Parlament nazoratining natijasi qanday bo‘ladi?

 

Oziq-ovqat va energiya xavfsizligini ta’minlash yildan yilga murakkablashmoqda. Tabiiy, ijtimoiy, ayniqsa, siyosiy-iqtisodiy murakkabliklar jahondagi vaziyatni borgan sari jiddiy tus oldirmoqda. Dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar, tabiiy va texnogen hodisalar oqibatlari chuqurlashmoqda.

Katta-kichik omillar oqibatida oziq-ovqatga, energiyaga talab ham, narx-navo ham ko‘tarilib boryapti. Bir-biriga zanjir singari bog‘liq bo‘lgan hodisalar zamirida iqtisodiy va moliyaviy inqiroz yuzaga kelmoqda.

Davlat rahbari hududlarga borib, respublikadagi barcha mas’ullarni to‘plab tahlil o‘tkazayotgani, vaziyatga real baho berayotgani, talabni qattiq qo‘yib, vazifalarni belgilab berayotgani bejiz emas.

Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini ta’minlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan edi.

Qayd etilganidek, bu yilgi qahraton qish va yozdagi o‘ta issiq kunlar sinovli bo‘ldi. Shu bois kelayotgan qishga hozirdanoq tayyorlanish, buning uchun yetarli oziq-ovqat zaxirasini shakllantirish va energiya barqarorligini ta’minlash muhim.

Suv resurslari yildan-yilga kamayib borayotgani oqibatida oziq-ovqat tanqisligi ko‘plab davlatlarda kun tartibidagi eng asosiy masalalardan biriga aylanmoqda. Ko‘p tuman va shaharlar sabzavotlar, go‘sht va tuxumni boshqa hududlardan olib kelmoqda. Hokimlar ajratilgan yerlardan foydalanishni to‘g‘ri tashkil qila olmayapti. Mutasaddilar energiya xavfsizligi bo‘yicha ham keng qamrovli ishlarni bajarishi zarur.

 

7 ta ishchi guruh

Xalqimiz turmushi uchun dolzarb ahamiyatga ega vazifalar bajarilishida parlamentning, mahalliy Kengashlarning o‘rni qanday bo‘ladi? Jamoatchilik, deputatlik va parlament nazoratini izchil amalga oshirish, joylardagi ijro hokimiyati rahbarlarining aholi oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish zarurati har qachongidan ham ortib bormoqda.

O‘tgan hafta Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Spiker Nuriddinjon Ismoilov 7 ta viloyatda ishchi guruhi tuzilganini ta’kidlagan. Ularning asosiy vazifalari joylarda nazorat tadbirlarini olib borishdan iborat. Xususan, qabul qilingan qonunlar qanday ishlayapti, mavjud imkoniyatlardan mahalliy hokimlik boshqaruvi organlari qay daraja foydalana olyapti, qayerda huquqiy bo‘shliqlar yoki muammolar borligiga e’tibor qaratiladi.

Parlament nazorati institutidan samarali foydalanish lozimligini hayotning o‘zi ko‘rsatib qo‘ymoqda. Har bir viloyatdan bittadan shahar va tuman namuna sifatida olinmoqda. Avvalo, deputat nazorat o‘rnatilayotgan masalani chuqur o‘rganishi, hududdagi fakt va raqamlarni tahlil qilish uchun esa barcha yo‘nalishdagi iqtisodiy ko‘rsatkichlardan boxabar bo‘lishi talab etiladi. Shu kunlarda joylarda ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan masalalar asosida sessiyalar o‘tkazilmoqda. Bu orqali mahalliy Kengashga amaliy yordam qilish, barcha darajadagi partiya tashkilotlari ishini jonlantirish ham ko‘zda tutilgan.

 

Kasbidagi sessiyada hokim axborot bergan

Joriy yilning 17 avgust kuni Qashqadaryo viloyatida xalq deputatlari Kasbi tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tumanda qishloq xo‘jaligi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi masalalar muhokama qilindi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tuman hokimi T.Meyliyev hamda IIB boshlig‘i F.Asadovning axboroti eshitildi.

Ta’kidlandiki, Kasbi tumanida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan samarali foydalanish, hosildorlikni va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish orqali aholi daromadlarini oshirish borasida qo‘shimcha imkoniyatlar chamalangan.

Xususan, 1,6 ming gektar meliorativ holati yomonlashgan ekin maydonlarini yaxshilash hisobiga hosildorlikni qo‘shimcha 5 sentnerga oshirish mumkin. Bundan tashqari, 26 ta tik quduq qazish hamda 500 ming tonna mahalliy o‘g‘itlarni jamg‘arish hisobiga sug‘oriladigan yerlardan qo‘shimcha hosil olish imkoniyati mavjud. 2,2 ming gektar yerni zamonaviy moslamalar bilan tekislash va 412 gektar foydalanilmay turgan dala maydonlaridagi bo‘sh yerlarni foydalanishga kiritish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirish mumkin. Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishni joriy qilish orqali esa hosildorlikni oshirishga erishiladi.

Shuningdek, hududda huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktik hisobga olinganlarni ishga joylashtirish hamda ularning bandligi holati, «qizil» va «sariq» toifaga kiritilgan mahallalarda jinoyatchilikni kamaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda tumanda sodir etilayotgan har bir jinoyat sektorlar rahbarlari va mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida mahallalarda keng muhokama qilinib, jinoyat sodir etilishining kelib chiqish sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Shu bilan birga, sessiyada deputatlar tomonidan tuman ichki ishlar bo‘limi yo‘l harakati xavfsizligi xizmati faoliyati haqida tanqidiy fikrlar bildirildi va yaqin kunlar ichida yo‘llardagi kamchiliklarni bartaraf etish vazifasi yuklatilib, ushbu masala doimiy nazoratga olinganligi ta’kidlandi.

Sessiya yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhi a’zolarining ham muhokama etilgan masalalar bo‘yicha fikr va mulohazalari eshitildi.

Sessiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etdi hamda mamlakatimizda bu yil amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, uning mohiyati va ahamiyati, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining o‘rni va mas’uliyati, Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yaqinda Farg‘ona, Toshkent hamda Buxoro viloyatlarida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda belgilab berilgan ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalgan. Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Qumqo‘rg‘onda murojaat ko‘pmi, muammomi?

Qashqadaryoga qo‘shni hudud – Surxondaryo viloyatida ham ishchi guruh a’zolari o‘rganishlar olib bormoqda. Xususan, Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi va tashkilotlardan yo‘nalishlar kesimida obyektlar belgilab olinib, mutasaddi korxonalar mas’ullari hamda xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashi deputatlari bilan birgalikda joylarga chiqildi. Unda asosiy e’tibor investitsiyalarni jalb etish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport va budjetga tushumlarni oshirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaratildi.

Ma’lum bo‘ldiki, Qumqo‘rg‘on tumanida «Azlarsoy» MFYda 2 ta, «Yangiobod», «Bog‘aro» hamda «Surxon sohili» mahallarida 1 tadan kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Shuningdek, «Bog‘aro» MFYda 1 ta yoshlar sanoat tadbirkorlik zonasi ham faoliyat yuritmoqda. Mazkur hududlarda qator loyihalar amaliyotga tatbiq etilishi natijasida aholining bandligi ta’minlanmoqda. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha ham yangi loyihalar tayyorlanyapti. Biroq ayrim masalalar korxonalar faoliyatiga salbiy ta’sir qilayotgani ham aniqlandi.

Xususan, «Azlarsoy 1» kichik sanoat zonasi uchun ajratilgan 0.85 gektar maydonga 3 ta loyiha joylashtirilgan. Umumiy qiymati 17,4 mlrd so‘mlik mazkur loyihalar asosida 44 ta yangi ish o‘rini yaratish belgilangan. 2021 yil noyabr oyida Qozog‘iston Respublikasidan bug‘doy mahsulotini olib kelish maqsadida shartnoma tuzilib, mablag‘lar pul ko‘chirish yo‘li bilan o‘tkazilgan. Biroq mahsulot o‘z vaqtida yetkazib berilmagan. Natijada loyihalar to‘liq quvvatda ishlashiga hamda rejada belgilangan ish o‘rni yaratilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

«Azlarsoy 2» kichik sanoat zonasi 2.4 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, umumiy qiymati 14,9 mlrd so‘mlik 6 ta loyiha ishga tushirilishi rejlashtirilgan. Bu esa 54 ta yangi ish o‘rni hosil bo‘lishini anglatadi. Ayni paytda 3 ta loyiha ishga tushirilgan, qolganlarining qurilish ishlari davom etmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Oybarchin Abdullayevaning ma’lum qilishicha, korxonalarning to‘liq quvvatda ishlashi uchun mablag‘ bilan bog‘liq muammolar mavjud. Shuningdek, kommunikatsiya va energetika tizimidagi masalalar ham yechimini kutmoqda.

Tumanda dehqonlarga ekin yerlarini ijaraga berish holati ham o‘rganildi. 2022 yilda jami 445 gektar yer maydoni belgilangan tartibda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun berilgan bo‘lsa, 2023 yilda esa 687 gektar maydon «E-auksion» platformasi orqali tanlovga chiqarilgan, shundan 652 gektari 1003 nafar fuqaroga taqsimlangan. Tumanda 3 ta – «Qumqo‘rg‘on tomorqa xizmati», «Bog‘aro tomorqa xizmati» va «Buyuk kelajak agro» tomorqa xizmatlari bor. Ammo aksariyat fuqarolar bundan bexabar ekan.

Maslan, «Bobolochin» MFYdagi 2 gektar yer uzoq yillik ijara asosida «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»da turadigan shaxslarga berilgan. Ayrim fuqarolar bilan suhbatda tomorqa xizmatidan yordam bo‘lmagani aniqlandi. «Yangi qishloq» mahallasida 7 gektar yer 50 sotixdan 14 nafar fuqaroga ajratilgan bo‘lib, ular ham tomorqa xizmati bo‘yicha ma’lumotga ega emas.

Uzun tumanida esa chorvachilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi rahbari semental zotli qora molni ozuqa bilan ta’minlashda qiyinchilikka uchrayotganini ma’lum qildi. Avstriyadan olib kelingan 100 ta to‘rt tuyoqlilar soni bugun 160 boshga yetgan bo‘lib, yiliga 500-600 million so‘m mablag‘ ularni boqish uchun sarflanmoqda. Ushbu qora mollarni ozuqa bilan ta’minlash uchun lalmi yerlardan joy ajratilishida yordam so‘ralgan.

Tumandagi katta-kichik korxonalar rahbarlari bilan suhbatlar olib borildi. Kimdir kreditga ehtiyoji borligini aytgan bo‘lsa, yana kimdir tannarxning ko‘tarilib ketishiga ta’sir qilayotgani bois temir yo‘l xarajatlariga imtiyoz berilishini so‘ragan.

«Besh kapa» va «Dehqon» MFYda yashovchi «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»da ro‘yxatda turgan 13 nafar fuqaroga o‘tgan yili yer berilgan. Ular mineral o‘g‘it qimmatligidan, yetishtirgan mahsulotlarini realizatsiya qilishga qiynalmoqda. Har bir kilo urug‘lik kartoshkani 5000 so‘mdan ekib, hosilini 700 so‘mdan sota olmayotgan ekan.

«Yangi kuch» mahallasidagi dehqonlarda ham sifatli urug‘lik olishda, mineral o‘g‘itlar bo‘yicha muammolar bor. «Tomorqa xizmati» tomonidan urug‘lik va ko‘chatlar masalasida yordam ko‘rsatilmagan. Mazkur mahallaga xizmat ko‘rsatish uchun ochilgan «Dehqonobod tomorqa xizmati» MCHJ o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 300 mln so‘mlik kredit mablag‘i ola olmaganligi sababli 2022 yil dekabrda o‘z faoliyatini tugatishga majbur bo‘lgan.

Parlament a’zolari joylarda aholi vakillari bilan yuzma-yuz suhbatlar o‘tkazyapti. Yerdan foydalanish, mahsulotlar ishlab chiqarishdagi muammolari o‘rganilyapti. Shu bilan bir qatorda, boshqa ijtimoiy masalalardagi murojaatlar ham qabul qilinmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, har qanday vaziyatga va sharoitga qaramasdan, joylarda ish ketyapti. Aholi jon boshiga xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish hajmi, real daromad oshayotgani ham bor gap. Ammo barcha bo‘g‘inlarlardagi rahbarlar ham o‘z ishiga sidqildildan yondashyapti, deb bo‘lmaydi. Agar mavjud masalalar hal etilsa, mutasaddilar mas’uliyati oshsa, yanada samaraliroq faoliyat olib borish mumkin.

Hududlardagi murojaat va muammolarning hal etilishi, imkoniyatlardan to‘liq foydalanilishi ishlab chiqarish, servis, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirishga xizmat qiladi. Parlament a’zolari joylardan qanday xulosa va real natijalar bilan keladi? Bu haqda keyinroq, albatta, so‘raymiz.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 23.08.2022, №32

 

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish