Ijro etuvchi hokimiyat organlarining qurilishga ruxsat berish vakolati bekor qilindi(mi)

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari Shaharsozlik faoliyati sohasidagi ma’muriy tartib-taomillarning takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi Qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi vaqtlarda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qurilish sohasidagi ma’muriy tartib-taomillarga zid ravishda 586 ta holatda qurilishga ruxsat berish, rekonstruksiya qilish, vaqtinchalik bino-inshootlar qurishga ruxsat berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan. Bundan tashqari, qonunchilikka nomuvofiq tarzda yer uchastkasi ajratilishiga ham yo‘l qo‘yilmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlardagi qarama-qarshiliklar va ziddiyatlarni bartaraf etish hamda huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir hilda ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish zarurati yuzaga kelgan.

Mazkur loyiha bilan Shaharsozlik kodeksining 21 va 22-moddalaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) ijro etuvchi hokimiyat organlarining shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish vakolatini chiqarib tashlash taklif etilmoqda. Fraksiya a’zolari mazkur loyihani muhokama qilar ekanlar, uning muhimligiga e’tibor qaratdilar. Qurilishga va rekonstruksiya qilishga ruxsat berish tegishli tashkilotlar, mutaxassislarning xulosasiga binoan amalga oshirilishi har tomonlama maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidladilar. Qonun loyihasi bir ovozdan ma’qullandi.

Yig‘ilishda shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi muhokama qilindi. Qonun loyihasi bilan ichki ishlar organlari o‘z vakolatlari doirasida davlat organlari va tashkilotlar tomonidan ta’sis etilgan ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan foydalanishi, ya’ni yashirinib yurgan, jinoiy jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan, shuningdek bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish uchun bepul foydalanish huquqini berish bo‘yicha “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga o‘zgartishlar kiritish taklif etilmoqda.

Shuningdek, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyatlarning holatlarini, ularni sodir etgan shaxslarni aniqlash, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlardan, surishtiruv, dastlabki tergov organlaridan, suddan yashirinib yurgan, jinoiy jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni, shuningdek bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish yuzasidan berilgan ma’lumotlarni shu kunning o‘zidan davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ta’sis etilgan ommaviy axborot vositalarida bepul e’lon qilinishi lozimligini nazarda tutuvchi uchinchi qism bilan to‘ldirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Kibermakon imkoniyatlaridan foydalangan holda hamda tekshirish uchun xarid qilish va nazorat ostida olish tezkor-qidiruv tadbirlari natijadorligini oshirish, tezkor-qidiruv faoliyati natijalaridan foydalanishni soddalashtirish bo‘yicha “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.

Keng qamrovli va juda ko‘plab o‘zgartish va qo‘shimchalarni o‘zida jamlagan qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi. Fraksiya a’zolari Qonun fuqarolar jinoyat qurboniga aylanishining oldini olish va ularni ogohlikka chaqirish, keng jamoatchilikni xabardor qilish orqali bedarak yo‘qolgan shaxslarni o‘z vaqtida topish, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash va fosh etish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladilar. Qonun loyihasining ayrim moddalarini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berilib, birinchi o‘qishda ma’qullandi.

Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish