Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat a’zolaridan iborat ishchi guruhlar tuzilib, turli hududlarda rejali o‘rganishlar olib bormoqda. Asosan oziq-ovqat, energiya xavfsizligi, bandlik, jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi masalalarga e’tibor qaratilmoqda. O‘rganishlar jarayonida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning sessiyalari o‘tkazilib, real holat tahlil qilinmoqda, vazifalar belgilanmoqda.
Masalan, Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida vaziyat atroflicha o‘rganildi. Ijobiy ishlardan tashqari, muammo va kamchiliklar ham aniqlandi. Ana shulardan biri aholi daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ajratilayotgan yerlarning me’yoriy qiymati oshib ketganida ekani ma’lum bo‘lgan. Ya’ni, ye-auksion platformasi orqali o‘tkazilayotgan savdoga ko‘ra yuqori narx taklif etgan talabgor yerga ega bo‘ladi. Natijada «Yagona ijtimoiy reyestrda» ro‘yxatga olingan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar hamda «Temir», «Ayollar» va «Yoshlar» daftarlaridagi ishsiz va kam daromadli aholining yer sotib olish imkoniyati pasaymoqda. Afsuski, bu holat respublikaning barcha hududida mavjud.
Shuningdek, tadbirkorlar kreditlangan loyihalarini sug‘urtalagan bo‘lishiga qaramay, sug‘urta kompaniyalarida hech qanday mas’uliyat yo‘qligi tizimli muammolarga sabab bo‘lmoqda. Umuman, bankrotlikning oldini olish hamda banklarga bo‘lgan ishonchni oshirish uchun kredit tizimini qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq takliflar bildirildi.
Sessiya kun tartibidan yana boshqa masalalar ham o‘rin olgan bo‘lib, ularning har biri alohida muhokama qilindi. Kamchiliklarni bartaraf etish, muammolarga yechim topish, huquqiy asosni mustahkamlash bilan bog‘liq takliflar bildirildi. Tabiiyki, jinoyatchilik va huquqbuzarlik qaysidir hududda oshgan, yana boshqa joyda kamaygan. Uning turlari ham shu tariqa o‘sish va kamayish xususiyatiga ega. Ammo bu xotirjamlikka asos bo‘lolmaydi. Shu bois profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga, foydali ishlarga yo‘naltirishga harakat qilish lozim.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarning bajarilish holati, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi yuzasidan ham axborotlar eshitildi. Muammolarning yechimi muhokama qilindi.
Aslida qanday o‘tishi kerak?
Parlamentning bir necha vakillari qatnashgan sessiyalar ancha demokratik o‘tishi tabiiy. Lekin faqat o‘sha hudud deputatlari va mutasaddilari ishtirokida o‘tadigan sessiyalarning ijro hokimiyati yig‘ilishidan katta farq qilishi mushkul. Buning bir nechta sabablari bor.
Sessiya aslida qanday o‘tkaziladi? Muammo o‘rganiladi, sessiyaga kiritiladi va deputatlar hamda mahalliy ijro organlari ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Yig‘ilish yakunida qarorlar qabul qilinadi, aniq vazifalar belgilanadi. Ularning ijro etilishi hayotni yaxshilashga, odamlarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishga xizmat qiladi.
Shunda ekan, majlis o‘tkazib, jadval yasash, qog‘oz to‘ldirish bilan sessiya o‘tgan, deputatlar vazifasini bajarib qo‘ygan hisoblanmaydi.
Aksincha, hammasi qaror qabul qilingach boshlanadi. Chunki muammoning yechimi qarorning ijrosiga bog‘liq. O‘rganishlar natijasi esa nazorat tadbirlariga qarab samarali yoki samarasiz bo‘ladi.
Vaziyat qanday?
Deputatlik korpusi hamda mahalliy hokimiyat o‘rtasidagi munosabatlar, hamkorlik qay darajada? Deputat ko‘targan masalaga mas’ullarning munosabati va qaror ijrosi ustidan nazorat qoniqarlimi?
Shu kabi savollar bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi O‘rol O‘rozboyev fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
— Bilasizmi, so‘ngi yillarda davlatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning tub mohiyati inson huquqlari himoyasini qonunda va amalda ta’minlash, buning kafolatlarini yaratishdan iborat.
O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va hokimiyatning bo‘linish tamoyili bilan bog‘liq islohotlarning huquqiy asosi yaratilgan. Konstitutsiyamizning 11-moddasida O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi, degan jumlalar bilan belgilab qo‘yildi. Hududiy vakillik va ijro organlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha huquqiy asoslar shakllantirilib, islohotlar ketma-ket rivojlantirib borilyapti.
Eslasangiz, Prezidentimiz «Davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi muhim masala — bu joylarda hokimlar va mahalliy Kengashlar vakolatini ajratishdir», degan edi. Mahalliy Kengashlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari kengaydi. Shundan kelib chiqib, hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi demokratik me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydi.
Bu islohotning joriy etilishi hokimiyat vakolatlarining bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga olib keladi. Hududlarda hokimliklar faoliyati ustidan Kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bilasizmi, bugun xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining oldida turgan ayrim muammolarni o‘rganish, tahlil etish, mahalliy budjetni qabul qilish, uning ijrosi nazorati xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlariga kirsada, hududlarda ayrim holatlarda budjet ijrosi har chorakda ko‘rib chiqilmayapti. Oqibatda nima bo‘layapti? Mahalliy budjetni ijro etishda, mablag‘larni maqsadli sarflashda muammolar ham yuzaga kelmoqda.
Nima uchun bu fikrni bildiryapman? Hududlarda hokimlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish jarayonida, baribir, hokimlarning munosabatiga, ko‘rsatmasiga tayanib qolinyapti. Bunga sabab tabiiyki, huquqiy asosning to‘laqonli emasligi va andisha bo‘lib qolmoqda.
Bugun, to‘g‘risini aytishimiz kerak, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirib berishimiz kerak. Qonunlarda hokim hisobotini eshitish mexanizmlari to‘liq tartibga solinmagan. Ya’ni, qonunchilikda Kengashning hokim va mahalliy ijro hokimiyati faoliyatini baholash mezonlari, hokim hisobotini qanday hollarda qoniqarsiz, deb baholash mumkinligi, bunday hollarda qanday ta’sir choralari ko‘rish mumkinligi haqidagi va boshqa qator masalalar ochiq qolgan.
Ayni vaqti
Yangilangan Konstitutsiyamizning 120-moddasida viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyati vakillik organlari sifatida Kengashning maqomi belgilangan. Xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi.
Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas.
Ushbu yangilik asosida Xalq deputatlari kengashi rahbari alohida bo‘lishi hamda hokim kengashlarning rahbari bo‘la olmasligi to‘g‘risida alohida qoida belgilandi. Shuningdek, Xalq deputatlari kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi kengashlarning demokratik tabiatini ifoda etadi.
Qarangki, Konstitutsiyamizda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini samarali tashkil etish, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ham aniq normalar belgilab qo‘yildi.
Xulosa qilib aytganda, bir shaxs bir vaqtning o‘zida ham hokim, ham mahalliy kengash raisi bo‘lmasligi haqidagi normalarning belgilanishi mahalliy Kengashlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytiradi, joylardagi mahalliy aholi manfaatlarini himoya qilish imkoniyatini kengaytiradi. Samarali deputatlik nazoratining amalga oshirilishi uchun konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytiradi. Viloyat, tuman va shahar hokimining hisobdorligi, mas’uliyati va javobgarligini oshiradi. Ushbu o‘zgarishlar kelgusida mahalliy davlat hokimiyati organlarining samarali faoliyat olib borishiga albatta xizmat qiladi.
Ko‘proq deputatlarga bog‘liq
Mahalliy hokimlik boshqaruvi organlarining deputatlar faoliyatiga munosabati o‘zgarmagani haqida ezilib gapirgandan foyda yo‘q. Avvalo deputatlik korpusining o‘zi hurmatga loyiq darajada bo‘lishi muhimdek tuyuladi.
Qaysi deputatdan so‘ramang, tortinib gapiradi. Javoblarda ham andisha sezilib turadi. To‘g‘ri, madaniyatli ko‘rinish yaxshi xususiyat.
Ammo bu yerda boshqa masala ham bor. Ayrim deputatlar o‘z ustida ishlolmagani, ter to‘kib, yelib-yugurgisi kelmagani uchun bahona yo‘lini qidirib qoladi. O‘zining uquvsizligida qonunlar, qandaydir katta sabablarni vaj qilib ko‘rsatmoqchi ham bo‘ladi. Hurmat qonunlardan ham avval mehnatga va jamoatga sadoqatga, samimiy faoliyatga qarab keladi.
Inson manfaati haqida gap ketganda ayrim «an’ana»lardan voz kechish, kerak bo‘lsa, «qora ro‘yxat»ga tushishdan cho‘chimaslik va keskin choralar ko‘rish bilan bog‘liq takliflar bera olish zarur. Zero, joylardagi muammo va kamchiliklar haqida gapirish uchun uni ko‘ra olish, ko‘rish uchun esa o‘z yashab turgan joyini sevish, hamyurtlari va vatani taqdiriga befarq bo‘lmaslik talab etiladi.
O‘z navbatida, masalani o‘rganib, sessiyaga olib chiqayotgan, mas’ullardan yechim so‘rayotgan deputatlarga ham siyosiy iroda, tashabbuskorlik va albatta jasorat kerak. Bilim va tajriba esa ularning eng muhim quroli bo‘lmog‘i lozim.
Umid qilamizki, ijro hokimiyati va deputatlar xalq manfaati yo‘lida hamfikr bo‘la oladi. Eng yaxshi va to‘g‘ri hurmat xizmatini tan olish ortidan olingan hurmatdir.
Zilola UBAYDULLAYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
«O‘zbekiston ovozi», 4.10.2022, №39