Shu kunlarda dunyo nigohi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ham ushbu sessiyada ilgari surgan tashabbuslari, bildirgan fikr-mulohazalari dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda.
Ta’kidlash joiz, keyingi yillarda mamlakatimizda davom etayotgan izchil va keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekiston iqtisodiyoti, global tahdidlarga qaramasdan, barqaror o‘smoqda. So‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim martadan ortiq ko‘paydi. Shuningdek, xalqimizning turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017 yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaydi.
O‘tgan davrda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning mehnat qilish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan imtiyozlar bugun yuqori natija berayotganining guvohi bo‘lyapmiz.
Jumladan, davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan jismoniy va yuridik shaxslarga bandlik xizmatlari ko‘rsatish “Yagona oyna” tamoyili asosida sifat va natijadorligi yuqori darajaga oshirildi. Bu orqali ish bilan band bo‘lmagan aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar 4 barobarga oshdi. 2017 yilda 274,0 ming, 2018 yilda 626,5 ming, 2019 yil 773,5 ming, 2020 yilda 1 096,4 ming, 2021 yilda 880 ming nafar fuqarolarga bandlik xizmatlari ko‘rsatilgan.
Ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida mehnat shartnomalari tuzish, elektron mehnat daftarchasi yuritish bo‘yicha “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi ishga tushirildi. Mazkur tizim orqali aniqlangan bo‘sh ish o‘rinlariga 2017-2021 yillarda 1 388,7 ming ishsizlarga ishga joylashishga ko‘maklashildi.
E’tiborlisi, 2019 yildan boshlab esa Mehnat bozorida bandlikni ta’minlashning yangi instrumentlari joriy etilib, 13 turdagi subsidiya ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. 2019-2021 yillar mobaynida 113,8 ming nafar ishsiz, kam ta’minlangan, ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oila a’zolarini bandligini ta’minlash uchun 263 mlrd.so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan. Albatta, bu kabi omillar yuz minglab yoshlar, xotin-qizlarning bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarda zamonaviy kasb va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishda hamda kasblarga o‘qitish tizimida tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tasarrufida ko‘plab kasb-hunarga o‘qitish markazi, kasb-hunarga o‘qitish maskani, ishga marhamat “Monomarkaz”i faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbuslarini ma’qullagan holda, 2024 yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘li” butunjahon konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tqazishni taklifini ilgari surdi.
Shuningdek, kambag‘allikka barham berish, xalq farovonligini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishning eng samarali omili hamma uchun ochiq va sifatli ta’lim ekanligi bildirildi. Bu borada O‘zbekistonning aniq rejalari borligi aytilib, 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratilishi qayd etildi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va g‘oyalar mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarni yanada kengaytirishga, aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘rol O‘ROZBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.