Mamnun bo‘lishga hali bor

 

Mamlakat normal rivojlanishi bir qancha omillar, xususan, ijtimoiy-siyosiy institutlar qanchalik shakllanishi va ishlashiga bog‘liq. Kuchli iqtisodiyotga ega qaysi davlatni olmang, u yerda ijtimoiy-siyosiy institutlar real ishlaydi. Bunga bir-ikki yilda erishib bo‘lmaydi. Lekin, shu bilan birga, islohotlar ham o‘z-o‘zidan amalga oshib qolmaydi. Buning uchun faollar, fidoyilar, so‘rab turuvchilar, javob berishga undovchilar, ya’ni siyosiy tuzilmalar tashabbuskor bo‘lishi lozim.

10 yil oldin mahalliy Kengash deputatlarida qancha vakolat bor edi? Hozir real vaziyat qanday?..

Bugun barcha darajadagi rahbarlar deputatlar oldida hisobdorga aylandi. Ammo hisob so‘ray olish uchun mehnat va katta tayyorgarlik kerak. Aksariyat deputatlar mutasaddilardan hisob so‘rashga tayyormi? Savolni bu tarzda qo‘ysak, javob va fikrlar bir qadar o‘zgaradi.

Ayni paytda yurtimizda deputatlik maqomiga ega kishilarning necha foizi shu nomga munosib, qanchasi shunchaki yuribdi – aniq aytish qiyin. Nisbatan to‘g‘riroq javobni deputatlar faoliyatiga bevosita nazar tashlash orqaligina bilish mumkin.

 

Sessiyaga masala kiritildi

Mahalliy Kengashlarda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan 1500 nafarga yaqin deputat faoliyat yuritadi. Partiya Saylovoldi dasturidagi maqsad-vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha 2023 yilga mo‘ljallangan amaliy harakat dasturi qabul qilingan. Unga binoan oktabr oyiga qadar 800 dan ortiq masala xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya guruhlari tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan. Amalda, ma’lumotlarga ko‘ra, 600 ga yaqin masala partiya guruhlarida muhokama qilinib, shundan doimiy komissiyalarda 422 tasi, sessiyalarda esa 371 tasi ko‘rib chiqilgan.

Tahlillarga ko‘ra, sessiyaga kiritilgan masalalarning aksariyat qismi aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liqdir va ular 89 tani tashkil etadi.

Sog‘liqni saqlash sohasiga oid 68 masala, ta’lim tizimini rivojlantirish, maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati bo‘yicha 48 ta masala sessiyaga kiritilgan.

Shuningdek, qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish hamda servis sohasini yaxshilash, namunaviy maishiy xizmat komplekslarini tashkil etish hamda transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish kabi qator masalalar deputatlar tomonidan o‘rganilib, sessiya qarorlari qabul qilinishiga erishilgan.

Aslida son emas, ish sifati muhim sanaladi. Shunday ekan, doimiy komissiya va sessiyalarda ko‘rilgan masalalarning ijrosi nazoratga olinganmi, yechimi bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazilganmi-yo‘qmi, degan savollarning javobiga qarab natijani baholash mumkin. Bu esa bevosita mahalliy hokimiyat vakillik organlari mas’uliyati va vijdoniga bog‘liq.

Bir narsa aniqki, o‘z ishining ustasi bo‘lgan va qonuniy huquq hamda vakolatlaridan to‘g‘ri foydalana olgan deputatning so‘zi yerda qolmaydi. Ya’ni, u o‘rganilgan masalaning taqdiriga befarq bo‘lmaydi, uning oxiriga yetmay qo‘ymaydi. Loqayd, befarq xalq vakillari esa «sessiya masala kiritdim, ishimni zo‘r bajardim», degan xulosa bilan xotirjamlikka beriladi va xato qiladi. Chunki haqiqiy ish sessiyadan so‘ng boshlanadi. Unda qabul qilingan qaror asosida biror bir hududdagi muammo yechim topadi, odamlarning mushkuli oson bo‘ladi. Vazifasiga sadoqatli deputat esa masala hal bo‘lmaguniga qadar halovat topmaydi.

Masalan, samarqandlik va toshkentlik deputatlarni ana shunday qalbi uyg‘oq kishilar sirasiga kiritish mumkin. Gap shundaki, son jihatdan boshqa hududlardan kam bo‘lishiga qaramay, ushbu hududlarda doimiy komissiya va sessiyalarga kiritilgan masalalar soni ancha yuqori.

Aytaylik, viloyat Kengashida 8, tuman va shaharlarda 109 nafar vakiligi ega deputatlik korpusi a’zolari 43 ta masalani sessiyaga kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Andijondagi deputatlar soni ulardan ko‘p bo‘lsa-da, hozircha 16 ta masala bilan kifoyalanilgan.

Toshkentda 61, Sirdaryoda esa 84 nafar XDPdan saylangan deputatlar faoliyat ko‘rsatadi. Sirdaryoliklar 10 ta masalani sessiyaga kiritgan bo‘lsa, poytaxtlik vakillar 44 ta masala yuzasidan sessiya qarori qabul qilinishiga erishgan.

 

Boymurod YUSUPOV,

O‘zbekiston XDP Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i:

— Partiya guruhi a’zolarining qonunda belgilangan huquq va vakolatlardan to‘liq foydalanishi dolzarb masala. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir muhim masalalarni hal qilishda xalq deputatlari Kengashlaridagi O‘zbekiston XDP guruhlarining roli va ishtiroki sezilarli darajada oshmoqda.

Hokimlarning har yili hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim masalalari yuzasidan tegishli xalq deputatlari Kengashlariga hisobot berishi bo‘yicha monitoring olib borilmoqda. Partiya guruhlarining nazorat-tahlil faoliyati yakuniga doir qarorlarida faqat tavsiyalar emas, balki chuqur asoslantirilgan, qonunlar ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar, ko‘rsatmalar bo‘lishiga erishilmoqda.

Qonun normalarining xalqchilligini ta’minlash maqsadida qonun loyihalarini «markaz – viloyat – tuman» tizimi asosida partiya quyi bo‘g‘inlarida hamda mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarida muhokama qilish, ularning takliflarini olish borasidagi ishlar davom ettirildi.

Ijrosi o‘rganilgan qonunlarni takomillashtirish, zamon talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar fraksiyaga taqdim etib kelinyapti.

Aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish, muammolarni tezkorlik bilan joyida hal etishga qaratilgan «Deputat mahallada», «Mahallada kambag‘al oilalar sonini kamaytirish» loyihalari samarali amalga oshirilyapti. Deputatlar tomonidan fuqarobay, xonadonbay aholi muammolarini o‘rganish maqsadida sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.

Muloqotda respublika darajasida hal bo‘ladigan masalalarni partiya fraksiyasiga, viloyat darajasida hal bo‘ladigan masalalarni partiya guruhi orqali viloyat Kengashi hamda tuman darajasida hal bo‘ladigan masalalarni tuman Kengashi sessiyasi muhokamasiga olib chiqish tartibi joriy etildi.

Deputatlarning dolzarb masalalar bo‘yicha aniq pozitsiyaga ega bo‘lishi, fikr-mulohaza bildirishi, partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib, tashabbuslar ilgari surishi butun faoliyatimizni yangicha ruh bilan kuchaytirishga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz.

 

Deputatlik so‘rovi

Ma’lum bo‘lishicha, deputatlik so‘rovi yuborishda ham raqamlarda o‘zgarishlar bor. Masalan, hududlardagi muammolarni hal etishga qaratilgan 3601 ta deputatlik so‘rovi mas’ullarga yuborilgan. Uning aksariyat qismi, ya’ni 2353 tasi bo‘yicha ijobiy javob olingan. Anglashiladiki, masalalarning 60 foizdan oshig‘i yechim topgan.

Bu yo‘nalishda farg‘onaliklarga teng keladigani bo‘lmagan. Mazkur hududda XDPdan saylangan 132 nafar deputat 459 ta so‘rov yuborgan. Ularning 90 foizdan ortig‘i yoki 419 tasi ijobiy yechim topgan. Bu esa kamida shuncha odam va ularning oilasiga ko‘mak berilgani, masalasi hal etilganini anglatadi.

