Bo‘lg‘usi nomzod dasturiga takliflar olinmoqda

 

Saylov bu mamlakatning, xalqning yaqin kelajakdagi taqdirini belgilaydigan juda katta siyosiy jarayon. Xalqimiz saylovda qaysi g‘oyalarga ovoz bersa, o‘sha g‘oyalar ularning hayotida bugungi kunning ustuvor masalalari ekanligini ham ko‘rsatadi. Shuning uchun saylov fikrlar, qarashlar, g‘oyalar raqobati yordamida xalq xohish-irodasining namoyon bo‘lishidir.

Shu ma’noda Prezident saylovi davlatimizning kelgusi taraqqiyoti, xalqimizning ertangi kuni bilan bog‘liq dolzarb jarayon hisoblanadi.

 

— Har bir siyosiy partiya shu yurtning, shu elning koriga yarash, og‘irini yengil qilishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Faqatgina ular o‘z pozitsiyalaridan kelib chiqib, ya’ni elektorati manfaatlarini inobatga olgan holda o‘z saylovoldi dasturlarini ishlab chiqadi. Partiyalararo raqobat aholining siyosiy va fuqarolik faolligi kuchayib borayotgan bir sharoitda o‘sib bormoqda.

Qoraqalpog‘istonda ham barcha tuman va shaharlardagi partiyamiz kengashlari, boshlang‘ich tashkilotlarimiz, faollarimiz saylov bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy jarayonlarni qizg‘in davom ettirmoqda.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston respublika kengashining plenumida partiyamizning Prezident saylovida ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar plenum a’zolari fikr-mulohazalari asosida atroflicha ko‘rib chiqildi.

Plenum kun tartibiga partiyamiz tashkiloti va guruhlarining saylovda munosib ishtiroki hamda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Qurultoyiga Qoraqalpog‘iston respublika partiya tashkilotidan delegatlarni saylash to‘g‘risidagi masalalar muhokama etildi.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston respublikasining barcha hududlarida partiyamizdan ko‘rsatilayotgan nomzod uchun imzolar yig‘ish ishlari faol olib borilmoqda. Jarayon Qoraqalpog‘iston respublikasining barcha shahar va tuman kengashlari, 650 dan ziyod boshlang‘ich partiya tashkilotlarida a’zolar, xayrixohlarimizning faol ishtirokida o‘tmoqda. Shuningdek, partiyamizning 100 dan ortiq deputatlari ham faollik ko‘rsatmoqda.

Joylarda tashkillashtirilayotgan imzo yig‘ish jarayonlarida fuqarolarning faolligi yildan-yilga oshib borayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Imzo yig‘ish saylov qonunchiligiga binoan o‘tayotgani bilan birga, fuqarolarning xohish-irodasini erkin ifodalash imkoniyatini ko‘rsatmoqda.

Partiyamizdan bo‘lajak nomzodning saylovoldi dasturini shakllantirish bo‘yicha joylarda uchrashuv va muloqot tadbirlarida qator takliflar berilmoqda. Takliflarning aksariyati pratiyamiz dasturiy maqsadlariga, elektoratimiz huquq va manfaatlariga mos ekani, kuchli ijtimoiy siyosat masalalariga bevosita taalluqli ekani fuqarolarning siyosiy-huquqiy xabardorligi va talabchanligi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda. Asosiysi, fuqarolarimizda g‘oya va tashabbuslarning mohiyatini anglash va o‘zlari uchun alternativlar izlash ko‘nikmasi borgan sari chuqurroq ildiz otayotgani sezilmoqda.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Qoraqalpog‘iston respublikasidagi a’zolari saylovga tayyorgarlik ishlarini bundan keyingi bosqichlarda ham qizg‘in davom ettiradi.

 

Xalilla Yeshimbetov,

O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston respublika kengashi raisi.

«O‘zbekiston ovozi», 24.05.2022, №19

 

 

 

Teglar

Saylov Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish