Prezidentlikka nomzod buxorolik saylovchilar bilan uchrashdi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning saylovchilar huzuridagi navbatdagi uchrashuvi Buxoro viloyatining Olot tumanida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda viloyat yoshlari, jamoat tashkilotlari a’zolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari va ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Buxoro viloyat kengashi raisi Zulfiya Tuyyeva olib bordi. Ishonchli vakil saylovchilarga nomzodning tarjimai holini o‘qib berganidan so‘ng, nomzod so‘zga chiqib dasturidan o‘rin olgan taklif va tashabbuslar mazmuni saylovchilarga tushintirib berdi.

Xususan, nomzod tomonidan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha tashabbuslarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ma’lumki, ichki bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar bilan to‘ldirish – barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biridir. Shu maqsadda nomzodning saylovoldi dasturida mahalliy hokimliklar darajasida hayot uchun muhim va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlar hamda kundalik zarur tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rta muddatli hududiy dasturlarni shakllantirish va tasdiqlash, shuningdek, mazkur dasturlarni hududlarda ish o‘rinlari tashkil etishga doir davlat buyurtmalari hamda o‘rta maxsus, oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha tashabbus ilgari surilmoqda.

Shuningdek, nomzod tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyojdagi boshqa tovarlarni ishlab chiqarish sohasida davlat tomonidan tartibga solish choralarini qonuniy jihatdan mustahkamlash, shu bilan birga import o‘rnini bosadigan ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish bo‘yicha asosli biznes-loyihalarni amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlarni joriy etish zarurati qayd etib o‘tildi.

Nomzodning saylovoldi dasturida hududiy rivojlantirish dasturlarida mahalliy sanoatning o‘sishi bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning samaradorligini oshirish, bu borada yer va suv resurslaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, bu borada qishloq xo‘jaligida natijadorlikni oshirish imkonini beradigan xo‘jalik yuritish shakllarini joriy qilish, shu asosda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning barqaror va samarali tizimini yaratish, qishloq infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va texnologiyalarini rivojlantirishga sarmoya kiritishni ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari hamda qayta ishlash korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish kabi takliflar ilgari surildi.

Ushbu takliflar qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnika va texnologiyalarni, ilmiy asoslangan, puxta o‘ylangan yondashuvlarni qo‘llash hisobiga samaradorligini yanada oshirishga, qishloq xo‘jaligida mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga hamda qishloq xo‘jaligida raqobatni oshirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxini arzonlashtirishga qaratilgan.

Uchrashuvda ushbu tashabbuslar ichki bozorni arzon oziq-ovqat mahsulotlari va ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar bilan to‘ldirish, ushbu mahsulot va tovarlar narxlari keskin o‘sib ketishini oldini olish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda ularni qayta ishlash korxonalarida barqaror va yuqori haq to‘lanadigan yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod dasturida iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ham qator takliflar o‘rin olgan. Xususan, davlat ulushi bo‘lgan yirik ishlab chiqarish korxonalari kuzatuv kengashlari tarkibiga jamoatchilik vakillarini ham kiritish orqali ularning shaffofligini yanada oshirish nazarda tutilgan.

Dasturda davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich fuqarolik jamiyati institutlariga berib borish, shu orqali ularning ijtimoiy faolligini oshirish ham taklif etilmoqda. Bu tashabbus partiya elektorati, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy sheriklik asosida xizmat ko‘rsatilishida dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuvda samimiy va ko‘tarinki muhit hukmron bo‘ldi. Saylovchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildi va o‘zlarining fikr-mulohazalarini ham bildirishdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishga da’vat qilishdi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati

 

 

 

Teglar

Saylov
← Roʻyxatga qaytish