“Ijtimoiy xizmat ishi”ni yuritish tartibi amaliyotga joriy etilmoqda

 

O‘zbekiston XDPning saylovoldi dasturida davlat va jamiyat ijtimoiy himoya hamda qo‘llab-quvvatlashga muhtoj aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilishi muhim vazifa sifatida belgilangan.

Mamlakatimizda ijtimoiy siyosat davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini ijtimoiy yordamlar ko‘lami kengayib borayotgani, bu sohada mutlaqo yangi tizim joriy etilayotganidan ko‘rishimiz mumkin.

 

Shu asosda muammoga oid mavhum ko‘rsatkichlar emas, balki yordam va ko‘makka muhtoj har bir oila va nuroniyning, xotin-qizlar, yoshlarning muammolari o‘z joyida aniq o‘rganilmoqda, ular vaqtida va samarali hal etilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-son qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ustuvor yo‘nalishlar qabul qilindi. Jumladan, 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining kasb-hunar egasi bo‘lish istagidagi 10-sinf o‘quvchilari uchun tegishli hududlarda talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslari joriy etilmoqda.

2023 yil 1 oktyabrdan boshlab og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori bo‘lgan har bir oila bo‘yicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi”ni yuritish tartibi amaliyotga joriy etiladi. Bunda, ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularga davolash, dori vositalari bilan ta’minlash, farzandlarini maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlariga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutiladi;

2024 йил 1 yanvardan boshlab:

Toshkent shahrining tibbiyot muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar hajmi va dori vositalari ro‘yxatini amaliyotga kiritishni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan ta’minlash ishlari “vaucher” tizimi asosida bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Bunda, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tovar va xizmatlarni o‘zlari tanlagan yetkazib beruvchidan xarid qilish imkoniyati yaratiladi va ularning xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularga o‘z salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etiladi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning aniq manzilli xususiyatga ega ekani har bir muhtoj insonga uning real ehtiyojini hisobga olgan holda yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda. Bunda ushbu toifaga mansub hech bir inson e’tibordan chetda qolmasligiga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Shu asosda jamiyatimizning ijtimoiy manzarasi butunlay o‘zgarmoqda, samarali boshqaruvning natijadorligi oshmoqda, eng muhimi, odamlarning hayotga, mehnatga, o‘zining taqdiri va ertangi kunga ishonchi ortmoqda.

 

Boymurat Yusupov,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i.

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish