Umummanfaat yo‘lida

 

Xalqaro maydondagi vaziyat bugun har qachongidan ham murakkabdek ko‘rinmoqda. Buni jahonda bo‘layotgan jarayonlarning ketma-ketligidan ham anglash mushkul emas. Xalqaro muvozanat chayqalmoqda. Yillar davomida dunyo hamjamiyatiga o‘z ambitsiyalarini singdirib kelgan yirik kuch markazlari bugun o‘z tashqi siyosat yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda. Buni davr taqozo qilmoqda.

Maydonga milliy manfaatlarini qattiq himoya qiladigan yangi “o‘yinchilar” kirib kelmoqda. Bugungi kun siyosiy jarayonlarining o‘ziga xos jihatlaridan biri, bunda ma’lum davlatlar bilan bir qatorda tarixiy ildizlari yagona bo‘lgan xalqlar birlashib, yaxlit umummanfaatlarini ifodalab, o‘z so‘zini aytayotganidir. Masalan, yagona tarixiy ildiz, til, madaniyat, din omillari orqali bog‘langan turkiy xalqlar Turkiy davlatlar tashkilotiga birlashib, bugun xalqaro maydonda yirik siyosiy tuzilmaga aylanib ulgurdi.

Turkiy dunyo faollashgani haqidagi xabarlarni axborot makonida uchratish odatiy Holga aylanib bormoqda.

Kuni kecha Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Vengriyada bo‘ldi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zoligi kutilayotgan Vengriya yevropacha urf-odat va an’analar shakllangan bo‘lishiga qaramasdan, turkiy xalqlarga yaqinligini inkor etmaydi. Ba’zi tahlilchilarning fikrlariga ko‘ra, bugungi kunda Vengriya siyosiy elitasi tarkibida turkiy dunyo bilan yaqinlashish istagi yuqori bo‘lganlar talaygina.

Tashrif doirasida O‘zbekiston bilan Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Janob Orban davlatimiz rahbariga Vengriyaning milliy bayrami – avliyo Ishtvan kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda hamda shu kunlarda Vengriya poytaxtida o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatining erkaklar o‘rtasidagi yugurish musobaqalari finalida shaxsan ishtirok etayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, Vengriya hukumati va do‘st xalqini milliy ayyom bilan dildan qutladi. Budapeshtda o‘tkazilayotgan jahon birinchiligi ushbu mamlakat sport sohasida boy an’analarga egaligi va keyingi yillarda bu borada yuksak muvaffaqiyatlarga erishayotganining dalolati ekanini alohida ta’kidladi.

Amaliy hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Oliy darajadagi kelishuvlar samarali amalga oshirilayotgani, parlamentlar, hukumatlar, idoralar va hududiy ma’muriyatlar o‘rtasida sermahsul aloqalar yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.

20 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Yevropaning yetakchi “OTP” banki boshqaruvi raisi Shandor Chanini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Vengriya ishbilarmonlari bilan hamkorlikdagi birinchi yirik loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgani – “OTP” banki O‘zbekiston bozoriga kirganini ta’kidladi.

“Ipoteka-bank”ni xususiylashtirish bo‘yicha bitimning muvaffaqiyati xorijiy investorlarga muhim ishora bo‘lgani va ularning mamlakatimizga qiziqishini oshirgani qayd etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bank-moliya sohasini rivojlantirish, shu jumladan, xizmatlar sifatini oshirish, eng avvalo, biznes uchun innovatsion va arzon mahsulotlarni joriy etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishning samarali moliyaviy vositalarini tez fursatda ishga tushirish muhimligi ta’kidlandi.

Bank rahbari Shandor Chani Vengriya kompaniyalari o‘z investitsiyaviy faoliyatini kengaytirishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun O‘zbekiston yetakchisiga minnatdorlik bildirdi.

Vengriyaning Bonafarm, Gedeon Richter, Meditop, Wizz Air kabi yirik kompaniyalari O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarida faol qatnashmoqda.

Joriy yil 20 avgust kunidan boshlab Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladigan muhim voqea bo‘lishi ta’kidlandi.

Mintaqaviy, shu jumladan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi kun tartibi yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin va konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Safar davomida davlatimiz rahbari Turkiya Respublikasi Prezidenti bilan ham uchrashdi. O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hamkorlik doirasida o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari muntazam ravishda o‘sib bormoqda. Joriy yilning 1 iyulidan boshlab Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi. Qo‘shma korxonalar soni 2,5 mingdan oshdi.

Shu jumladan, ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi, shuningdek, qo‘shma Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga hamda Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining joriy yilda o‘tkazilishi mo‘ljallangan sammitlariga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Vengriyadagi uchrashuvlarning o‘ziga xos jihatlaridan biri, u yerda O‘zbekiston va Turkiya davlat rahbarlaridan tashqari Budapesht shahrida o‘tayotgan yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati doirasida Qatar Davlati Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va Tatariston Raisi Rustam Minnixanovlar ham ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining 22 avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan Bokuga jo‘nab ketishi ham turkiy dunyo faollashayotganining yana bir isboti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tan olish kerak, O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu, albatta, faol va ochiq tashqi siyosat samarasidir.

Bir guruh ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston faol tashqi siyosat yuritish orqali o‘zining transport-logistika tizimini tubdan yaxshilamoqchi. Bunda Ozarbayjon orqali o‘tadigan Transkaspiy yo‘lagi ham dolzarb sanalmoqda. Bu yo‘lakning dolzarbligiga asosiy sabablardan biri sifatida ushbu yo‘lak Xitoyning ham qo‘llab-quvvatlashiga sabab bo‘lishi mumkinligidadir. Bu esa yo‘lakni moliyalashtirish imkoniyatini oshiradi.

Shu o‘rinda “Sharqshunos tahlilchilar” guruhining “Ozarbayjonning O‘zbekiston uchun ahamiyati” nomli tahliliy ma’lumotini e’tiboringizga havola etamiz:

“So‘nggi paytlarda Markaziy Osiyo va Kavkaz o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlangani ko‘zga tashlanmoqda. Shimoliy yo‘lakning beqarorlashishi, ayniqsa, Rossiya-Ukraina urushi bilan birgalikda Yevroosiyo mamlakatlarini, shu jumladan, Xitoyni yangi yo‘nalishlarni izlashga undadi. Ayni paytda O‘rta yo‘lakdan o‘tgan Kaspiy dengizining sharqiy va g‘arbiy qismidagi davlatlar o‘rtasida yaqinlashish jarayoni sezilarli darajada tezlashdi.

Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlarning mustahkamlanishi Sharq va G‘arb o‘rtasidagi O‘rta yo‘lakdan foydalanishning ahamiyati va salohiyatini oshirdi. Boku va Toshkent munosabatlarining mustahkamlanishi bu jarayonlarni yanada jadallashtirdi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 2022 yil 21-22-iyun kunlari O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida 19 ta shartnoma imzolangan edi. Bitimlarning asosiy mazmuni strategik sheriklikni o‘rnatish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

Agar 2019 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 81 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 82,3 million dollarni tashkil etdi. Bundan tashqari, ikki tomonlama munosabatlarning kengayishi bilan bir vaqtda tovar ayirboshlash hajmi 16 foizga oshib, 111,9 million dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda va undan keyin ham o‘sish tendensiyasini davom ettirishi kutilmoqda. Hozir Boku va Toshkent umumiy qiymati 700 million dollardan ortiq bo‘lgan beshta yirik loyihani amalga oshirishning moliyaviy va texnik jihatlari ustida ishlamoqda.

2022 yilda Turkiya, O‘zbekiston va Ozarbayjon tashqi ishlar, savdo va transport vazirlari “O‘rta yo‘lak” mavzusida uchrashuv o‘tkazdi. 2022 yil 2 avgustda bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijasida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqan Toshkent deklaratsiyasi imzolandi. Ayniqsa, ikki davlat o‘rtasidagi muhim voqea energetika sohasidagi hamkorlik bo‘ldi. Bundan tashqari, tomonlar “O‘zbekneftgaz” va SOCAR kabi uglevodorod resurslarini qidirish va qazib olish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish hamda tajriba almashish, o‘zaro investitsiya va xususiylashtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha kelishib olishdi. Bundan tashqari, Qorabog‘dagi loyihalar bo‘yicha hamkorlik olib borilishi bildirilmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonning G‘arbga chiqish uchun Zangezur yo‘lagidan foydalanish imkoniyati eng katta istiqboldir.

O‘zbekiston o‘zining foydali qazilma boyliklari, Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholisi, iqtisodiyotni liberallashtirish qadamlari va geosiyosiy mavqei bilan Yevroosiyodagi “yorqin yulduz” hisoblanadi. Ozarbayjon Osiyoning Kaspiy dengizi orqali Yevropaga chiqadigan eng muhim “darvoza” hisoblanadi. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, ikki davlat o‘rtasidagi mustahkamlangan munosabatlar o‘zaro manfaatli yondashuv orqali yanada yuqori bosqichga ko‘tariladi.

Bundan tashqari, Boku Toshkent yaqinlashuvi O‘rta yo‘lakning strategik ahamiyatini oshiradi. Chunki Ozarbayjon dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim port bo‘ladi. Shu tariqa Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi ikki tomonlama manfaatlar olib kelishi aniq. Avvalo, davlatlar yangi iqtisodiy manfaatlar va mustahkam aloqalarga ega bo‘ladilar. Xususan, O‘zbekiston G‘arbga eng qisqa va arzon yo‘l orqali yetib borishi mumkin bo‘ladi.

Ikkinchidan, O‘rta yo‘lakning to‘liq salohiyati ishga tushiriladi va foydalaniladi. Bu Kavkaz va Markaziy Osiyo kontekstida mintaqani mustahkamlash demakdir. Shu bilan birga, bu holat Xitoydan Yevropaga transportni osonlashtiradi va Yevroosiyoda barqaror rivojlanishni tezlashtiradi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar katta salohiyatga ega bo‘lib, barqarorlikni saqlash va Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalari taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi.

Xulosa o‘rnida aytmoqchimiz, turkiy dunyo uzoq yillar davomida bir-biridan ayro bo‘ldi. Bunga har kimda o‘zicha sabablar, vajlar bor. Lekin, bugungi tahlikali dunyoda birlashish – davr talabi. Turkiy dunyo yetakchilari ayni davrda turkiy xalqlar manfaati ostida birlashib qadam tashlashga harakat qilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, biz turkiy tafakkurning tarixiy uyg‘oqligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

 

Ahmad Qurbonov.

«O‘zbekiston ovozi», 23.08.2022, №32

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish