Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish bilan bog‘liq islohotlar oxirgi 6-7 yilda keng bo‘y ko‘rsatmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan Bolalar milliy tibbiyot markazi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimidagi eng noyob loyihalardan biridir.
Ushbu markaz 130 million dollardan ziyod mablag‘ hisobiga barpo etilgan, to‘liq zamonaviy tibbiy jihozlar bilan jihozlangan. Magnit rezonans tomografi, multispiral kompyuter tomografi, DNK analizatori hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar shular jumlasidan.
Bu yerda samarali faoliyat yuritish uchun 100 dan ortiq vrach va hamshiralar Janubiy Koreyada malaka oshirib qaytishdi. Jarrohlik amaliyoti uskunalariga maxsus kamera o‘rnatilgan. Maqsad – boshqa shifoxonalar va oliy ta’lim muassasalari bu yerda o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyotlarini onlayn tarzda ko‘rib turishi, zamonaviy texnologiyalar orqali masofaviy tibbiy ko‘riklar hamda konsiliumlar tashkil etish imkoniyati yaratishdir.
Ayni paytda ushbu tibbiy maskanda yiliga 3 mingdan ziyod noyob jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida bolalarda ilk bor umurtqa pog‘onasi qiyshiqligi (skolioz) kasalligining radikal korreksiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, 30 ga yaqin bemorda ushbu amaliyot o‘tkazilib, sog‘lomlashtirildi. Vaholanki, bugungi kunga qadar mazkur amaliyotlar bolalar fondi orqali Turkiya va Hindiston davlatlarida 20-25 ming AQSH dollari evaziga amalga oshirilib kelingan.
Shuningdek, joriy yil davomida markazda birinchi marta bolalarda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti mahalliy mutaxassislar ishtirokida amalga oshirildi. Qolaversa, o‘tgan iyul oyida O‘zbekistonda birinchi marotaba qon raki (oqqon) kasalligiga chalingan bolalalarda suyak ko‘migi autotransplantatsiyasi amaliyoti Hindiston va Belarus davlatlaridan kelgan mutaxassislar bilan hamkorlikda muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Markazda bajarilgan ushbu amaliyotga bor yo‘g‘i, 10 ming AQSH dollari sarflandi. Vaholanki, mazkur operatsiya hozirgi kunda chet mamlakatlarda jumladan, Turkiya va Belarus davlatlarida 120-170 ming AQSH dollari evaziga amalga oshirilishini inobatga olsak, yurtimiz tibbiyot muassasida ushbu amaliyotni yo‘lga qo‘yilishi tibbiyot sohasida erishilgan katta yutuqlarimizdan biri hisoblanadi.
Hozirgi kunda suyak ko‘migi autotransplantatsiyasi amaliyotini yiliga 70 tagacha yetkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston tarixida ilk bor joriy yilda Nukus shahrida bir kunlik chaqaloqda markaz mutaxassislari ishtirokida tug‘ma nuqson hisoblangan ekstrafiya va epispadiya kompleks kasalligini jarrohlik davolash amaliyoti o‘tkazildi.
2022 yil davomida 1 000 ga yaqin, joriy yilning o‘tgan davrida 1 200 ta kardiojarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida Qashqadaryo va Jizzax viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonalari tarkibida markaz filiali sifatida bolalar kardioxirurgiya bo‘limlari tashkil qilinib, joriy yil davomida 20 dan ortiq bemorda kardiojarrohlik amaliyotlari bajarildi.
Markaz mutaxassislarini xorijda tajribasini yanada oshirishga ham alohida e’tibor qilinayotir. Birgina ushbu yilda urologik va plastik xirurglardan iborat jamoasining chet davlatlar bilan o‘zaro aloqalari natijasida mutaxassislarning malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, ular Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga borib jarroxlik amaliyotlari o‘tkazishmoqda. O‘z navbatida ushbu davlatlardan mutaxassislar kelib Respublika bolalar milliy markazida o‘z bilim-ko‘nikmalarini oshirmoqda.
Quvonarli tomoni shundaki, Bolalar milliy tibbiyot markazida qo‘llanilayotgan kam invaziv davolash usullari bemorlarni qisqa muddatda va asoratsiz oyoqqa turg‘azishga xizmat qilmoqda. Jahon standartlariga mos, eng ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan, yetuk va malakali mutaxassislar jamlangan ushbu muassasa so‘nggi 25 yil ichida o‘z qobig‘iga o‘ralib qolgan o‘zbek tibbiyotini butunlay yangi bosqichga olib chiqishga hissa qo‘shdi.
Bu esa mazkur markazning, eng avvalo, Prezidentimiz aytganidek, oddiy xalq, ularning farzandlari salomatligi uchun bunyod etilgani va faoliyat olib borayotganini anglatadi. Zero, bugun davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan eng muhim talab ham shu: inson qadrini ulug‘lash, tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish hamda jondan aziz farzandlarimizning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishlari uchun mustahkam poydevor yaratishdir.
Muqaddas O‘RAZALIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.