Prezidentlikka nomzod Toshkent shahrida saylovchilar bilan uchrashdi

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov Prezidentlik saylovi oldidan saylovchilar bilan oxirgi uchrashuvini Toshkent shahrida o‘tkazdi.

Turli soha vakillari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari va yoshlar ishtirok etgan uchrashuvni Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi raisi Nigora Eshmetova olib bordi. Ishonchli vakil saylovchilarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. So‘ngra nomzod so‘zga chiqib, dasturidan o‘rin olgan g‘oya va tashabbuslar mazmun-mohiyatini saylovchilarga tushintirib berdi.

Xususan, dasturda ijtimoiy tenglikka asoslangan xalq hokimiyatchiligi prinsipini mustahkamlash orqali demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish g‘oyasiga urg‘u berilgani qayd etildi.

Demokratik jamiyatning eng muhim belgilaridan biri – jamiyat a’zolarining qonun oldida tengligi, Konstitutsiya va qonun ustuvorligining ta’minlanganidadir. Binobarin, demokratik qadriyatlar amal qilingan sharoitda davlat faoliyati fuqarolar nazorati ostida bo‘ladi.

Dasturda davlat organlari faoliyatiga aholining ijtimoiy kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadigan muammolarni oldindan aniqlash va ularni samarali hal qilish mexanizmlarini keng tatbiq etish taklif etilgan.

Shu bilan birga, demografik jarayonlarni tizimli o‘rganishni yo‘lga qo‘yish orqali, davlatning istiqboldagi ijtimoiy majburiyatlarini aniq belgilab borish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.

O‘zbekistonda yillik tug‘ilish deyarli bir millionni tashkil qiladi. Demak, aholi sonining oshishi sohaviy tarmoqlarda o‘z aksini ko‘rsatadi. Ya’ni, aholi soni oshgani sari uning ehtiyojlari, iste’mol quvvati oshib boradi. Mamlakatdagi demografik o‘sishni hisobga olib, eng muhim ehtiyojlarni muntazam o‘rganib borish tizimini yo‘lga qo‘yishning ijtimoiy ahamiyati katta ekani qayd etildi.

Bundan tashqari, nomzod dasturda yoshlar masalasiga ham ahamiyat qaratilgan bo‘lib, salohiyatli yoshlar siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tizimida ishlashini rag‘batlantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan.

Darhaqiqat, dunyoviy taraqqiyotdan ma’lumki, yoshlar barcha davrda jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etilgan. Shu jihatdan muntazam shakllanib boruvchi bu qatlam doimiy rag‘batlantirib, qo‘llab-quvvatlab borilishi muhim.

Xalq hokimiyatchiligiga asoslangan boshqaruvni qaror toptirish, fuqarolik institutlarining davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy tenglik hamda ijtimoiy barqarorlik asosi bo‘lgan demokratik qadriyatlar ustuvorligi ko‘p jihatdan aholining katta qismini tashkil etuvchi yoshlarimizga bog‘liq.

Mahalla xalqimizning turmush tarzini ifoda etuvchi, ruhiy-ma’naviy ehtiyoji, mafkurasi, tafakkuri, insonlarning o‘zaro qo‘shnichilik aloqalari, oilaviy munosabatlarni shakllantiruvchi ma’naviy-ma’rifiy maskan, serqirra ijtimoiy tuzilma hisoblanadi.

Mahalla o‘zining ta’sir ko‘rsatish usullari orqali inson huquqlarini himoyalash, fuqarolik jamiyatining muhim elementi sifatida katta ahamiyatga ega.

Shu bois nomzodning Saylovoldi dasturida belgilangan aholi muammolarini hal etishning eng samarali va adolatli shakli sifatida mahalla tizimini rivojlantirish, ma’muriy, ijtimoiy, ekologik, madaniy va boshqa muammolarni hal etishda uning ishtirokini yanada kengaytirish borasida ilgari surilgan g‘oyalar alohida diqqatga molik.

Ushbu tashabbus mahallaning noyob demokratik institut sifatida davlat va jamiyat hayotidagi maqomini yanada mustahkamlashga va shu orqali fuqarolarning muammolarini mahallaning o‘zida, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz hal etish uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Umuman, Xalq demokratik partiyasi siyosiy platformasiga muvofiq shakllantirilgan nomzod Saylovoldi dasturidagi asosiy taklif va tashabbuslarning samarali amalga oshishi mamlakatimizda xalq hokimiyatchiligini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv nomzod va saylovchilar o‘rtasidagi savol-javob va fikr almashishlar bilan yakunlandi.

So‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan nomzod dasturini qo‘llab-quvvatlashga, fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda saylovda faol ishtirok etishga da’vat qilishdi.

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati.

 

 

 

Teglar

Saylov
← Roʻyxatga qaytish