Tariximizga nazar soladigan bo‘lsak, azaldan ayollarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularga g‘amxo‘rlik qilish milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi sanaladi.
Shu sababli ham bizning momolarimiz nafaqat bilim sohiblari balkim, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishga ham ulkan hissa qo‘shganlar.
Bundan ko‘rinib turibdiki, qaysiki jamiyatda ayollarga nisbatan hurmat- e’tibor yuqori bo‘lsa, o‘sha mamlakatda barqaror rivojlanish, yaratuvchilik ishtiyoqi, o‘zaro mehr-oqibatli muhit yuzaga keladi, turmush farovonligi sari intilishlar avj oladi.
Shu sababli ham asosiy qonunimiz - Konstitutsiyamizdan tortib, qabul qilinayotgan barcha huquqiy hujjatlarning barchasi xotin-qizlarga nisbatan ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini har tomonlama himoya qilish hamda imtiyozlar yaratishga qaratilgandir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 58-moddasida Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi, deb belgilangan. Bu yuqoridagi fikrimizning asos ifodasidir.
2022 yil 1 sentyabrdan boshlab xususiy korxonalar va tashkilotlarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanishi belgilandi.
2022-2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz ta’lim kreditlari moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat budjetidan har yili 1,8 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida, Davlat budjetidan har yili kamida 200 mlrd so‘m moliyalashtiriladi.
Har yili 2 100 nafar ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum talaba xotin-qizlarning ta’lim kontraktlari mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplab beriladi.
Shuningdek, mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish; davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy ta’lim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib borish rejalashtirilayotganligi juda katta imtiyozdir.
Oliygohlarda tahsil olayotgan qizlar uchun alohida grantlar ajratilishi, ta’lim kreditlari bo‘yicha ipoteka banklari orqali kontrakt to‘lovlari foizini davlat o‘z zimmasiga olganligi, talaba qizlarimiz o‘qishni tugatib ishga joylashishi va 7 yil o‘tgandan keyingina shartnomada belgilangan summani to‘lab berishi, shuningdek, magistraturada o‘qiydigan qizlarning kontrak to‘lovlari davlat tomonidan qoplanishi kabi imtiyozlar ham sharqona qadriyat barobarida, xotin-qizlarning ilm –ma’rifati va ijtimoiy faolligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Hozirda O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat kengashining 12 ta tumaniga bevosita ayollar rahbarlik qilishmoqda. Shuningdek Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga Viloyat partiya kengashidan saylangan 195 nafar deputatning 51 nafarini aynan xotin-qizlar tashkil etadi.
Mazkur deputatlar tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida “Uyma-uy” loyihasi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” hamda “Temir daftar” ro‘yxatida turgan 1184 nafar xotin –qizlarga turli masalalarda; uy-joy masalasi, imtiyozli kredit olishda huquqiy maslahat va ish bilan ta’minlash, qayta kasb-hunarga o‘qitishda amaliy yordamlar berildi hamda uyma-uy yo‘qlovlar tashkil etilib, ehtiyojmandlar holidan xabar olindi.
Bugungi ayollarimiz gender tengligi asosida, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida, xalqimiz farovonligini oshirish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, oilalarni mustahkamlash borasida ham xizmat ko‘rsatishmoqda.
Yangilanayotgan O‘zbekistonning davlatchilik siyosati millat tarbiyasi va komil inson g‘oyasining to‘laqonli amaliyotini nazarda tutayotgani hamda uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashga qaratilayotgani bilan ham qadrlidir.
Mo‘tabar QOZIYEVA,
O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat
kengashi bo‘lim boshlig‘i