Yangi O‘zbekistonga yangi g‘oya va tashabbuslar kerak

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimidagi nutqi xalqimiz, Vatanimiz hayotidagi eng yorqin tarixiy voqealardan biri bo‘ldi. Nega desangiz, ushbu tantanali marosimda mamlakatimizning taraqqiyot strategiyasi, yurtimizdagi jarayonlarga oid chuqur tahlilga asoslangan serqirra mulohazalar ilgari surildi. Ma’ruza jamiyatimiz, davlatimiz rivojlanishining yangi mafkurasini belgiladi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ta’kidlash joiz, 2023 yilda muddatidan ilgari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ichki siyosiy rivojlanish va tashqi siyosiy vazifalarni bajarish uchun mutlaqo yangi shart-sharoitlar yaratib berdi. Chunonchi, saylov ham yangilangan Konstitutsiyamiz asosida yangicha muhitda o‘tdi. Saylovning asosiy natijasi aksariyat aholining misli ko‘rilmagan yuksak siyosiy faolligida va Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan yangilangan ichki va tashqi siyosatni qo‘llab-quvvatlashida namoyon bo‘ldi.

Saylov jamiyatni jipslashtirish, mamlakat barqarorligi va yurt taraqqiyotini ta’minlash omiliga aylandi. Bu O‘zbekistonda demokratik islohotlarni nafaqat davom ettirish, balki chuqurlashtirish uchun ham zarur shart-sharoit yaratdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, islohotlar, birinchi navbatda, yosh avlodga qaratildi. Yosh avlod ta’lim tizimida, mehnat bozorida ro‘y bergan o‘zgarishlarni va lavozimda ko‘tarilish imkoniyatlarini amalda his etdi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida yoshlarga murojaat qilgani ham bejiz emas. Zero, yoshlar mamlakatning lokomotvi, harakatlantiruvchi kuchidir.

Prezident xalqimizning yuksak ishonchi barchamizdan – deputat va senatorlar, vazir va hokimlar, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlaridan, har bir yurtdoshimizdan belimizni yanada mahkam bog‘lab, avvalgidan ikki-uch karra ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlashni talab etishini ta’kidladi. Chindan ham kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmasligi kerak. Yangi davr uchun yangi g‘oya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar zarur.

Ma’ruzada parlamentning jamiyatda tutgan o‘rni va ta’sirini oshirish haqida konseptual xarakterga ega bo‘lgan teran fikrlar bayon etildi. Eng muhim masalalar qatorida parlament nazoratini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi. Bu esa, biz — deputatlarning hukumat idoralari ishini, shu jumladan, milliy qonunlarni ijro etish va xalqaro majburiyatlarni implementatsiya qilish bilan bog‘liq faoliyati yuzasidan muntazam monitoring yuritish va unga to‘g‘ri baho berish mas’uliyatini oshiradi.

Bir so‘z bilan aytganda, belgilab olingan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

 

Dilorom IMOMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish