Joriy yilning 22 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda adolatni qaror toptirish maqsadida keyingi yillarda sud-huquq sohasini tubdan isloh etishga qaratilgan keng qamrovli tashkiliy-huquqiy tadbirlar amalga oshirildi.
Sud ishlarini yuritish jarayonida huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish natijalariga ko‘ra yangi institutlar joriy etildi, fuqarolar huquqlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida yarashuv, dastlabki eshituv, mediatsiya, shuningdek sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish kabi institutlar takomillashtirildi.
Mazkur qonun loyihasidagi normalar sudyalarning mas’uliyatini oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlarining hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, ortiqcha sarsongarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda adolatga, qonun ustuvorligigiga ishonch hissi yuksalishiga xizmat qilishini qayd etib, uni ma’qulladilar.
Muhokamalarga boy bo‘lgan yig‘ilishda Hisob palatasining 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ham atroflicha muhokama qilinib va qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan masalalar ko‘rib chiqildi va tegishli qarori qabul qilindi.