Mamlakat yetakchisining biron mamlakat yoki o‘zimizdagi hududga tashrifi bejizga bo‘lmaydi. Prezident O‘zbekiston nomidan jahon davlatlari bilan muloqot qiladi, keng qamrovli, ko‘p o‘lchamli diplomatik aloqalarni rivojlantiradi, hamkorlik, do‘stlikni mustahkamlaydi.
Davlat rahbarining yurtimizdagi har bir hududga tashrifida ham chuqur ma’no, qat’iy maqsad bo‘ladi. Ayniqsa, Farg‘ona, Toshkent va Buxoro viloyatlariga tashriflar davomida butunlay yangicha yondashuvga o‘tildi. Bugungi murakkab davr ko‘zi bilan qaraganda, hayot-mamot masalalari aniq bir hudud misolida respublikamizdagi barcha mutasaddilar guvohligi va ishtirokida muhokama qilindi.
Yutuqlar e’tirof etilib, qator kamchiliklar, mamlakat miqyosidagi muammoli masalalar chuqur tahlil qilindi. Mutasaddilarga aniq natijalarga xizmat qiladigan vazifalar belgilab berildi. Ularning aksariyati ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari, elektorat huquq va manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lmoqda.
Bu partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari, butun respublikadagi deputatlik korpusini hushyorlikka, deputatlik va jamoat nazoratiga mas’ul sifatida yanada mas’uliyatli bo‘lishga undashi zarur. Xalq demokratik partiyasi faollari buni chuqur anglagan holda, Prezident ta’kidlayotgan masalalar, ilgari surayotgan g‘oya-tashabbuslar, kun tartibiga qat’iy qo‘yilayotgan vazifalar haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirmoqda.
Sherzod RAHMONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:
— Iqtisodiyot rivoji, mahallalarda hayot yaxshilanishi, xalqning davlatdan roziligi turli omillarga bog‘liq.
Prezidentimiz Buxoro viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishi bugungi kun uchun eng muhim ikkita – oziq-ovqat va enegetika xavfsizligi masalalari chuqur ko‘rib chiqildi. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini saqlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash masalalarida vazifalar belgilab berildi.
Albatta, bu borada natijalar bor. Masalan, o‘tgan yili fuqarolarning dehqonchilik bilan shug‘ullanishi va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishi uchun sharoit yaratilgan edi. Ya’ni, aholining munosib daromad topishi uchun paxta-g‘alla maydonlarining qisqartirilishi hisobiga yurtdoshlarimiz ixtiyoriga 200 ming gektar ekin maydonlari ajratib berildi.
Natijada 700 ming nafar aholi doimiy va 1 million 300 ming nafari mavsumiy ish bilan ta’minlandi. Ichki bozorga kartoshka, piyoz sabzi va boshqa bir qator mahsulotlar yetkazib berilishi narx-navoning barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shyapti. 605 mingdan ortiq dehqonning daromadi oshib, turmush kechirishi yaxshilandi.
Davlat rahbari tomonidan ushbu yo‘nalishda yangi tashabbus va g‘oyalar ilgari surilgani esa aholining islohotlarga xayrixohligini yanada oshirmoqda.
Xususan, dastlabki bosqichda fuqarolarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ekin yerlar 10 yil muddatga ajratilgan edi. Davlat rahbari shu haqda to‘xtalar ekan, hokimlar bugungi kungacha ajratilgan yerdan samarali foydalanishni to‘g‘ri tashkil qila olmayotganini tanqid qildi.
Jumladan, suv ta’minoti va unumdorligi yaxshi bo‘lmagani uchun jami yerlarning 13 ming gektari yoki 8 foizi qarovsiz turibdi. Buxoro, Qashqadaryo va Namanganda atigi 15 foiz yerlar ehtiyojmand oilalarga berilgan, xolos.
Shularni hisobga olgan holda, dastlabki bosqichda 10 yil muddatga ajratilgan 73 ming gektar maydonning ijara muddatlari 30 yilga uzaytirib berilishi belgilandi. Albatta, bunday qulay imkoniyatdan samarali foydalangan va yerdan yaxshi daromad qilgan fuqarolarning ishlari inobatga olinadi, manfaatdorligi yanada oshirilmoqda. Bunday adolatli yondashuvni halqimiz mehnatga, yaxshilikka intilishni rag‘batlantirish, deb qo‘llab-quvvatlamoqda.
Shuningdek, aholini sifatli chorva mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida fuqarolarga bo‘sh turgan 100 ming gektar yaylovlardan 10 gektardan 10 yil muddatga ijaraga berilishi qayd etildi.
Partiyamiz uchun quvonarli jihati shundaki, yerlar “Ijtimoiy himoya reyestri”ga kiritilgan ehtiyojmand aholiga ajratilganda, barcha to‘lovlardan ozod qilinishi belgilandi. Imkoniyatlar yaratilishidan barcha deputatlarimiz, a’zolarimiz mamnun, ayni paytda deputatlik va jamoat nazoratini kuchaytirish zarurligini ham anglamoqda.
Chunki, har bir yaratilgan imkoniyat ish joyiga ega bo‘lmagan hamda xorijdan qaytgan ko‘plab fuqarolarning ish bilan ta’minlanishiga, qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishiga zamin yaratadi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi tadbirkorlar uchun ham qator sharoitlar yaratilmoqda. Natijada poliz mahsulotlarini yetishtiruvchi issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar soni yildan-yilga oshib borib, issiqxonalar maydoni 3 baravarga oshdi. Yetishtirilgan mahsulotlar 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga yetkazilgani va buning ortidan 150 ming nafardan ortiq fuqaro ish bilan ta’minlangani, ro‘zg‘origa daromad kirgani quvonarli.
Ushbu sohada davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlar imkoniyatlar eshigini ochib, sohaning yanada kengayishiga asos bo‘lmoqda. Bu, albatta, mamalakatimizda oziq-ovqat xavsizligini kuchaytirishda, narxlarning barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, eksport salohiyatini yanada rivojlantiradi.
Feruza OQIYEVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro tuman bo‘linmasi rahbari, viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi:
– Uy-xonadonlar, mahallalarni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlarini keng ko‘lamda olib borish bugungi kundagi eng dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Romitan tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha hududlarda ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 foizga yetkazish bo‘yicha katta dastur qabul qilingani, buning uchun har bir viloyat bahor va kuz mavsumida 15 million tup daraxt ko‘chatlari ekishi, barcha shaharlar atrofida “yashil belbog‘”lar tashkil qilish zarurligi to‘g‘risida ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari hududlarda ekologik vaziyatni yaxshilash, aholiga qulay yashash va toza havo muhitini yaratish kerakligini uqtirib, barcha tizim va hudud rahbarlariga mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli bino, hovlilarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirishni topshirdi.
Bugun yurtimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan shunday xayrli ishlarga har bir inson kamarbasta bo‘lishi farovon kelajagimiz kafolatidir. Zero, farzandga munosib ism qo‘yish, uni tarbiyalash, kasb-hunarli qilish ota-onaning asosiy vazifasi hisoblanadi. Shu bilan birga, xonadonda farzand tug‘ilsa, ko‘chat ekish ham an’ana sifatida qaralgan. Davlatimiz rahbari shu an’anani qayta rivojlantirish va doimiy madaniyatga aylantirish muhimligini ta’kidladi.
Keling, masalani raqamlarda ko‘rib chiqaylik. Buxoro viloyatidagi FHDYO bo‘limlari tomonidan joriy yilning 5 oyi davomida 15797 ta tug‘ilish qayd qilingan. Agar dunyoga kelgan har bir chaqaloq uchun 5 tadan ko‘chat o‘tkazilsa, ularning soni 80 mingga yaqinlashadi. Agar bu raqamlarni bir yilda viloyatda, mamlakatda tug‘ilishi mumkin bo‘lgan bolalarga ko‘paytirsak, raqamlar yanada ortishi tabiiy.
Aksariyat yurtdoshlarimiz mablag‘ topsa, to‘y qiladi, uy quradi, avtomobil sotib oladi. Agar shularning yoniga daraxt ekishni odatga, an’anaga aylantirsak, alohida loyihaga ham, ovoragrchiliklarga ham hojat qolmaydi. Dabdabani xushlovchi odamlar millionlab pulini bir necha soatlik tadbirlarga sarflab yuboradi. Yoshi ulug‘ insonlar boshchiligida ekiladigan ko‘chat esa yangi mehmon bilan birga o‘sadi. Xonadon, mahalla, yurtning fayziga fayz qo‘shadi.
Har bir go‘shaning o‘ziga xos tabiati mavjud bo‘lib, Buxoro vohasi chuqurlikda joylashgani sabab yerlari, suvlari sho‘r hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda, iqlimga chidamli daraxtlar ekishga to‘g‘ri keladi.
Ammo suv serob ba’zi hududlarda ekilgan ko‘chatlarning keyingi taqdiri bilan ko‘pchilikning ishi bo‘lmayapti. Nihollar qarovsiz qolib, qurib ketayotgani achinarlidir.
Yig‘ilish davomida Davlatimiz rahbari tomonidan tegishli hududlar rahbarlariga qarovsiz qolgan 10 million tup daraxt o‘rniga yana shuncha daraxt ko‘chatini suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan hududlarga ekish topshirildi. Shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklarining 1,5 ming gektar yer maydonlarida kasanachilik asosida ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yilishi, bu orqali kamida 10 ming nafar aholi bandligi ta’minlanib, har bir ko‘chatni kafolatli sotib olish tizimi yaratilishi zarurligi ta’kidlandi.
Buxoro viloyatida 3 ta tumanda o‘rmon xo‘jaliklari mavjud bo‘lib, turli xildagi manzarali daraxt ko‘chatlari va mevali daraxtlar yetishtiriladi. Millionlab ko‘chatlar ekishimiz uchun, albatta, bunday xo‘jaliklar har bir tumanda tashkil etilishi, dehqon, fermerlarimizni ham bu yo‘nalishga da’vat etishimiz kerak bo‘ladi.
Yo‘l chetlariga ota-bobolarimiz ekib kelgan terak ko‘chatlari o‘tqazishni ommalashtirish lozimligi ta’kidlandi. Bu eng hayotiy tashabbus, deb o‘ylayman. Chunki, terak ekish uchun alohida investitsiyaga ham, qo‘shimcha mablag‘ga ham ehtiyoj yo‘q. Ozgina xohish va mehnat kifoya.
Bilamiz, teraklar qalamcha holatida ekiladi. Ayniqsa, ko‘k terak ekilsa, bir necha yilda ulardan qurilish sanoatida foydalanish mumkin. Bu tashqaridan qimmatga sotib olinayotgan yog‘ochlarga bo‘lgan talabni ham kamaytiradi. Natijada ichki bozorda narxlar barqarorlashadi.
Buning uchun ma’lum muddatga shartnoma tuzish orqali odamlarga yo‘l chetlarini bo‘lib berish bo‘yicha sharoit yaratish topshirig‘i berildi. Albatta, faqat ekiladigan teraklar uning o‘ziga berilishini ta’minlash muhim. Manfaat bor joyda natija ham bo‘ladi.
Shuning uchun har bir oila davlat rahbari tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, terak va tok ekishga majburiyat emas, qadriyat, tabiat oldidagi burch sifatida yondashishi kerak, deb o‘ylayman. Biz deputatlar, partiya faollari, nuroniylar bilan birga bu borada targ‘ibot-tushuntirish ishlarini kuchaytiramiz.
Akmal UMARALIYEV,
O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat kengashi raisi:
— Jamiyat o‘zgardi, xalqimiz fikri, hayotga munosabati o‘zgardi. Ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish va tadbirkorlikka keng yo‘l ochish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish hamda aholining turmush farovonligini oshirish, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yurtimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida erishilayotgan natijalar har bir yurtdoshimizning o‘ziga, davlatga nisbatan talabchanligini ham oshirmoqda.
Davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi davomida Ohangaron tumani, Angren va Ohangaron shaharlarida joylashgan “Angren” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar va yangi loyihalar faoliyati bilan tanishdi. Yaqingacha ham cho‘l va dasht bo‘lgan bu yerlar bugunga kelib, obod va sanoat infratuzilmasi rivojlangan hududga aylanmoqda. Yangi imkoniyatlarni ishga solish orqali Ohangaron tumanida yil yakunigacha qo‘shimcha 180 million dollarlik 100 ta loyiha boshlanishi kutilmoqda.
Umuman, Toshkent viloyatida ishlarni samarali tashkil qilish orqali yil yakuniga qadar 2 milliard dollarlik loyihalarni boshlash, budjetga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushirish uchun barcha imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatidagi yangi sanoat, xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy soha majmualari ishga tushirildi. Ularda sement, ip-kalava, to‘qimachilik, farmatsevtika, boyitilgan kaolin, kimyo mahsulotlari, tomchilatib sug‘orish shlanglari, rangli metallar ishlab chiqariladi. Umuman, mazkur korxonalarda 3 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Aholini ijtimoiy himoyalash, bandligini ta’minlash davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Buning uchun avvalo ijtimoiy-iqtisodiy masalalar hal etilishi lozim. Xususan, odamlarni uyli va ishli qilish, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash muhim. Chunki hamma ham tashabbuskor bo‘lavermaydi. Faollik ko‘rsatayotganlar esa atrofidagilarni ham ana shunga rag‘batlantiradi, odamlarning bandligini ta’minlaydi, eng kamida o‘zi iqtisodiy qaram bo‘lmaydi. Imkoni bor odam katta orzu-maqsadlari sari qadam tashlaydi, dunyoqarashi ham, rejalari ham o‘zgaradi.
Shu bilan birga, soliq to‘lovchilar safi kengayadi. Budjet tushumlari miqdori ortadi. Bu esa yangi maktab, bog‘cha, tibbiyot maskanlari, zamonaviy sport maydonchalari-yu pensiya va nafaqalarning oshishini anglatadi. Bir so‘z bilan aytganda, turmush farovonligiga xizmat qiladi.
Ammo buning uchun yondashuv muhim. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, soliqchilar tadbirkorlarga pul undirish nuqtai-nazaridan emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash orqali o‘stirib, soliq bazasini kengaytirish manbai sifatida qarashi zarur.
Savron MIRZAYEV,
Piskent tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDR guruhi a’zosi:
— Yana bir masala. Tan olish kerak, subsidiyalar o‘z vaqtida egalariga yetib borishini ta’minlashda ham sustkashliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Mahalla raislari va hokim yordamchilari tashkilotchiligida bandlik, yoshlar va ayollar jamg‘armalari orqali berilayotgan subsidiyalar, oilaviy kreditlar hisobidan mehnat qurollari va tadbirkorlik uchun zarur mahsulotlarni xarid qilish tizimi yaxshi ishlamayotgani ta’kidlandi.
Masalan, mablag‘lar aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilmaydi. Mahallabay va Yoshlar agentliklari hamda Markaziy bankning “market pleyslari” orqali “tenderlarda g‘olib bo‘lgan ta’minotchilar”ga o‘tkazib beriladi. Ya’ni, tanlov yo‘q, agentlik yoki bankning elektron platformalaridagi sotuvchilar nimani qancha narxda taklif qilsa, odamlar shuni olishga majbur bo‘lmoqda. Ularning barchasi partiyamiz elektorati vakillari hisoblanadi.
Aholida tanlash imkoniyati yetmaganiday, taklif qilinayotgan mahsulot va xizmatlar bozordan 20-25 foiz qimmat. Natijada olinayotgan kredit mablag‘lari oilalarni yanada qiyin ahvolga solib qo‘yish horlatlari tez-tez uchramoqda. Olingan qarzni qaytarish bilan bog‘liq muammolar esa banklar va odamlar o‘rtasidagi tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli Bosh prokuratura, Hisob palatasiga imtiyozli mablag‘lar hisobidan aholiga mahsulot va xizmatlar taqdim qilayotgan “market pleyslar” faoliyati shaffofligini tekshirish topshirildi.
Albatta, biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz. Lekin bu qo‘llash amaliy ish, aniq natija bilan bo‘lishi zarur. Umumiy tanqid bilan deputatlar ishida samara ko‘rinmaydi, nomiga yondashuv deputatga, partiyamizga ham obro‘ olib kelmaydi. Shuning uchun har bir hududdagi partiya guruhi subsidiyalar samaradorligi bo‘yicha reja asosida faoliyat yuritishi shart.
Himoya va qo‘llab-quvvatlashga ajratilayotgan mablag‘lar o‘z egalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib borishi va uning ko‘proq mahsulot hamda xizmatlarga sarflanishi aholining iqtisodiy faolligini oshirishga zamin bo‘ladi. Biz bu tizim to‘g‘ri ishlashi uchun o‘zimizni javobgarlardan biri deb bilishimiz zarur.
Dilbar MAMAJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:
— Tinchlik va xotirjamlik. Bu ikki so‘z zamirida nafaqat biror bir mamlakat, balki butun insoniyatning taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan tushunchalar mujassam. Sababi, tinchlik bor joyda baraka bo‘ladi, odamlar orzu maqsadlari sari intiladi. Xotirjamlik esa kishi hayotidan ko‘ngli to‘qligi, og‘ir muammosi yo‘qligini bildiradi. Shu ma’noda bugungi islohotlar zamirida xalqimizning ezgu maqsadlariga mushtarak tushunchalar joy olgan.
Davlatimiz rahbari Farg‘onaga tashrifi davomida bildirgan fikrlardan shunga yana bir karra amin bo‘ldim. Chunki odamlarni rozi qilish uchun avvalo ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish zarur. Viloyatda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida qayd etilgan masalalar chuqur o‘ylashga, ishimizni, o‘zimizni isloh qilishga undagani rost.
Ta’kidlanganidek, viloyatda bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida Farg‘ona aholisi turmush sharoitini yanada yaxshilash, viloyat iqtisodiyotiga faol investitsiyalar jalb qilib, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha katta marralar olindi. Hamyurtlarimiz bugun aniq natijalarni kutyapti. Shu sababli hokimlar yoki vazirlar yangi qurilgan obyektlarni ko‘rsatish bilan qutulmasligiga urg‘u berildi. Masalaga ichkaridan o‘rganish va baho berish orqali kimning qanday ishlayotgani namoyon bo‘ladi.
Umuman, mamlakat yetakchisi Farg‘onadagi ishlarga tanqidiy tahliliy nuqtai nazar bilan yondashib, keskin choralar ko‘rdi. Chunki ko‘plab yo‘nalishlarda oldingi qatorda bo‘lib kelgan viloyatda bugun qoniqarsiz natijalar olinyapti. Masalan, investitsiyalar jalb qilish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilga nisbatan qariyb ikki barobar kamayib ketgani raqamlar bilan aytib o‘tildi.
Shuningdek, bir paytlar sanoat o‘sishi bo‘yicha peshqadamlardan biri bo‘lgan Farg‘ona o‘tgan olti oydagi natijalar sabab 12-o‘ringa tushib ketgan. Bunga sabab hamma tumanda ham faoliyat birdek yo‘lga qo‘yilmagani ekani bildirildi. Aholini arzon va sifatli uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha ham ahvol yaxshi emas. Joriy yilda viloyatda qurilishi rejalashtirilgan 212 ta uy-joydan bugungi kungacha 42 tasi foydalanishga topshirilgan, xolos.
Sohalar kesimida raqamlar tahlil qilinar ekan, boy berilgan imkoniyatlar va buning sabablari ham aytib o‘tildi. Tabiiyki, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga choralar ham ko‘rildi.
Yig‘ilishda Prezident topshirig‘iga ko‘ra, viloyatning ishga solinmagan imkoniyatlarini aniqlash va ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha har bir tuman va shaharga respublikadan mas’ullar biriktirildi.
Misol uchun, Beshariqda aniqlangan zaxiralar hisobiga, joriy yilda 100 million dollarlik 19 ta yirik loyihani boshlash va qo‘shimcha 10 milliard so‘m soliq tushumini ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar bor. Bu orqali joriy yilning o‘zida 14 ming aholi doimiy ish joyi, daromad manbaiga ega bo‘ladi.
Prezident Farg‘onada boshlangan ushbu tajribani barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish uchun yil yakuniga qadar “safarbarlik” e’lon qildi.
Gulchehra JO‘RAYEVA,
Farg‘ona viloyati oila va xotin qizlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi:
— Bilamizki, oilalar jamiyatni tashkil qiladi. Oilalar tinchligi ham bevosita mamlakatdagi osoyishtalikka xizmat qiladi. Buning uchun tabiiyki, ulardagi masalalarni hal qilish muhim sanaladi. Shu maqsadda davlatimiz tomonidan qator choralar ko‘rilmoqda. Masalan, minimal iste’mol xarajatlari miqdori 500 ming so‘mdan 570 ming so‘mga oshirilgani sababli Farg‘onada yana 9 ming oila kambag‘al toifasiga qo‘shildi. Shu bois mutasaddilarga ushbu oilalarning har biriga hokim yordamchilarini biriktirib, ularning daromadini oshirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Farg‘onada aholiga dehqonchilik uchun auksionga chiqarilib, talabgor aniqlanmagan 1 ming 157 gektar ekin yerlarini aholi uchun qulay hududlarga almashtirish, bu yerlarda kamida 15 ming ish o‘rni yaratishga ko‘rsatma berildi.
Yana ko‘plab sohalarda aholining turmush farovonligi oshirishga xizmat qiluvchi topshiriqlar yuklatildi. Ularning ijrosi ustidan nazorat olib borish esa biz deputatlarga katta mas’uliyat yuklaydi. “Davlat rahbari vazifa berdi, biz nazorat qilmasak ham bajariladi”, degan qarash bilan yondashsak, adashamiz. Chunki bizni xalq saylagan, muammolariga yechim topishga, ularning ovozi bo‘lishimizga ishonch bildirgan.
Shu sababli harakatlarimiz ham, gap-so‘zimiz ham shunga mos ravishda o‘ylangan, mulohazali bo‘lishi zarur. Mahalliy ijro hokimiyatidan hisob so‘rashi uchun, avvalo, deputatning o‘zida bilim va tajriba bo‘lishi lozim. Bildirilgan fikrlar, asosli tanqidlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, harakat qilinsa, nafaqat odamlar oldida, balki vijdon oldidagi burch ham ado etilgan bo‘ladi.
“O‘zbekiston ovozi” muxbiri
Zilola UBAYDULLAYEVA tayyorladi.
«O‘zbekiston ovozi», 16.08.2022, №31