O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona, Toshkent, Buxoro va Samarqand viloyatlariga tashriflari mobaynida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda belgilab berilgan keng ko‘lamli vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda ish o‘rinlari yaratish, bandlik darajasini oshirish, oziq-ovqat va energiya xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarni kamaytirish va oldini olish, iqtisodiyot tarmoqlariga investitsiyalarni faol jalb etish kabi muhim masalalar bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokidagi ishchi guruhlar joylarda bo‘lib, deputatlik va parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida qator o‘rganishlar olib bormoqda. Xalq deputatlari Kengashlarining sessiyalarida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi bilan bog‘liq masalalar atroflicha tahlil qilinib, zaruriy choralar belgilab olinmoqda.
Bugun xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash, 2023-2024 yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholi va ijtimoiy soha obyektlarini 2023 yilda “Yashil energiya” resurslari bilan barqaror ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi va Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining hisobotlari tinglandi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda jadal sur’atlarda islohotlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan inson va uning qadrini ulug‘lash, aholi turmush darajasini oshirish, ehtiyojmand aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish, mehnat uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Bu borada Kattaqo‘rg‘on shahrida ham manzilli ishlar olib borilmoqda. Xususan, aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari tashkil etish borasida joriy yilning birinchi yarim yilligida 5 815 ta ish o‘rni yaratilgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 1 078 nafar fuqaroga 19,8 mlrd so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Shaharda ishga joylashtirishga muhtoj ishsizlar, xotin-qizlar, yoshlar, ta’lim muassasalari bitiruvchilari, voyaga yetmaganlar, qurolli kuchlar va jazoni ijro etish muassasalaridan bo‘shatilganlar bandligini ta’minlash maqsadida yanvar-iyul oylarida 8 marta mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, 167 ta korxona va tashkilot 574 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashgan.
Qayd etilganidek, Kattaqo‘rg‘on shahrida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Sessiyada yo‘l qo‘yilayotgan sustkashlik va kamchiliklar tahlil qilindi. Xususan, shahar bo‘yicha joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida barcha yo‘nalishdagi jinoyatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 foizga ko‘paygan. Olib borilgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan, ayrim oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyat turlari oshishiga yo‘l qo‘yilgan.
Huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish, jinoyatlarni tubdan kamaytirish maqsadida shahardagi mahallalar, kriminogen vaziyat va aholi sonidan kelib chiqqan holda, “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilgan. Bu orqali har bir “qizil” va “sariq” mahallalarda huquqbuzarlik sodir etilishi yuqori bo‘lgan obyektlar, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar toifaga ajratilib, jinoyatlarni jilovlash bo‘yicha profilaktik ishlar olib borilmoqda.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan ham shaharda qator ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan 53 ta ko‘p xonadonli uylarning kirish yo‘laklari, 13 ta ko‘p qavatli uylarning yerto‘la qismidagi 236 metr oqova suv quvurlari, 8 ta uylarning ichimlik suv quvurlari, 5 ta uylar oldidagi bolalar o‘yingohlari, 1 ta uyning fasad qismi, 86 ta uylarning atrofidagi 280 metr irrigatsiya tarmoqlari ta’mirlanib, 84 dona elektr taqsimlovchi shitlarning avtomatlari hamda 2 ta uyning yerto‘la qismidagi ichimlik suvi nasosi yangisiga almashtirilgan. Sessiyada aholi xonadonlarini isitish tizimidagi mavjud muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Sessiyada mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi yetarli darajada ta’minlamagani qayd etildi. Profilaktika inspektorlarining mas’uliyatini kuchaytirish, jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish borasidagi tadbirlar samaradorligini oshirish, fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarni ochish ishlarini kuchaytirish kabi takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari bilan bog‘liq muammolarni zudlik bilan bartaraf etish, ko‘p-qavatli uylarga bosqichma-bosqich markazlashgan qozonxonalar o‘rnatish ishlarini boshlash zarurligiga e’tibor qaratildi.
Sessiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov ishtirok etdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Mazkur strategik hujjatlar inson huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish tarixiy ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Sessiyada muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.