Tibbiyotdagi islohotlar: yangi hayot, Yangi O‘zbekiston uchun

 

Bu yil mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligini keng nishonlaymiz. Bu fursat tarix oldida katta davrdek tuyulmasa-da, mamlakatimizda o‘tgan qisqa vaqt ichida asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi. Har bir sohada ijobiy o‘zgarishlar, yangilanishlar bo‘ldi.

Mamlakatimizning o‘ttiz ikki yillik tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, shu davr ichida, ayniqsa, oxirgi yetti yilda yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy hayotida tub islohotlar va burilishlar davri bo‘layotganini sezyapmiz, his etyapmiz.

Bayram arafasida yaqin tariximizdagi o‘tgan murakkab yo‘limizga yana bir bor nazar tashlab, amalga oshirilgan ishlar, erishganlarimizni sarhisob qilib, xolisona baholaydigan bo‘lsak, maqtashga arzigulik yutuqlarga erishdik, deyishga barcha asoslarimiz yetadi.

Birgina mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, sohada olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ulkan ishlar qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir ma’ruzasi va nutqida, uchrashuvlarda xalqimizni rozi qilish uchun, eng avvalo, sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan talabni qondirish nihoyatda zarurligini ta’kidlamoqda. Davlatimiz rahbari mamlakatimiz hududlariga safari chog‘ida qishloq vrachlik punktlari va klinikalarda bo‘lib, shifokor va bemorlar bilan muloqot qilmoqda.

O‘tgan davrda sohani yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirishga qaratilgan ko‘plab farmon va qarorlar qabul qilinib, mamlakatimizda tibbiyot muassasalaridan tortib, kadrlar faoliyatigacha bo‘lgan jarayon yangi tartibda o‘zgarib, rivojlanish sari yuz tutdi. O‘zbekistonda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va sog‘liqni saqlash tizimining xizmatlar qamrovini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2017-2021 yillarda Investitsiya dasturlari doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi jami 62 644 o‘rinli 1 370 ta tibbiyot muassasasida 7,2 trln. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shundan, 211 ta obyekt yangi qurilib, 1 039 ta obyekt rekonstruksiya qilindi va 120 tasi mukammal ta’mirlandi.

Ushbu sohadagi o‘zgarishlar haqida gapirganda O‘zbekiston tibbiyotiga “Xususiy tibbiyot“ tushunchasi kirib kelgani, bugungi kunda xususiy tibbiyot muassasalari 8000 dan oshganini alohida e’tirof etish lozim. Bu esa o‘z navbatida, aholiga tibbiyotni tanlash imkoniyatini berdi.

Shu bilan birga, aholiga ixtisoslashtirilgan xizmatlarni yaqinlashtirish va ko‘lamini kengaytirish maqsadida oxirgi besh-olti yilda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi salomatligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Natijada, tibbiyotning barcha bo‘g‘inida tub o‘zgarishlar boshlandi.

Sog‘liqni saqlashni isloh qilish davlat dasturlari amalga oshirilishi tufayli mamlakatimizda yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishning prinsipial jihatdan yangi tizimi tashkil etildi. Yaqin 5-6 yil ilgari ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish asosan Toshkent shahrida jamlanishi respublika mintaqalari aholisining tegishli xizmatlardan foydalanishini cheklab qo‘yayotgandi.

Bugunchi? Hozir ushbu markazlar soni 10 tadan 24 taga, ularning hududiy filiallari 2 tadan 270 taga oshirildi. Natijada markazlar tomonidan amaliyotga tadbiq qilingan yangi tashxislash va davolash usullari soni 260 tadan 2 084 taga oshdi. Shuningdek, joylarda xirurgiya yo‘nalishida qo‘shimcha 27 turdagi, endokrinologiyada 7, kardiologiyada 14 turdagi yuqori texnologik amaliyotlar joriy etilgan.

Quvonarlisi, aholini yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti uchun xorijga emas, balki Toshkentga ham sarson qilmay o‘z hududida davolanishiga imkoniyat yaratib berildi. Bu borada xorijiy yoki Respublika markazlarining mutaxassislari bilan teletibbiyot orqali maslahat, konsultatsiyalar olib borilmoqda. Teletibbiyot orqali hududlarda maslahat berilgan bemorlar soni 2020 yilda 8 952 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2022 yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 25 231 tani tashkil qildi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida 75 o‘rinli bugungi kun talablariga javob beradigan, xorijiy klinikalar bilan raqobatlasha oladigan zamonaviy operatsion blok qurilib, foydalanishga topshirilgani sohadagi izchil islohotlar samarasidir. Hozir bu yerda nafaqat Respublikamiz fuqarolari balki xorijiy fuqarolar ham yuqori texnologik muolajalar olmoqda.

Sohani xalqimizga yanada yaqinlashtirish maqsadida hududlarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar tarmog‘ini yanada kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada olis va chekka mahallalarga maxsus konteynerlar o‘rnatilib, mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etilyapti. 2023 yildan boshlab, joylardagi poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etilmoqda.

Masalan, yil boshidan buyon 46 ta oilaviy shifokor punkti va 35 ta mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilib, 250 ming nafar aholiga birlamchi tibbiyot yaqinlashtirildi. 9 370 ta mahallalardan 6 359 tasiga (67 foiz)ga eng yaqin tibbiyot muassasalari 3 kilometrgacha bo‘lgan masofada yaqinlashtirildi.

2023-2024 yillar davomida qo‘shimcha 1373 ta tibbiyot muassasalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Natijada 90 foiz mahallalarda eng yaqin tibbiyot muassasagacha bo‘lgan masofa 3 kilometrgacha va 10 foiz mahallalarda 5 kmgacha bo‘ladi.

Hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar onalar va bolalar, o‘rtasida o‘lim darajasini keskin pasaytirishga, tibbiyot muassasa va tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, asosiysi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasi va sifatini oshirishga xizmat qiladi. Zero, tibbiyotdagi islohotlar: yangi hayot, Yangi O‘zbekiston uchun!

Muxtasar aytganda, sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi o‘laroq odamlarning mamlakatimiz tibbiyot tizimiga bo‘lgan munosabati o‘zgardi, ularning tibbiy savodxonlik darajasi oshdi. Bugun xalqimiz tibbiyotdagi ijobiy o‘zgarish va yangilanishlarni o‘z hayotida, turmush tarzida chuqur his etmoqda, desak ayni haqiqat.

 

 

Qizilgul QOSIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish