Intellektual mulk egalarining huquqlari yanada mustahkamlanmoqda

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Dastlab fraksiya a’zolari tomonidan “Intellektual mulkni ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12-1-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda intellektual faoliyat bilan shug‘ullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli himoya qilishning institutsional hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish, intellektual mulk sohasini isloh qilish, mualliflar va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda huquqni qo‘llash amaliyotida intellektual mulk egalarining huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda bir qator muammolar mavjud.

Xususan, ijodiy va tadbirkorlik faoliyatida yaratilgan intellektual mulk obyektlaridan raqamli muhitda qonunga xilof ravishda foydalanish bilan bog‘liq qilmishlar axborotlashtirish sohasini tartibga soluvchi maxsus qonunchilik hujjatlarida aniq belgilanmaganligi, intellektual mulk obyektlari huquq egalarini bu turdagi huquqbuzarliklardan himoya qilish bo‘yicha huquqiy kafolatlar mavjud emasligi bir qator dolzarb muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuniga intellektual mulk obyektlari huquq egalarining huquqlarini Internet jahon axborot tarmog‘ida himoya qilishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha kiritilmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar, uning naqadar muhimligi, inson, uning mehnati, ya’ni intellektual mulk huquqlari himoyalanishiga xizmat qilishini ta’kidlab, axborot resursi egasining shaxsiy javobgarligini oshirish qator qonun buzilishi holatlarining oldini olishga zamin yaratishini qayd etdilar. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.

Yig‘ilishda shuningdek, “Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hamko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, davlat xizmatlari markazlari tomonidan xizmatlarning qamrab olish darajasi pastligi, davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlarining uzunligi, ular bo‘yicha to‘lovlarning yuqoriligi, aksariyat davlat organlarining zarur ma’lumotlari to‘liq raqamlashtirilmaganligi dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Ya’ni, 13 ta qonunga faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar va hujjatlarni talab qilmaslik bo‘yicha tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotgan bo‘lsa, 2 ta qonun bilan ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari qisqartirilmoqda. Masalan, ommaviy axborot vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini 15 kundan 10 kunga qisqartirish belgilanmoqda.

Deputatlar ta’kidlanganidek, qonun loyihasi davlat xizmatlarini sifatli ko‘rsatilishini ta’minlashga, turli toifadagi davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qiladi. Qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashilgach, taklif va tavsiyalar bilan qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish