Jamiyat hayotida ishtirok etish uchun faqat u yoki bu jamoat tashkilotlari haqida ma'lumotga ega bo‘lishning o‘zi yetarli emas, chunki har bir siyosiy partiya butun boshli jamiyatda shu bilan birga barcha jamoat tashkilotlari (birlashmalari), nodavlat notijorat tashkilotlarida o‘z roliga ega.
Agar biror-bir siyosiy partiyaga ishonchsizlik ortsa, butun jamiyatdagi qatlam samaradorligiga ta'sir qiladi. Hozirgi davrimiz siyosiy partiyalarning mafkuraviy g‘oyalari o‘z elektoratlarining birlashuvchi maqsadlariga emas balki, individual muammolari yechimiga qonunchilikni takomillashtirish yo‘li bilan belgilangan.
Siyosiy partiyalar yoshlar jamiyatida birlamchi bosqichda inqirozni ya'ni yoshlarning ma'lum qismi ishonchsizligini boshdan kechirdi. So‘ng uning muolajasi uchun bosh qotirishmoqda.
Bir narsani aytish, lekin boshqasini qilish, yoki umuman hech narsa qilmaslik orqali hech qachon tizim yaratilmaydi. Siyosiy partiyalar yoki xalq deputatlari mahalliy Kengashlari emas, balki insonlar harakat qilishi kerak. Boshqaruvda organ emas, balki boshqaruv a'zolari qaror qiladi. Shunday ekan, siyosiy partiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi qatlam, o‘z elektorati fikr va qarashlari siyosiy partiya minbarlaridan yangrashi lozim.
Bugun yangi atamalar, yangicha qarashlar hamda insonlar o‘z fikrlarini ifodalash uchun yangi maydonlar yuzaga keldi. Soddaroq ta'riflaganda, onlayn jamiyat ham yuzaga keldi. Jamiyatni ijrochilar emas, balki voqe'likni to‘liq idrok etib, o‘zini sub'ekt sifatida tuta oladigan va jamiyat manfaatlari yo‘lida milliy elita bo‘lib xizmat qilishni xohlaydigan ijodkor inson, siyosiy vakillar taraqqiyotga yetaklaydi. Unutmaslik joizki, sharafsiz vositalar bilan sharafli natijaga ham erishib bo‘lmaydi.
Siyosiy partiyalar insonlar hayotining har bir bosqichida jarayonlarga rahbarlik qilishi emas, ko‘makchi bo‘lishi, insonlarni boshqarishi emas, muloqot o‘rnatishi lozim. Birinchi navbatda, siyosiy partiya vakillari o‘zini o‘nglab olishga harakat qilishi lozim, ikkinchidan – qonunlarni qabul qilishda mazmunli, to‘liq anglangan, vijdonan va mas'uliyat bilan ishtirok etish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishlari zarur. Muhim argument esa, siyosatning maqsadi hech qachon qiymatidan oshmasligi uchun doimo harakat va izlanishda bo‘lishlari kerak.
Shoxrux O‘ktamov
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zosi