Prezidentlikka nomzod namanganlik saylovchilar uchrashdi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning saylovchilar bilan vodiydagi oxirgi uchrashuvi Namangan viloyatida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Namangan viloyat kengashi raisi Ilhom Ataboyev olib bordi. Nomzodning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili Shohista Turg‘unova saylovchilarga nomzodning tarjimai holini o‘qib eshittirdi.

So‘ngra nomzod so‘zga chiqib, dasturidan o‘rin olgan taklif va tashabbuslar mazmunini saylovchilarga tushuntirib berdi.

Xususan, dasturda ijtimoiy tenglik tushunchasiga urg‘u berilgan. Ya’ni, bu huquqlar tengligi bo‘lib, ulardan foydalanishda hamma uchun teng imkoniyatlar hamda ijtimoiy, mulkiy holati va daromad darajasidan qat’i nazar, qonun oldida barchaning tengligini ta’minlashni anglatadi.

Shu bilan birga, Xalq demokratik partiyasidan nomzod dasturining asosiy jihati, unda kuchli ijtimoiy himoya yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratilgan.

Dasturda ish bilan ta’minlanmagan fuqarolarni, ayniqsa, ishsiz ayollar sonini kamaytirishga urg‘u berilgan.

Jamiyatda, oilada ayolning mavqeini yanada mustahkamlash muhim ahamiyatga ega. Ayollarning o‘qishi, kasb o‘rganishi va ishlashi uchun sharoit yaratilishi ijtimoiy himoya bilan bog‘liq masalalar tizimli hal etilishiga xizmat qiladi.

Dasturning ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti – barqaror taraqqiyot va ijtimoiy farovonlik asosi, deb nomlangan yo‘nalishida mamlakatning iqtisodiy qudrati, eng avvalo, kafolatlangan budjetga bevosita bog‘liqligini inobatga olib, undiriladigan barcha to‘lovlarni (jarima, davlat boji, yig‘im, boshqa majburiy undiruvlar) Davlat budjetiga yo‘naltirish tartibini joriy etish taklif etilmoqda.

Shuningdek, milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb etish va ulardan samarali foydalanishni ta’minlash, mahalliy investorlarga ham xorijiy investorlarga berilganidan kam bo‘lmagan imtiyozlar berish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan.

Shu tariqa nomzod dasturidagi har bir taklifni atroflicha tushuntirib berdi.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan uchrashuvda saylovchilar o‘zlarining samimiy fikr va mulohazalarini bildirib, qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishga da’vat qilishdi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati

 

 

 

Teglar

Saylov
← Roʻyxatga qaytish