Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Aholi bandligini ta’minlashning samaradorligini oshirishda mehnat resurslari balansini shakllantirishning ahamiyati: muammolar va istiqboldagi rejalar” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi mas’ul xodimlari, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, davlat iqtisodiyoti rivojlanishi undagi ishsizlik darajasi bilan belgilanadi. Ishchi kuchiga bo‘lgan talab va taklif esa bandlik xizmati organlari tomonidan tartibga solinadi. Mamlakatimizda aholi sonining yildan-yilga oshishi natijasida har yili minglab yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Milliy iqtisodiyotimizga yangi tarmoq va yo‘nalishlar qo‘shilib, yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilayotgani aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, so‘nggi yillarda aholi bandligini ta’minlash, ularga bandlik xizmati ko‘rsatish borasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xalqaro mehnat tashkilotining 19 ta Konvensiyasi va 1 ta bayonnomasi ratifikatsiya qilingani bu boradagi ishlarni tizimli tashkil qilishga, aholi farovonligini oshirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qilayotir.

2020 yilda qabul qilingan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun esa mehnat bozorining erkinligi, aholi bandligi bilan bog‘liq barcha huquqiy munosabatlarni o‘z ichiga olgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjatga aylandi.

Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mehnat bozorida bandlikni ta’minlashning yangi instrumentlari joriy etilib, 13 turdagi subsidiyalar ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi va ular kengayib bormoqda. 54 turdagi kasblar bo‘yicha 59 ta kasb-hunarga o‘qitish markazlari, 140 ta kasb-hunarga o‘qitish maskanlari, 16 ta ishga marhamat “Monomarkaz”lari tashkil etildi.

O‘zini o‘zi band qilish, repetitorlik xizmatini ko‘rsatishning huquqiy asoslari takomillashtirilib, 80 dan ziyod faoliyat turlari daromad solig‘idan ozod qilindi. Yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida yoshlarga 1 gektardan yer ajratilmoqda. Oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarning ishlab, daromad topishlari uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilyapti.

Mamlakatimizda bandlik sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasida respublikamizda ishsizlik darajasi so‘nggi olti yilda 9,5 foizdan 8,1foizga kamayishiga erishildi. Kelgusida ham bu boradagi ishlar tizimli ravishda davom ettiriladi. Zero, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida bandlik ko‘lamini oshirish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish orqali mehnat bozorining barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Seminar davomida “Aholi bandligini ta’minlashning xuquqiy asoslari”, “Mehnat resurslari balansini shakllantirishning metodologiyasi, usullari”, “Aholini ish bilan bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar va mavjud mexanizmlar” “Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish, mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

Muhokamalar davomida erishilgan ijobiy natijalar bilan birga mazkur sohadagi mavjud muammolar va kamchiliklar ham alohida e’tibor qaratildi. Deputatlar ishsizlar soni to‘g‘risidagi mahalladan olingan ma’lumotlar kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limidan olingan ma’lumotlarga mos kelmaslini, amalga oshirilgan ishlarga qaramay hamon norasmiy bandlikning ulushi yuqori ekanligini qayd etdilar.

Shuningdek, ish o‘rinlari sonining mehnat bozori talablariga mos kelmasligi mehnat bozorida muvozanatning buzilishiga, ayrim hududlarda ishsizlik darajasining oshib ketishiga, noqonuniy mehnat migratsiyasini o‘sishiga olib kelayotgani ta’kidlandi.

Qizg‘in baxs-munozaralar va savol-javoblar tarzida o‘tgan seminar yakunida norasmiy bandlik ulushini qisqartirish, mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga oid tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

 

 

Teglar

Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish