2023 yil 29 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XIII Qurultoyi bo‘lib o‘tdi.
Unda partiya a’zolari tomonidan hududlardan saylangan delegatlar, partiya Markaziy Kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya faollari, ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Qurultoy kun tartibida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish hamda nomzodning dasturi to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
Sharofiddin NAZAROV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi:
— Bugun biz sizlar bilan yana bir muhim siyosiy tadbir – muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oldidan uchrashib turibmiz.
Bugungi yig‘ilishimizda partiyamizning ushbu saylov kampaniyasida muvaffaqiyatli ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilinmoqda, rejalar, dasturlar va g‘oyalar o‘rtaga tashlanmoqda.
Xalqimiz yakdillik bilan, ijtimoiy birdamlik bilan siyosiy jarayonga, mamlakatimiz taqdiri va kelajagiga daxldor bo‘lgan Konstitutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Yuqorida so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, partiyamiz referendum natijalarini xalqimiz siyosiy irodasining oliy ifodasi, deb biladi.
Barchamizga ma’lumki, Konstitutsiyamizga binoan Prezident saylovining asosiy subyekti siyosiy partiyalardir.
Demak, mamlakatimiz siyosiy maydonida o‘z o‘rni va mavqeiga ega, barcha saylovlarda faol qatnashib kelayotgan partiya sifatida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi saylovda o‘z nufuziga munosib tarzda ishtirok etishi lozim.
Yuqorida ta’kidlaganidek, mas’uliyatli siyosiy jarayonda munosib qatnashish uchun partiyamiz barcha imkoniyatlarini safarbar etadi, chunki salohiyatni to‘la ishga solish orqali kutilgan natijaga erishish mumkin.
Ulug‘bek Ilyasovich ko‘p yillardan beri davlatimiz va jamiyatimiz uchun fidokorona xizmat qilib kelmoqda. Uning ta’lim va partiyamiz rivojiga qo‘shgan hissasi katta.
Nomzodning dasturi bilan tanishar ekanmiz, partiyamizning elektorati manfaatlaridan kelib chiqib ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish etib belgilanganligini ko‘rish mumkin.
Bunda iqtisodiyotda davlatning faol roli va ishtirokini saqlab qolish kerakligi haqidagi takliflari moliyaviy inqirozlarning oldini olish uchun davlatning tartibga soluvchanlik funksiyalaridan to‘liq voz kechmaslikka xizmat qiladi.
Shu bilan birga, barcha turdagi jarima, davlat boji, yig‘im va boshqa to‘lovlarni alohida davlat organlarining budjetdan tashqari jamg‘armalarga emas, balki Davlat budjetiga yo‘naltirish lozimligi haqidagi g‘oyani alohida qayd etmoqchiman. Albatta, bu pullar Davlat budjetiga kelib tushishi va aholi o‘rtasida adolatli taqsimlanishi lozim. Bu o‘z navbatida alohida tor idoraviy manfaatlar orqasidan quvishni bartaraf etadi, davlat xizmatchisini undiriladigan jarimaga bog‘liqlikdan xalos etadi, xolislikni ta’minlaydi.
Dasturda e’tiborga sazovor yana ko‘plab g‘oyalar ilgari surilgan, lekin vaqt cheklanganligi sababli ularning barchasiga to‘xtalib o‘tolmayman.
Qadrli do‘stlar, bugungi qabul qilinadigan qarorlarni hamda partiyaning nomzodini qo‘llab-quvvatlagan holda, reja va dasturlar doirasidagi barcha tadbirlarning yuqori saviyada, saylov qonunchiligining asosiy tamoyil hamda talablariga mos ravishda o‘tishini ta’minlashga o‘z hissasimizni qo‘shamiz.
Olim RAVSHANOV,
XDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi deputati, partiya guruhi rahbari:
— Mamlakatimizda yana bir muhim siyosiy imtihon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Saylov, bu – shunchaki rasmiy tadbir emas, balki mamlakatimiz hayotidagi ulkan siyosiy voqea, Vatanimiz ravnaqi, taraqqiyoti, barchamizning ertangi kunimiz ayni mana shu bilan bevosita bog‘liq.
Shu bilan birga saylov siyosiy partiya uchun imkoniyat degani. Partiyamiz ham ushbu imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanishi kerak.
Partiyamiz uchun avvalgi yillarda bo‘lgani kabi, o‘sib borayotgan partiyalararo raqobat sharoitlarida tashkil etiladigan saylov kampaniyasi jiddiy imtihon bo‘lishi bilan birga o‘ylaymizki, hech shubhasiz, bugun ko‘rib chiqiladigan barcha masalalarning muhokamasi, partiyamiz oldida turgan ustuvor vazifalarni hal qilishning oqilona yo‘llarini belgilab olinishi kelgusida partiyamizning yuksak marralarga erishishiga sabab bo‘ladi.
Bu jarayonlarda Xalq demokratik partiyasining parlamentdagi fraksiyasi hamda xalq deputatlari kengashlaridagi partiyamiz guruhlari Prezidentlik saylovida faol ishtirok etadi.
Shu o‘rinda partiyamizdan Prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilayotgan Ulug‘bek Ilyasovich haqida ham to‘xtalib o‘tsam.
U kishi juda samimiy, oddiy, ochiqko‘ngil inson. Shu bilan birga, o‘z prinsiplariga sodiq, professional, qatiy siyosiy pozitsiyasiga ega, partiya elektorati manfaatlarini sobitqadamlik bilan ilgari sura oladi. Ko‘p sonli partiya a’zolari va aholi o‘rtasida hurmat va e’tiborga ega.
Bugun partiyamizdan Prezidentlikka nomzodning dasturi e’tiborimizga havola qilindi. Dasturda ijtimoiy davlat rivojlanishining istiqbollari izchillik bilan bayon etildi.
Ruxsat bersangizlar dasturning sud-huquq sohasini isloh qilishga qaratilgan ayrim jihatlariga to‘xtalsam.
Dasturda viloyat, tuman (shahar) sudlari raislarini har yili rotatsiya qilish amaliyotini joriy etishni to‘g‘ri taklif, deb hisoblayman. Sud hokimiyatining mustaqilligi va obyektivligini ta’minlashda kadrlarning almashib turilishi ahamiyati katta.
Bu o‘z navbatida korrupsiyaviy holatlarning oldini oladi, tanish-bilishchilik kabi salbiy, jamiyatni yemiradigan illatlarning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Shu bilan birga, “Xabeas korpus” instituti qo‘llanishini yanada kengaytirish, odil sudlovni amalga oshirishda hakamlar hay’ati institutini (sud prisyajnыx) joriy qilish haqidagi takliflari ham hozirgi zamon realliklariga mos keladi. Buning natijasida sud ishlarini ko‘rib chiqishda jamoatchilikning ishtiroki va xolislik ta’minlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Ulug‘bek Ilyasovich munosib nomzod, uni va uning dasturini qo‘llab-quvvatlayman.
Olim TO‘YCHIYEV,
O‘zbekiston Qahramoni, “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik ishlab chiqarish birlashmasi elektrda po‘lat eritish sexi po‘lat erituvchisi:
— Men ko‘p yillardan beri shu partiyaning a’zosiman. Bilasizmi, partiyaning bir bo‘lagi bo‘lish ham bir baxt. Chunki partiyaning bir ajoyib xususiyati bor. Takliflar, tashabbuslar, fikrlar pastdan yuqoriga qarab yo‘naladi.
Qurultoyda tasdiqlangan nomzodning dasturi partiyaning eng quyi tashkilotlaridan boshlab shakllantirilganini alohida ta’kidlamoqchiman. Mahallalar, boshlang‘ich tashkilotlardan tortib to Markaziy Kengashgacha bo‘lgan tuzilmalarimiz, partiya elektorati, a’zolari va xayrixohlarimiz ham o‘zlarining fikr va takliflari bilan ishtirok etishgan.
Bugun biz butun respublika bo‘ylab kelgan takliflar asosida shakllangan dasturni qo‘llab-quvvatladik.
Dastur haqida qisqacha to‘xtamoqchiman. Dasturda zamonamizning eng og‘riqli masalalaridan biri bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurash mavzusi o‘rin olgan. Bu taklifni partiyadoshlarimiz ham qo‘llagan.
Korrupsiya nafaqat bitta jamiyatning muammosi, balki buni global masala desak ham bo‘ladi. Hamma davlat korrupsiyaga qarshi kurashadi. Eng yomoni, ta’lim tizimidagi korrupsiya. Chunki, korrupsion ta’lim tizimining birituvchisi katta ehtimol bilan ertaga uning targ‘ibotchisiga aylanadi.
