O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqi va unda bildirilgan takliflar butun dunyo hamjamiyatini o‘zaro birlashishga chorlovchi nutq bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur nutqni butun o‘zbek xalqi katta hayajon va qiziqish bilan tingladi.
Jahon miqyosida ishonch inqirozi, global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuzatilayotgani, iqlim o‘zgarishlari va barchani birdek tashvishga solayotgan Afg‘oniston muammosini birlashib bartaraf etish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
Shunday murakkab siyosiy vaziyatda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ya’ni joriy yilning aprel oyida umumxalq referendumida qabul qilingan yangilangan xalq Konstitutsiyasida huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat tamoyillarini mustahkamladik.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasining qabul qilinishi esa islohotlarning Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un ravishda amalga oshirilishi, mamlakatimizning yanada rivojlanishiga zamin yaratadi. Ayniqsa, yurtimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, mamlakatimizda “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar bilan dadil ilgari boramiz.
Izchil davom etayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etib, so‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir martadan ortiq ko‘paydi va bu ko‘rsatkich 2030 yilga qadar yana 2 barobarga ko‘payadi.
Shuningdek, xalqimizning turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaydi. Bu ko‘rsatkich 2030 yilgacha 7 foizga tushadi.
Prezidentimiz yuksak minbarda O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilganiga urg‘u berib, hatto yangi Konstitutsiyamizda majburiy mehnat taqiqlanishi kafolatlab qo‘yilgani va buning uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligini aytib, majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirish zarurligi taklifini bildirdi.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasining 1-yo‘nalishi “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” yo‘nalishida ham eng birinchi navbatda ta’lim tizimiga e’tibor berilganidek, mazkur sessiyada ham Prezidentimiz o‘z nutqida inson kapitalini rivojlantirish va kreativ yosh avlodni tarbiyalash-O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan strategik vazifa ekanligini ta’kidladi. Ochiq va sifatli ta’lim kambag‘allikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishning eng samarali omili ekanligi va bu islohotlar 2030 yilga qadar yuqori pog‘onalarga chiqishi, ya’ni har bir bolani maktabgacha ta’lim to‘liq qamrab olishi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratilishi haqidagi maqsadlar ilgari surildi.
Aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish dolzarb ahamiyatga ega ekanligi va ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari haqidagi bitim, Markaziy Osiyo yoshlarini ta’lim olishlari, bandligini ta’minlashda katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Mazkur bitimni yanada samarali amalga oshirish maqsadida, Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi-2030” dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surganliklari, mamlakatimiz yoshlariga berilgan katta e’tiborning namunasidir.
Davlatimiz rahbari Yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikda harakatlarni kuchaytirish zarurligi va bu borada ekstremizm g‘oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalasini ilgari surdi.
Shuningdek, Xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirokini ta’minlash bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligi, oilalar mustahkamligi, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlash, gender tenglikka erishish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bugun dunyo hamjamiyati nazarida turibdi. Yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar natijasida bugun xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi birinchi marta 35 foizga yetdi. Shuningdek, ayollar va voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida qonun qabul qilinganligi, biz ayollar va farzandlarimiz davlatimiz va Prezidentimiz himoyasida ekanligidan dalolat beradi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkin-ki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 78-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan takliflar nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki butun dunyo hamjamiyatini birlashishga, o‘zaro ishonch va hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Dilbar Mamadjanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.