Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari ta’minlanmoqda

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi media markazida «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ullari, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Boshqaruvi, barcha darajadagi partiya kengashlari raislari va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari a’zolari, O‘zbekiston Nogironlar jamiyatining hududiy bo‘linmalari rahbarlari, Kambag‘allikni qisqartirish va Bandlik vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari, partiya faollari, yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishni partiya Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i B.Yusupov olib bordi. U o‘z so‘zida mamlakatimizda 1 millionga yaqin nogironligi bo‘lgan fuqarolar borligi, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mos mehnat faoliyati orqali turmush kechirishga yetarli pul ishlab topish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun zarur va raqobatbardosh sharoit yaratish, o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his qilishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib borilayotganligi haqida gapirib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati U. Urazboyev 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida 66-maqsad Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish deb belgilanganligi haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Sirdaryo viloyati Boyovut tumani Kengashi deputati Jumaboy Raxmonqulov partiyadan saylangan viloyatning barcha darajadagi deputatlari bu borada deputatlik va jamoatchilik nazoratini muntazam olib borayotganligi haqida ma’lumot berdi. O‘rganishlar doirasida boshqa vazifalar bilan birgalikda – nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda teng sharoitlarni va ularni buzganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash borasida amaliy ishlar hayotga tatbiq etilganini ta’kidladi. Xususan, Nogironlar, Ko‘zi ojizlar hamda ko‘rlar jamiyatlari bilan hamkorlikda Guliston shahar “Ishga marhamat” monomarkaziga nogironligi bo‘lgan shaxslarni o‘qitish uchun surdo tarjimoni ishga olinib uqalovchi, elektrik, oshpazlik, maishiy texnika qurilmalarini ta’mirlash ustasi, sartaroshlik, payvandlash ustasi, qandolatchi, tikuvchi yo‘nalishlarida o‘quv kurslari tashkil qilinib, sertifikatlar berilgan.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish va bandligini ta’minlash maqsadida nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbiy reabilitatsiya qilish, ularni mehnatda kuzatib borish, mos keladigan kasblar bo‘yicha ish o‘rinlarini zaxira qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi kabilar bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rib kelinmoqda.

Davra suhbati so‘nggida, mamlakatimizda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining ratifikatsiya qilinishi yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ulkan qadam tashlanganidan dalolat berishi bilan birgalikda katta mas’uliyat ham ekanligi e’tirof etib o‘tildi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Jamoatchilik qabulxonasi Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish