Toshkent. Vatanimiz poytaxti bo‘lgan bu bosh shahar nafaqat o‘z go‘zalligi, chiroyi bilan maftun etgan, balki imkoniyatlari bilan ham odamlarni ohanraboday o‘ziga chorlab keladi. Shundan bo‘lsa, hamisha ko‘chalar gavjum, shovqinli. Doim kimdir qayoqqadir shoshgan, nima bilandir band. Umuman, shahar tunu kun harakatda.
Bugun poytaxtimizning doimiy ro‘yxatda turuvchi aholisining soni o‘rtacha 3 million, deb oladigan bo‘lsak, vaqtincha yashovchilar, talabalar, mehmonlar, malaka oshiruvchilar, turistlar bilan bu raqam 4-5 millionga qarab ketishi turgan gap. Shuncha odamning qornini to‘ydirish, ularga transport xizmat ko‘rsatish, umuman, yashash ehtiyojlarini qoplab berishning o‘zi bo‘lmaydi, albatta. Ayniqsa, boshpana masalasi bunda alohida ahamiyat kasb etadi.
Sir emaski, toshkentliklarning hammasi ham shaxsiy uy joyiga ega emas. Vaqtincha yashovchilar ham. Shuning uchun ijara uyda yashashga ehtiyoj yuzaga keladi.
Masalan, poytaxtimiz hamda viloyatlarning ma’muriy va yirik sanoat markazlari joylashgan shaharlarda ishlovchi xodimlarning aksariyati boshqa joydan kelgan bo‘ladi. Poytaxtga viloyatlar, viloyatlarga esa tumanlardan kelib ishlovchi xodimlar salmoqli qismni tashkil etadi. Natijada katta shaharlarda ijaraga ehtiyoj, tabiiyki, narx ham oshib ketadi. Masalan, Toshkentdagi ijara narxlari o‘tgan yilda birmuncha oshib ketdi. Xonadonning sharoiti, joylashgan manziliga qarab o‘rtacha 200-700 AQSh dollari atrofida. Asosan 1 va 2 xonali uylarga talab yuqori bo‘lgani uchun bu ikkisi o‘rtasidagi farq ham ko‘p katta emas.
Ikkinchi bir masala esa tomonlar o‘rtasidagi kelishuv bilan bog‘liq. Ko‘pincha ijara berish ishlari ijara shartnomasiz amalga oshirilayotgani sababli huquqlar paymol bo‘lishi holatlari uchrab turadi. Masalan, ijaraga oluvchi ijara to‘lovini o‘zi xohlagan shaklda naqd pul, plastik karta hamda pul o‘tkazish orqali amalga oshira ololmaydi. Yoxud uy egasi uni istalgan paytda chiqarib yuborishi, narxni oshirishi kabi nohaqliklar ham yo‘q emas.
Shular inobatga olingan holda, Toshkent shahrida hamda viloyatlarning ma’muriy va yirik sanoat markazlari joylashgan shaharlarida tijorat banklari yoki boshqa mablag‘lar hisobidan ko‘p qavatli ijara uylarini qurish tizimi yo‘lga qo‘yilsa maqsadga muvofiq. Bu haqda qator fikr va takliflar bir necha yillardan aytilmoqda.
Ularga ko‘ra, ijtimoiy ijara uylari qurish va aholining oylik daromad miqdoridan kelib chiqib, narx belgilash kerak. Bu tizim boshqa ko‘plab davlatlarda allaqachon mavjud va ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand kishilarga ko‘mak bermoqda.
Ijtimoiy uy-joy - fuqarolarga mulk huquqiga ega bo‘lmagan uy-joy bilan ta’minlanish usuli. Uy yoki kvartiraning egasi davlat yoki munitsipalitet hisoblanadi. Turli mamlakatlarda ushbu tizimning ishlashi uchun turli xil mexanizmlar mavjud va asosiy farqlar fuqarolarni ushbu turdagi uy-joy bilan ta’minlash sabablari ro‘yxatida yotadi. Bundan tashqari, narx belgilashga, shartnoma shartlariga va boshqa jihatlarga yondashuv sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Ijtimoiy uy-joylar fuqarolarga bozor narxidan bir yoki ikki baravar past narxda ijaraga beriladi.
Ijtimoiy uy: Moskva (Rossiya) |
Misol uchun, Rossiya poytaxti Moskva shahrida 2022 yilda 1 kv. m maydonga qarab 9-32 rublni tashkil etdi, tijorat ijarasi esa «kvadrat» uchun 900 rubldan boshlanadi. Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, fuqarolarning daromadlari mintaqada belgilangan darajadan oshmasa, kam ta’minlangan, deb e’tirof etiladi. Odatda bu ko‘rsatkich yashash minimumiga teng bo‘lib, o‘z navbatida, mamlakat bo‘ylab katta farq qiladi.
Ijtimoiy uy: Minsk (Belorus) |
Belorus respublikasi Uy-joy kodeksiga ko‘ra, ijtimoiy foydalanish uchun mo‘ljallangan turar joy binolari - bu davlat uy-joy fondidan foydalanish uchun to‘lov olinmagan holda beriladigan uylar ekani belgilangan. Ya’ni, davlat uy-joy fondidan ijtimoiy foydalanish uchun turar joy binolarini ijaraga berish shartnomasi shartlariga muvofiq fuqarolarga beriladigan davlat uy-joy fondining tipik iste’mol sifatiga ega turar joy binolari ekani ko‘rsatilgan. 2022 yilda Minskda budjet mablag‘lari hisobidan umumiy maydoni 1,9 ming kvadrat metr bo‘lgan 44 ta bir xonali ijtimoiy kvartiralar qurildi. Belorusda ijtimoiy uy-joy fuqarolarning ayrim toifalari tomonidan muddatsiz ijara shartnomasi shartlarida olinishi mumkin. (Minskdagi Sharangovich - Goretskiy - Rafiyev ko‘chalari chegaralarida qurilgan, 10 qavatli ikki kirishli bino 80 xonadonga mo‘ljallangan.)
Agar siz Germaniyada doimiy yashash huquqiga ega bo‘lsangiz va sizning daromadingiz ma’lum darajadan oshmasa, u holda sizda «ijtimoiy» uy-joy deb ataladigan subsidiya olish imkoni bor. Ko‘p odamlar ushbu turdagi uyga ko‘chib o‘tishni xohlashadi. Shuning uchun ba’zan ijtimoiy uy-joy olish uchun oylar yoki hatto yillar kerak bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy uy: Germaniya |
Buyuk Britaniyada ijtimoiy uylar, aniqrog‘i, subsidiyalangan kengash uylari - dolzarb mavzu. Muhtojlar ko‘p va ularga yordam berish imkoniyatlari deyarli har doim kechikib qoladi. Ijtimoiy uy-joy qurilishi hajmini oshirish talabi uni qurmoqchi bo‘lgan hududlar aholisining noroziligiga va quruvchilar tomonidan sokin «sabotaj»ga duch kelmoqda. Shunga qaramay, ijtimoiy uy-joy masalalarini muhokama qilish ko‘pincha sekin senzuraga duchor bo‘ladi. Shunga qaramay, hukumat ushbu muammoga barchani rozi qiladigan yechim topishga urinib kelmoqda.
Ijtimoiy uy: Lenton, Nottingem (Buyuk Britaniya) |
Bugun bizning yurtimizda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini uyli qilish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani rost. Buning natijasida yuzlab yoshlar, minglab opa-singillarimiz o‘z boshpanasiga, uzoq yillik orzulariga erishdi. Ammo arzonlashtirilgan shakldagi ijara uylariga ham ehtiyoj mavjudligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Ushbu sohani rivojlantirish maqsadida mamlakatimizda bir qator huquqiy-me’yoriy hujjatlar mavjud. Mazkur turdagi munosabatlar hamda huquqlar Uy-joy, Shaharsozlik kodekslari, Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida, Ijara to‘g‘risida, Ipoteka to‘g‘risidagi qonunlari doirasida amalga oshiriladi. Ushbu qonunchilik me’yorlaridan kelib chiqqan holda, ijtimoiy munitsipal uylar qurilsa va aholiga taqdim etilsa, boshpana bilan bog‘liq vaziyat yanada barqarorlashadi.
Joriy yilning birinchi yanvar holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida turar joy binolarini ijaraga berishning eng kam stavkalari 1 kv/m uchun oyiga 17 ming so‘m, noturar joylar uchun esa 35 ming so‘m etib belgilanyapti. O‘tgan yilga nisbatan stavka 10 foizga oshyapti.
Masalan, 60 kvadrat maydonga ega xonadonni 1 mln 20 ming so‘mdan (60 x 17 000) arzon narxga rasman ijaraga berib bo‘lmaydi. Ijara shartnomasidagi summa ijaraga beruvchining daromadini soliqqa tortishda hisobga olinadi (daromad solig‘ining stavkasi – 12 foiz). Bugungi kunda Toshkentda taxminan 1 million odam ijara uylarda yashaydi, deylik. Har 4 kishi bitta uyda tursa, buning uchun taxminan 250 mingta kvartira kerak bo‘ladi. Ularning har birini 40 kvadrat deb hisoblansa, ulardan olinadigan soliq miqdori o‘rtacha 20 milliard so‘mni tashkil qiladi va bu bir oylik miqdor.
Agar ushbu summaning bir qismi ijtimoiy uylarni qurish uchun ajratilsa, yaqin yillarda poytaxtimizda ijaraga uy topish bilan bog‘liq muammolarga barham beriladi. Muhimi, topgan daromadining katta qismi, hattoki yarmi ijara uchun sarflayotgan fuqarolarning hayotdan roziligi oshadi, yangi rejalar haqida o‘ylaydi, tiniq fikrlar, tashabbuslar tug‘iladi.
Yana bir jihati, ijarada turuvchilar ushbu ijara uylarini foydalanishga topshirgan tijorat banklarida o‘z hisob raqamlarini ochishadi va ushbu hisob raqamiga o‘zi xohlagan shaklda ijara pulini o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, o‘zi faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlardagi oylik maoshidan muntazam ravishda ijara to‘lovini to‘lashi ham mumkin. Uy-joylarning ham arzonlashtirilgan, ham istalgan to‘lov uslubida ijaraga berilishi natijasida naqd pul bilan bog‘liq masalalar, ko‘plab iqtisodiy-ijtimoiy, demografik va kadrlar muammolari ham hal samarali etiladi, degan xulosalar bildiriladi.
Umuman, ijtimoiy uy-joylar haqida turli fikrlar, har xil munosabat, turli davlatlarda turlicha yondashuv bor. Mamlakatimizda bu borada qanday yo‘l tutilishini vaqt ko‘rsatadiganga o‘xshaydi.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 24.05.2022, №19