Mashhur okeanshunos Jak Iv Kustoning shunday gapi bor: “Yer — hammamizning umumiy uyimiz, suv esa tanamizning qoni”. Bu so‘zlar bejiz aytilmagan, albatta. Uning tag-zamirida juda katta ma’no-mazmun bor. Zero, suv – hayot, salomatlik, oziq-ovqat, energiya va atrof-muhit uchun eng muhim resursdir. Biz uni tejab ishlatishni o‘rganmas ekanmiz, bu yaqin kelajakda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Mamlakatimizda suv manbalari bir tekis joylashmagan. Ba’zi hududlarda u yetarli bo‘lsa, ba’zi viloyatlarda ichimlik suv yuzlab chaqirim uzoqdan olib kelinadi. O‘zbekiston, birinchi navbatda, suv resurslari taqchilligi muammosiga duch kelyapti. Hozir butun Yer yuzida, xususan, O‘zbekistonda suv resurslariga ehtiyotkorlik bilan yondashish masalasi kun tartibida turibdi. Bu borada mamlakatimizda qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.
Tadqiqotlarga qaraganda, global iqlim o‘zgarishi natijasida so‘nggi 50-60 yil davomida Markaziy Osiyoda muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga borib chuchuk suv tanqisligi mintaqada yalpi ichki mahsulotning 11 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin.
Global iqlim o‘zgarishi, O‘zbekistonda aholi sonining o‘sishi, milliy iqtisodiyot turli tarmoqlarining jadal rivojlanishi va ularning suvga bo‘lgan talabining o‘sishi tufayli respublikada suv resurslarining taqchilligi yildan-yilga ortib boryapti. O‘zbekistonda mavjud chuchuk suv hajmining qisqarishi tufayli suv tanqisligi va qurg‘oqchilik xavfi sezilarli darajada oshmoqda.
Aytish joizki, suv bilan ta’minlanganlik holati aholi turmush darajasinining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biridir. Demak, markazlashgan ichimlik suvining asosiy iste’molchisi sifatida aholi suvni tejash jarayonida faolroq rol o‘ynashi kerak.
Ammo biz suvni tejash masalasiga deyarli e’tibor qilmaymiz. Bunday mas’uliyatsiz munosabat sovetlarning rejalashtirilgan iqtisodiyoti, ya’ni iste’molchilarni suvdan tejamkor va oqilona foydalanishga undovchi biror bir chora ko‘rilmagan bir davrda shakllangan. Chunki, u paytlarda suv ta’minoti xarajatlarining asosiy qismi davlat budjeti hisobidan subsidiyalangan.
Shunday qilib, iste’molchilarning suvdan noratsional foydalanishi, bir tomondan, suvdan foydalanish madaniyatining pastligi, ikkinchi tomondan, aholida suvni tejashga rag‘batlantirishning yo‘qligi bilan bog‘liq. Shu bois, bugungi kunda suv tariflarini shakllantirishda bozor munosabatlariga o‘tish muammosi juda dolzarbdir.
Inchinun, bozor – odamlarning suvni tejashiga turtki beruvchi eng kuchli motivatsiya bo‘la oladi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, aholining suvdan oqilona foydalanishi ko‘p jihatdan har bir iste’molchining to‘lovlarni kamaytirishdan shaxsiy manfaatdorligiga bog‘liq. Boshqa tomondan, aholi o‘rtasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish, bu tushuntirish ishlarini “bog‘cha – maktab – universitet” tamoyilida, eng muhimi, oilada doimiy olib borish lozim.
Eng kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi omil – bu, shubhasiz, suv narxidir. Tariflarni keskin oshirish yo‘li bilan bo‘lsa-da, normal darajaga yetkazish suv isrofgarchiligiga chek qo‘yishga yordam berishi aniq. Bozor qonunlari har qanday zamonda, har qanday sharoitda ishlagan va bundan keyin ham ishlaydi.
Markaziy Osiyoda ichimlik suv uchun to‘lov narxi eng yuqori mamlakat Qozog‘iston hisoblanadi. Mamlakatda suv tariflari hududlarga qarab aholiga 1 m3 suv uchun 73 tengedan (1 905 so‘m) 304 tengegacha (7 934 so‘m) belgilangan. Dunyodagi eng qimmat tariflar Yevropada. Xususan, Norvegiyada 5,51 yevro (71 ming.so‘m), Germaniyada 4,67 yevro (60 ming.so‘m), Daniyada 4,43 yevro (57 ming.so‘m) va Niderlandiyada 3,99 yevro (51 ming.so‘m). Va bu yerlarda suvning har bir tomchisi qadrlanishiga shubha yo‘q.
Tirik ekanmiz, biz suvga doimo muhtojmiz. Suv resurslaridan oqilona foydalanish O‘zbekistonning barqaror rivojlanishining garovidir. To‘g‘ri, toza ichimlik suvni uzluksiz yetkazib berish, suv bormagan hududlardagi aholini ichimlik suv bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligiga suv yetkazib berish yo‘nalishida katta ishlar boshlangan, ular davom etmoqda. Lekin suvdan oqilona foydalanish madaniyati turish-turmushimizning ajralmas qismiga aylanmas ekan, bu yo‘nalishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishish qiyin bo‘ladi.
Suv narxlarining liberallashtirilishi iste’molchilar xulq-atvoriga ta’sir qilib, undan xo‘jasizlarcha foydalanish odatlariga chek qo‘yishga xizmat qiladi. Aks holda, biz mamlakat uchun o‘ta qadrli resurs bo‘lgan ichimlik suvdan mashina yuvish, tomorqani sug‘orish, yozda mikroklimat yasash uchun foydalanishda davom etaveramiz.
Muxtasar aytganda, suvni e’zozlash kelajakni asramoq demakdir. Aholining ichimlik suvidan foydalanish madaniyati qanchalik yuksak bo‘lsa, sarf-xarajatlar ham shunchalik kamayib, sohani texnik va texnologik jihatdan takomillashtirishga imkon yaratadi. Shunday ekan, ichimlik suvini asrashimiz va undan samarali foydalanishimiz kerak.
Dilorom IMOMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.