Masalan, bitta talaba o‘zlashtirishi qoniqarsiz. Lekin u oliy ta’limni korrupsion yo‘llar bilan tugatdi, deb faraz qilaylik. U ertaga qayerda ishlasa ham korrupsiyaga moyil bo‘ladi. Sababi, u yetuk kadr emas va o‘z ishini bajarolmaydi. Bunday holatda korrupsiyaga yo‘l ochiladi. Shuning uchun bizningcha birinchi navbatda ta’lim tizimi korrupsiyadan xoli bo‘lishi kerak.
Bilasizmi, ta’lim yaxshi bo‘lsa, odamlar ham, jamiyat ham yaxshilanadi. Ta’lim bo‘lsa, inson kapitali rivojlanib, mamlakatda kambag‘al qatlam kamayadi.
Nomzod dasturida korrupsiyaga qarshi kurash, ta’limni rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilayotgan takliflar partiyamiz asosiy maqsadlariga ham to‘g‘ri keladi. Dasturda hayotiy g‘oyalar ko‘p.
Qonunchilikdagi imkoniyatlardan samarali foydalanib, saylov bilan bog‘liq jarayonlarni tizimli tashkil qilishimiz zarur.
Vitaliy KIM,
“Geotech Group” kompaniyasi direktori, xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman kengashi deputati:
— Saylov va siyosiy jarayonlar mamlakatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Hammamiz turli soha, turli kasb vakillarimiz, faoliyatimiz va fikrlarimiz turlicha. Lekin saylov jarayonlarida hammamiz mamlakatning keyingi istiqboli, jamiyatimiz qanday yo‘ldan ketishi haqida fikr yuritamiz.
Bugun qurultoyda shu jihatdan muhim qarorlar qabul qilindi.
Nomzodimizning dasturiga alohida e’tibor qaratdim. Uning har tomonlama mukammal tayyorlanganligi, unda ilgari surilgan maqsad va vazifalar har bir yurtdoshimizni qiziqtirishi, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan ilg‘or g‘oyalar bilan boyitilganiga guvoh bo‘ldik.
Ayniqsa, ijtimoiy birdamlik tamoyiliga alohida e’tibor qaratilgani meni quvontirdi.
Xabaringiz bor, bugun dunyo notinch, yer sharining har bir burchagida tahlika, xavotir mavjud. Shunday vaziyatda mamlakat ichidagi birdamlik eng qadrlisi bo‘ladi. Yurtimizda bugungi kunda 130 dan ortiq millat va elatlar ahil istiqomat qilmoqda, shijoat va ishonch bilan faoliyat yuritmoqda. Quvonarlisi, ular bir oila farzandlariday bir-biri bilan inoq va do‘stona yashab kelmoqda. Bizning yurtimizdagi birdamlik va millatlararo totuvlikka har qanday davlat havas qilsa arziydi.
Xalq demokratik partiyasining ijtimoiy birdamlik bilan bog‘liq g‘oyalari shu jihatdan juda hayotiy, deb o‘ylayman.
Qurultoyda qo‘llab-quvvatlangan nomzodni ancha vaqtdan beri yaxshi bilaman. U kishining yetakchiligi davrida partiyamiz tashkilotlari, deputatlik korpusi faoliyati xalqimizga yaqinlashdi, murojaatlarni hal etishga, elektorat vakillarini qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchaydi.
Mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz kelajagi uchun Prezident saylovida millatidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimiz faol qatnashadi, deb ishonaman.
Malika QODIRXONOVA,
Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi:
— Ishonch bilan aytish mumkinki, bu yil mamlakatimiz siyosiy hayotida katta o‘sish va davlatchiligimiz rivoji uchun ham muhim yil bo‘lmoqda.
Xalq demokratik partiyasining XIII Qurultoyini ham birdamlik va ko‘tarinki ruhda o‘tkazib oldik.
Ma’lumki, har bir partiyaning o‘z elektorati bor, umumiy ma’noda partiya o‘z elektoratining manfaatlarini ifodalaydi. Ya’ni, partiya fuqarolarning siyosiy irodasini ro‘yobga chiqaradigan institutdir.
Nomzodning dasturidagi ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat qurish g‘oyasining ortida ham partiya elektoratining manfaatlari ufurib turibdi.
Nomzodning dasturidan 9 ta yo‘nalishdagi g‘oyalar o‘rin olgan. Har bir yo‘nalishdagi g‘oyalar faqatgina jamiyat hayotini yaxshilashga, yuksaltirishga qaratilgan.
Dasturning har bitta bo‘limida ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik g‘oyalariga asoslangan siyosatni olib borish va demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish eng oliy maqsad ekanligi e’tirof etilgan.
Xususan, unda ish bilan ta’minlanmagan fuqarolarni, ayniqsa, ishsiz ayollar sonini kamaytirish, fuqarolarni kambag‘allik holatiga tushib qolishining oldini olishga yoki kambag‘allik toifasiga kirib qolgan fuqarolarni undan chiqarish bo‘yicha choralar belgilanayotganligini alohida ta’kidlash lozim. Yoki bo‘lmasa, “Eng kam iste’mol xarajatlarini belgilash tartibi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish ham dolzarb ahamiyatga ega.
Umuman, dasturda har jihatdan mukammal va mamlakatimizni kelgusida taraqqiy ettirishga qaratilgan aniq maqsadlar belgilab olingan.
Ochig‘i, partiyamizdan ilgari suriladigan nomzoddan shunday dastur kutgandim. Nomzodimiz fidoyi, jonkuyar, hech kimdan yordamini ayamaydigan, aytish mumkinki, partiyamiz g‘oya va maqsadlariga mos inson.
Shuning uchun bugun bir ovozdan, yakdillik bilan nomzod va uning dasturini ma’qulladik. Endi saylov bilan bog‘liq keyingi muhim jarayonlarga katta mas’uliyat va shijoat bilan tayyorgarlik ko‘ramiz.
Dilbar MAMADJANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zosi:
— Bugungi Qurultoyda joriy yil 9 iyulda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun muhim bo‘lgan qarorlar qabul qilindi.
Xususan, unda partiyamizdan ko‘rsatiladigan nomzod va uning dasturi masalasi ko‘rib chiqildi va qo‘llab-quvvatlandi.
Dastur bilan tanishar ekanmiz, elektoratimiz manfaatlari bilan hamohangligiga guvoh bo‘lamiz. Nomzod dasturida yo‘nalishlar ko‘p, ular orasida eng birinchilardan hal etilishi kerak bo‘lgani – bu uy-joylar va kommunal xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlashdir. Sababi, inson tug‘ilar ekan, unga yashash huquqi in’om etiladi. Galdagi eng muhim huquq, shubhasiz, boshpanaga ega bo‘lish, o‘z “vatan”ida tinib, tinchib yashashdan iborat.
Umuman, boshqa partiyalarga nisbatan bizda alohida qayd etish lozim bo‘lgan yutuq bor. Mamlakatimizda ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik va xalq hokimiyatchiligi mezonlariga mos keladigan demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish. Saylovchini jalb etadi. Xalqimiz suygan g‘oya.
Ayni shu sababdan ham biz bor e’tiborimizni saylovoldi dasturiga bog‘liq jarayonlarga jamoatchilik tuzilmalarini – partiyaning “Ayollar qanoti” va “Yoshlar qanoti”, birinchi navbatda, barcha deputatlik korpusini hamda asosiy tayanchimiz boshlang‘ich tashkilotlarni jalb etishga harakat qilishimiz lozim.
Ishonamizki, partiyamizning barcha deputatlari hamda faollari saylovoldi tashviqoti vaqtida bu kabi yuksak g‘oyalarni yuqori saviyada, mahorat bilan saylovchilarga yetkazib, partiyaning Prezidentlik saylovida munosib ishtirokini ta’minlashga intiladilar.
Yelena BABENKO,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrofmuhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi:
— Har bir siyosiy partiya qonunchilikda belgilangan vakolatdan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishni maqsad qilar ekan, ushbu lavozimga o‘z elektorati, a’zolari va xayrixohlarining xohish-istaklaridan kelib chiqib, eng munosib nomzodni tanlash va ko‘rsatish dolzarb masala hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, bugungi Qurultoyimizda ko‘p ming kishilik partiyamiz a’zolari orasidan eng munosibi, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan partiyamiz Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatildi va ushbu taklif barcha delegatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Ushbu Qurultoy Xalq demokratik partiyasining dasturiy g‘oyalarini jamoatchilik orasida keng targ‘ib qilish, mamlakatimiz siyosiy maydonidagi mavqeini hamda aholi orasidagi obro‘sini yanada oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini samarali tashkil qilishda muhim qadam bo‘ladi.
Bo‘lib o‘tgan Qurultoyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning dasturi e’tiborimizga havola etildi. Dasturda mamlakatimizda istiqbolda bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilanganligiga barchamiz guvoh bo‘ldik.
Dasturda ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiy siyosat — kuchli ijtimoiy siyosat asosidir, degan g‘oya ilgari surilmoqda. Demokratik ijtimoiy davlat g‘oyasi xalqimiz suygan g‘oyadir. Odamlarimiz doimo unga intilgan.
Xususan, mahalliy investorlarga ham xorijiy investorlarga berilganidan kam bo‘lmagan imtiyozlar berish yoki bo‘lmasa, undiriladigan barcha to‘lovlarni Davlat budjetiga yo‘naltirish muhim ahamiyatga ega. Umuman dasturda ilgari surilgan g‘oyalar xalqchilligi bilan ahamiyatli.
Abdug‘appor QIRG‘IZBOYEV,
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori:
— Bugun Qurultoyda partiyamizdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod va uning dasturini hududlardan kelgan delegatlar, partiyamiz faollari bilan atroflicha muhokama qildik.
Dasturning asosiy jihatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, unda fuqarolarning og‘irini yengil qiladigan, ularning hayotida ijtimoiy davlatning belgilarini ko‘rsatadigan g‘oyalar borligiga amin bo‘ldim.
Ayniqsa, dasturda ta’lim sohasini yanada rivojlantirish borasida ilgari surilgan istiqbolli takliflar hech kimni befarq qoldirmaydi.
Jumladan, yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash hamda davlat hisobidan oliy ta’lim berish tizimini takomillashtirish masalasi prinsipial va hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Umuman, nomzodimiz dasturida boshqa siyosiy partiyalar dasturlarida uchramaydigan, biz uchun hamisha ustuvor yo‘nalish bo‘lib kelgan jozibador g‘oya va takliflar borki, bu ham saylovchilarni befarq qoldirmasligi aniq.
Shularga asosan ham amin bo‘lishimiz kerakki, saylov ochiqlik, siyosiy raqobat muhitida o‘tadi. Mana shunday katta mas’uliyatli jarayonga har tomonlama puxta tayyorlanib kirishmoqdamiz. Qurultoyda bu bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Xurshid QURBONOV,
Navoiy davlat pedagogika instituti prorektori:
— Saylov juda muhim siyosiy jarayon hisoblanadi. Unda siyosiy partiyalar o‘zlarining nomzodi va dasturi bilan ishtirok etadi.
Bugun biz ham 9 iyul kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Prezidentlik saylovida qatnashish uchun Xalq demokratik partiyasining nomzodi va dasturini muhokama qildik.
Har bir jamiyatning boshqalaridan ajralib turuvchi o‘ziga xos xususiyatlari bo‘ladi. Lekin, shu bilan birga, ularni birlashtiruvchi omillar ham mavjud. Masalan, har bir jamiyatda qarashlar, g‘oyalar, tashabbuslar xilma-xilligi, muqobillik bo‘lishi juda muhim. Bu rivojlangan va rivojlanish yo‘lidagi jamiyatlar uchun zarur jihat.
Bizda ham shunday, har bir siyosiy partiyaning dasturi va g‘oyalari turlicha. Tanlash imkoni esa fuqarolarda. Ular o‘zlari uchun muhim deb hisoblagan g‘oya va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Qurultoyda partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzod va u ilgari surgan dastur yakdillik bilan ma’qullandi. Dastur tom ma’noda keng qamrovli va jamiyat hayotiga chuqur nazar solingan holda ishlab chiqilgan.
Umuman olganda, dasturdagi masalalarning hammasi hayotdan, a’zolarimiz, elektorat vakillaridan olingan. Shuning uchun ham bugun delegatlar nomzod va uning dasturi borasida yakdil qaror qabul qilishdi, deb o‘ylayman.
«O‘zbekiston ovozi», 31.05.2022, №20