Sessiyaga masala kiritishda ham ilg‘orlar safida bo‘lgan xorazmlik noiblar 315 ta so‘rov yuborishga erishgan. Ammo negadir yuborilgan deputatlik so‘rovlarining 210 tasiga javob berilgan.

Raqamlarga e’tibor qiladigan bo‘lsak, Toshkent shahri, Qashqadaryo va Andijon viloyatidagi so‘rovlar soni 100 tadan kamligini ko‘rish mumkin. Bunda mazkur hududlarda muammolar yo‘qdirda, degan xulosaga kelsa ham bo‘ladi. Ammo Harakatlar dasturidan o‘rin olgan masalalar yechimini kutayotgan kamchiliklar oz emasligidan dalolatdir.

Misol uchun, Namanganda 140 nafarga yaqin XDPdan saylangan noiblar bor. Ular 8 oyda 200 ta so‘rov yuborgan. Harakatlar dasturi bo‘yicha belgilangan masalalarni kam qismi sessiyalarda muhokama etilgan.

Deputatlar vaqt sarflab yuborgan so‘rovining taqdiridan u qadar xavotirda emasdek go‘yo. Aks holda, ularning yechimiga erishish uchun mas’ullarning eshigini takror va takror taqillatishdan erinmagan bo‘lishardi. 200 ta so‘rovning atigi 70 dan ortig‘iga javob berilgan. Qolganlarining taqdiri hali noma’lum.

Albatta, bu raqamlar joylardagi, partiya guruhlari faoliyatidagi haqiqiy holatni anglatmaydi. Real ko‘rsatkichlar o‘zgargan yoki farq qilishi mumkin. Asosiy masala faqat raqamlarda emas.

 

Eshituvlar soni

Ma’lumki, partiya guruhlari faoliyatida har bir hududning rahbar va mansabdor shaxslarining axborot hamda hisobotlarini eshitish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu orqali joylarda olib borilayotgan ishlarning sohalar kesimidagi holati, tahlili, shuningdek, budjet mablag‘larining samarali sarflanishi kabi masalalar haqida ma’lumot beriladi. Joriy yilning 8 oyida partiya guruhlari tashabbusi bilan ana shunday yig‘ilishlarning 318 tasi o‘tkazilgan.

Hisobot va axborot davomida olib borilgan ishlar bilan bir qatorda, yechimini kutayotgan muammolar haqida ham so‘z yuritiladi. Deputatlar o‘z hududlaridagi muammolarga yechim topish yuzasidan mas’ullarga savollar bilan murojaat qiladi. Muammolarni hal qilish borasida o‘z taklif hamda fikr-mulohazalarini ham bildirishi lozim. Agar har bir eshituv shu tariqa o‘tkazilsa, ancha masalaga oydinlik kiritilib, yechimi osonlashadi.

 

Xulosa

Masalani o‘rganish, sessiyalarga kiritish, deputat so‘rovi yuborish, mas’ullar axboroti yoki hisobotini eshitish – bularning barchasida avvalo xalq manfaati yotadi. Sessiyaga kiritilgan masalaning mohiyati, uning o‘rganilganlik darajasi, yondashuv orqali deputat yoki deputatlik guruhining saviyasi namoyon bo‘ladi. Yuzakilik esa bilimsizlik, huquqiy jasoratning yetishmasligidan dalolatdir.

Deputat, partiya guruhi faoliyati davomida nafaqat o‘zi, balki siyosiy partiyaning kuchini namoyon etadi. Deputatlar faoliyati ko‘lamiga qarab partiyalar haqida xulosa qilinishi ham bejiz emas.

Har bir vakil zimmasidagi mas’uliyatni his qilgan holda harakat qilsa, birinchi navbatda odamlarning ishonchini qozonadi, vijdoni oldida o‘zini oqlagan bo‘ladi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

«O‘zbekiston ovozi», 11.10.2022, №40

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish