Aralash saylov tizimi jamiyatimiz hayotida ko‘prik vazifasini o‘taydi

 

Haqiqatdan ham saylov muhim siyosiy jarayondir. Barchamiz Yangi O‘zbekistonimizning tarixiy jarayonlari ishtirokchisi bo‘lib turibmiz. Mamlakatimiz hayotida siyosiy partiyalarning rolini hamda fuqarolarimizning siyosiy faolligini oshirish, shu jumladan, ularning davlat hokimiyatini shakllantirish jarayonida muayyan g‘oya va maqsadlarini ko‘zlab ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida aralash saylov tizimiga o‘tish taklifi anchadan buyon ilgari surilib kelinayotgan edi.

Respublikamizda saylov tizimini takomillashtirilishi, xususan majoritar hamda proporsional saylov tizimiga o‘tilishi sizga va bizga, qolaversa fuqarolarimizga nima beradi?

Majoritar saylovda saylovchilarimiz siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishadi.

Proporsional saylovda esa, amaldagi siyosiy partiyalarga ovoz beradilar. Bu esa o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini, qolaversa, nufuzini oshirishda xizmat qiladi.

Saylovchilar qaysi siyosiy partiyaning g‘oyalari va saylovoldi dasturlari kuchli bo‘lsa, o‘sha siyosiy partiyaga ovoz beradi.

“Saylovlar demokratiya ko‘zgusi” deymiz! Saylovlar orqali har bir fuqaro jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita ishtirok etadi hamda mamlakat taqdiriga nisbatan befarq emasligini namoyon etadi.

Qonun loyihasi bilan Saylov kodeksiga hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, saylovlarni professional, ochiq va demokratik tarzda tashkil etish hamda o‘tqazish uchun Markaziy saylov komissiyasining konstitutsiyaviy maqomi yanada mustahkamlanmoqda. Xususan, saylov organlarining vertikal tizimini tashkil etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi zimmasiga nafaqat O‘zbekiston Respublikasi saylovi yoki parlamentga saylovni, balki Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarni ham tashkil etish vazifalari yuklatilmoqda.

Shuningdek, davlat boshqaruvida meritokratiya tamoyillarini tatbiq etish maqsadida ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

Yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan partiya belgilangan tartibda deputatlik o‘rinlariga ega bo‘lishi o‘rnatilmoqda. Agar hech qaysi partiya kamida yetti foiz ovozni to‘plamagan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topilishi belgilanmoqda.

Yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovchilarning ovozi asosida deputatlik o‘rinlarini partiyalar o‘rtasida taqsimlashning aniq tartibi o‘rnatilmoqda. Bunda proporsional saylov tizimida yetti foizlik chegaradan o‘tgan partiyalarga yoqlab berilgan umumiy ovozlar soni 75 ta deputatlik o‘rniga bo‘linadi va undan chiqqan raqam saylov koeffitsiyenti hisoblanadi. So‘ngra har bir partiyaga yoqlab berilgan ovozlar soni mana shu saylov koeffitsiyentiga bo‘linadi. Undan chiqqan son esa har bir partiyaga beriladigan deputatlik o‘rniga teng bo‘ladi. Agar yaxlit bo‘lmagan qoldiq sonlar vujudga kelib, buning natijasida ba’zi deputatlik o‘rinlari taqsimlanmasdan qolsa, ularni ham taqsimlash tartibi aniq ochib berilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, ushbu Konstitutsiyaviy Qonun siyosiy partiyalar mavqei hamda saylov organlarining professionallik darajasi yanada oshishiga xizmat qiladi.Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirok etish imkoniyatini oshiradi.

 

Urol O‘razboyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish