlari kambag‘allikni kamaytirishga yordam beradi. Oxirgi besh yilda yurtimizda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga ko‘paydi. Bu – bitta tumanda 2,5 mingdan ortiq yoki bir mahallada 50 nafardan tadbirkorlar sinfi shakllandi, degani. Agar davlat bu tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilib, ularni qo‘llab-quvvatlasa, joylarda bandlikni hal qilish imkoniyati ortadi. Masalan, aholini kasb-hunarga o‘qitish uchun har yili davlat tomonidan 200 milliard so‘m ajratilyapti. Lekin bu mablag‘lar tadbirkor bilan bog‘lanmagan. Xuddi shunday, tadbirkor ham yiliga katta xarajat qilib, o‘zi uchun minglab mutaxassis tayyorlashga majbur. Lekin, bunda davlat qo‘llab-quvvatlovi yo‘q. Buning birdan-bir to‘g‘ri yechimi – tadbirkorga sharoit yaratib, ular bilan manfaatli hamkorlik qilish. Bu orqali ham bandlikni ta’minlash, ham malakali mutaxassis tayyorlash mumkin. Shu maqsadda 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Unda ishtirok etish ixtiyoriy bo‘ladi. Dasturga 2023-2024 yilda jami 1 milliard dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar hisobidan tadbirkorga kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilishiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi. Tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi. 5 million so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravar kamaytiriladi. Kambag‘al oila a’zosi ham daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Shuningdek, soliq va bojxona ma’murchiligida ham yengilliklar nazarda tutilmoqda. Xususan, bunday tadbirkorlar faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Ularga qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda ortiqcha to‘langan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi. Barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib to‘lash imkoni beriladi. Bojxona rasmiylashtiruvida “yashil yo‘lak” tartibi qo‘llaniladi. Dasturga kirgan tadbirkorlarga infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan ta’minlashda qo‘shimcha yengilliklar beriladi. Masalan, yer va bino-inshootlarni xususiylashtirishda bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Qiymati 50 milliard so‘mdan yuqori loyihalar bo‘yicha infratuzilma xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Yig‘ilishda ushbu yangi tizim asosida joriy yilda 550 ming aholini o‘qitib, kambag‘allikdan chiqarish mumkinligi aytildi.
Tahlillarga ko‘ra, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoyning tajribasi e’tiborga molik. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga u yerdan ekspertlar jalb qilindi. Endi Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan tumanni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishi belgilandi. Bunda kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga e’tibor qaratiladi.
Xitoy hukumatining kambag‘allikka qarshi kurashdagi tajribasi haqida so‘z ketar ekan, mamlakat qishloqlarida qashshoqlik darajasida yashayotgan salkam 100 million aholi 2020 yilga kelib qashshoqlikdan chiqarilgan. Shuningdek, qishloqlarda yashovchi 700 million aholi kambag‘allikdan chiqarildi.
Kambag‘allikni qisqartirish aholiga kredit ajratish bilan hal bo‘ladigan muammo emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga o‘qitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uyg‘otish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini o‘qitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa to‘lash tizimini joriy qilish zarur.
Oybarchin Abdullayeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.