Xalqlar birdamligi — davlatlar tinchligi garovi

 

BMTning oliy minbarida bugun dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar fonida sayyoramizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik hamda ishonchni tiklashga qaratilgan muhim da’vatlar yangradi. Mamlakatimiz yetakchisining o‘zbek tilidagi nutqi va undagi mazmunli, o‘rinli hamda ayni paytda zarur bo‘lgan takliflar har bir vatandoshimizga g‘urur bag‘ishlashi shubhasiz.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yoshlar va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi, ayniqsa, dolzarb ahamiyatga ega. Ushbu sohada hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda mintaqamiz davlatlari tomonidan Yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari haqidagi bitim imzolandi.

Ayni paytda mintaqa mamlakatlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish, boshqa mintaqalarning ilg‘or tajriba va yutuqlarini o‘rganishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil qilish taklif etildi. Uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligiga alohida urg‘u berildi.

Tan olish kerak, yaqin o‘tmishimizdagi ba’zi voqealar yaqin qo‘shnilar o‘rtasidagi tushunarsiz hamda o‘rinsiz adovatni yuzaga keltirdi. Sobiq tuzum ta’siridan chiqolmagan avlod vakillari o‘z harakatlarini to‘g‘ri, deb baholadi. Vaholanki, biz barchamiz og‘a-inilarning bolalari kabi bir-birimizga yaqin bo‘lib yashaganmiz. Buni tarixiy haqiqatlar yaqqol isbotlab turadi. Ota-bobolarimiz bir daryodan suv ichib, bitta nonni ham bo‘lishib yegan.

Bugun ulug‘ qadriyatlarni qayta jonlantirish, odamlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlash yo‘lida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Zero, xalqlar birlashsa, do‘stlashsa, bir-biriga kulib qarasa, yelka tutishga o‘zida kuch topa olsa, mana shu haqiqiy taraqqiyot omili bo‘ladi. Xalqlarning birdamligi esa bevosita davlatlar rahbarlari qabul qilayotgan qarorlar, ularning munosabatiga bog‘liqdir.

Masalan, yaqinda Andijon viloyati Xonobod shahridagi qo‘shni Qirg‘izistonning Bekobod tumani bilan tutash hududidagi chegara punkti qayta ochildi. Bu odamlarning cheksiz quvonchi, minnatdorligiga asos bo‘ldi. Uzilgan rishtalar qayta tiklandi, so‘nib qolgan hayot yana jonlandi va bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Agar ular sirasiga mintaqa yoshlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash tashabbuslari kiritilsa, taraqqiy etgan kelajak haqidagi tasavvurlarimiz haqiqatga aylanadi.

Muhimi, yoshlarda sharqona madaniyat hamda milliy g‘ururni kuchaytirish, zamonaviy bilimlarni puxta egallashiga zamin yaratish va ana shular asosida mintaqa hayotida aks etuvchi loyihalarni amaliyotga tatbiq etishga intilishni kuchaytirish zarur. O‘ylaymanki, yoshlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarining yaxshilanishi yangidan­yangi tashabbuslarga yo‘l ochadi.

 

Olim Ravshanov,

O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi.

«O‘zbekiston ovozi», 27.09.2022, №38

 

 

 

 

Teglar

Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish