Mamlakatimizda xotin-qizlar masalasi har doim e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Kuni kecha “O‘zbekiston -2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident Qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorda hamda qaror bilan tasdiqlangan tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning aksariyati partiyamiz dasturidagi vazifalar bilan hamohangligini kuzatish mumkin. Jumladan, qarorda belgilanganidek, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularga o‘z salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etiladi. Ushbu tartib joriy etilishi juda ko‘pgina muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Ya’ni partiyamiz elektorati bo‘lgan, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasb-hunarga bepul o‘qitiladi, ularning bandligi ta’minlanadi. Ishlayotgan xotin-qizlarning ijtimoiy faolligi oshadi, oilasining moddiy ta’minotiga o‘z hissasini qo‘shadi, jamiyatda, qolaversa, o‘z oilasida mavqei ko‘tarilib, o‘z o‘rniga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari Strategiyaning 25-maqsadi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash” deb nomlangan va bir nechta muhim vazifalarni o‘z ichiga olgan.
Jumladan, 2023 yilda muhtoj bo‘lgan 4000 nafar, 2024 yilda ham 4000 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash;
2023 yilda 2700 nafar, 2024 yilda 3000 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga davlat tomonidan maxsus jarrohlik amaliyotini o‘tkazish;
Oliy ta’limda talabalar orasida xotin-qizlar ulushini 2023 yil 49200 nafarga, 2024 yilda esa ular sonini 50 100 nafarga yetkazish;
Boshqaruv lavozimlarida xotin-qizlar ulushini 2023 yilda 29 600, 2024 yilda 30 200 nafarga yetkazish kabi vazifalar belgilab berilgan.
Shuningdek, joriy yilning oktabr oyidan boshlab, xotin-qizlar muammolari bilan ishlash tizimi raqamlashtiriladi, muammolarni o‘rganish va tizimli hal etish moduli yaratilib, amaliyotga tatbiq etiladi. Bu degani bironta murojaat yoki aniqlangan muammo e’tiborsiz qoldirilmaydi, ularni o‘z vaqtida ijobiy hal etish choralari ko‘riladi.
“Ayollar daftari” doirasida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish choralari ko‘riladi.
Shu bilan birga, oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlar hamda bolalarga nisbatan zo‘ravonliklarning oldini olish maqsadida “Sog‘lom ona-sog‘lom jamiyat” shiori ostida oilalarni mustahkamlash, notinch oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirish tadbirlari amalga oshiriladi, jamiyatda oilaviy zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish ishlari ham tizimli davom ettirilib, targ‘ibot- tushuntirish ishlarining namunaviy tartibi joriy etiladi. Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar uchun ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish xizmatlari kengaytiriladi.
Guvohi bo‘lganimizdek, ushbu hujjatda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni turli xil zo‘ravonliklardan himoya qilishdan boshlab, toki ta’limi olishi, kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash, uy-joy bilan ta’minlash, oila va jamiyatdagi mavqeini oshirish kabi masalalar o‘rin olgan. Albatta bunday imkoniyatdan har bir xotin-qizning unumli foydalanishini ta’minlash uchun har birimiz mas’ulmiz.
Yuqorida sanab o‘tilgan vazifalarni sifatli va to‘laqonli amalga oshirishda O‘zbekiston XDP tizimidagi mas’ullar hamda barcha darajadagi deputatlar faol ishtirok etishi, uning mazmun-mohiyatini partiyamiz elektorati bo‘lgan aholi o‘rtasida targ‘ib qilish, tushuntirish birinchi galdagi vazifamiz hisoblanadi. Har bir band va vazifalar ijrosi ustidan deputatlik hamda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish lozim.
“O‘zbekiston -2030” strategiyasining 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan dasturidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston XDP “Ayollar qanoti” ham o‘z rejasini qayta ko‘rib chiqib, yangi loyiha va tadbirlarni amalga oshirib, dastur ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etadi.
Gulshan Asatova,
O‘zbekiston XDP MK “Ayollar qanoti” rahbari.