So‘nggi chorak asr davomida jahon miqyosida Buyuk ipak yo‘li orqali turizm sohasini rivojlantirishga qiziqish tobora o‘sib bormoqda. Bu albatta, bevosita zamon talablari bilan bog‘liq. Ayniqsa, dengiz bilan bevosita bironta yo‘l orqali bog‘lanmagan O‘zbekiston uchun Buyuk ipak yo‘li nihoyatda ahamiyatli bo‘lgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Bu kelgusi rivojlanishimizning asosiy talablaridan biridir.
Aytmoqchimanki, 16 oktabr kuni Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO) Bosh assambleyasi 25-sessiyasining aynan Samarqand shahrida ya’ni Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida o‘tkazilganligining o‘zi ham o‘ziga xos chuqur ramziy ma’no kasb etadi va buni yuqorida bildirilgan fikr-mulohazalarimiz tasdig‘i sifatida ham qabul qilishimiz mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi ya’ni, Global sayyohlik tashkilotining 140 dan ziyod mamlakat vakillari ishtirokida 20-oktabr kuniga qadar davom etishi rejalashtirilgan bosh tadbirida, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
O‘zbekiston yetakchisi turizm sohasi jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri ekanligiga to‘xtalar ekan, bugun O‘zbekistonda ham mamlakatni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli va ortga qaytmas bo‘lib tus olgan islohotlar doirasida turizm tarmog‘ini rivojlantirishga ham ustuvor e’tibor qaratilayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, keyingi yillarda salkam yuzta mamlakat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tizimi, yana 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etilganligini, sayyohlik biznesining barcha turlarini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilib, soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilganligini, kredit va moliyaviy yordamlar tizimining kuchaytirilganligi va pandemiya cheklovlariga qaramasdan, ikki yil davomida 800 ta infratuzilma loyihasi amalga oshirilganligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Darhaqiqat, bugungi kunda Davlat rahbarining turizm sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan ulkan sa’y-harakatlari tufayli Respublika hududida joylashgan mavjud mehmonxonalardagi o‘rinlar soni 140 mingtaga yetkazildi, 70 ta yangi sayyohlik marshrutlari ochildi, 6 ta xususiy aviakompaniyalar o‘z ishlarini boshladi.
Natijada O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ikki barobarga ko‘paydi. Turizm eksportidan tushayotgan daromad 4 barobar o‘sdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda mamlakatimizga jami 7 million sayyoh tashrif buyuradi. Ushbu ko‘rsatkichni 2030 yilga borib 15 millionga, ichki turizm oqimini esa 25 millionga yetkazish reja qilingan.
Bugungi kunda yurtimizda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar jahon hamjamiyatining ham alohida e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Jumladan, O‘zbekiston eng tez rivojlanayotgan turizm maskani va eng xavfsiz davlat sifatida xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
O‘zbekiston rahbari Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida so‘zlagan nutqida, mamlakatda turizmni 2030 yilgacha kompleks rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan strategiyada zamonaviy turizm va transport infratuzilmasini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilishini ta’kidladi. Shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan yangi avtomobil va temir yo‘llar qurilishini, aviatransport parklari 2 barobarga kengaytirilishini, aviaqatnovlar soni to‘rt barobarga oshirilishini, katta shahar va sayyohlar ko‘p boradigan manzillarda 30 ta yirik turizm klasterlari tashkil etilishini aytib o‘tdi.
Umuman olganda, kelgusida yurtimizda turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish hisobidan kamida 1 millionta yangi ish joylari yaratiladi.
O‘zbekiston yetakchisi ayni paytda global turizmning eng dolzarb muammosi – bu turistlarning kafolatlangan xavfsizlik tizimini ta’minlash ekanini qayd etar ekan, xalqaro turizm sohasida mustahkam huquqiy asoslarni kuchaytirish uchun BMT doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan ham o‘z taklifini bildirib o‘tdi.
Bugungi kunda butun dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib borayotgan bir davrda, “yashil” turizmni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish ham har qachongidan-da dolzarb masala ekanligi Davlatimiz rahbari tomonidan alohida ta’kidlab o‘tildi. Bu boradagi amaliy qadamlar sifatida YuNVTO doirasida “Yashil” turizmni joriy etish bo‘yicha eng yaxshi shahar” nominatsiyasini ta’sis etish, shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti hamda Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro universiteti hamkorligida Global “yashil” turizm startaplari laboratoriyasini yaratish taklifi ilgari surildi.
Imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yanada kuchaytirish va inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti 2025 yilni “Butunjahon inklyuziv turizm yili” deb e’lon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish tashabbusini ham o‘rtaga tashladi.
Shuningdek, YuNVTO doirasida tarixiy yodgorliklarni asrash bo‘yicha eng ilg‘or tajribalarni almashish uchun platforma - Sayyohlik bo‘yicha tarixiy shaharlar Kengashini tuzish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Kengashning birinchi yig‘ilishini Buxoro shahrida tashkil etishga tayyorligini ham qayd etib o‘tdi.
Mamlakatimiz yetakchisi yaqinda Samarqandda ochilgan turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha dunyoda o‘xshashi yo‘q YuNVTO Xalqaro turizm akademiyasida mutaxassislarni o‘qitish uchun maxsus grantlar ajratilishini ham e’lon qildi.
O‘zbekiston rahbari yoshlar uchun ishlab chiqilgan sayyohlikni rivojlantirish loyihalari, ularning kelgusida yangi g‘oyalarni yaratish borasidagi ishlarida o‘ta muhim va foydali maydonga aylanishini ta’kidlagan holda, Jahon yoshlar turizmi sammitining navbatdagisini Toshkent shahrida o‘tkazishni taklif etdi.
Shuningdek, “Ipak yo‘li” brendini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun YuNVTO maxsus xalqaro mukofotini ta’sis etish tashabbusi bildirildi va kelgusida ushbu rejani amalga oshirish davomida Samarqandda ochilgan “Ipak yo‘lida turizm” tematik ofisi faol shug‘ullanishi ta’kidlab o‘tildi.
Mamlakatimiz Prezidenti o‘z nutqida Global media kampusini ta’sis etish va uning forumlarini har ikki yilda bir marta Bosh Assambleya sessiyalari doirasida o‘tkazish muhimligiga to‘xtalib o‘tar ekan, birinchi media kampusini O‘zbekistonda qabul qilishga tayyor ekanligimizni ham bildirib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari delegatlarni Samarqandni “Madaniy turizmning xalqaro poytaxti” deb e’lon qilish va tegishli deklaratsiyani qabul qilishga doir tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqirar ekan, ishtirokchilarning mazkur taklifga nisbatan mutlaqo ijobiy munosabatda ekanliklarini ularning yuz-ko‘zlaridagi mamnuniyat va xursandlik ifodalari yoki tadbir yuzasidan bildirgan ijobiy fikr-mulohazalari orqali ham anglab olish mumkin ediki, bu holni tadbirdan ko‘zlangan maqsadimizning faxrlansa arzigulik munosib natijasi, shuningdek bugun O‘zbekiston barcha sohalarda erishayotgan ko‘plab yutuqlardan biriga bildirilgan haqiqiy e’tirof deb baholash mumkin.
Gap Samarqandda o‘tkazilgan nufuzli tadbir haqida borar ekan, ushbu muqaddas makonda yashab o‘tgan, Samarqand nomini dunyolarga tanitgan buyuk tojdor-u, daholarimiz, aziz-u mukarram avliyolarimizni yod etmaslikning aslo iloji yo‘q deb o‘ylayman. Zotan, necha yuz yilliklar bilan hamnafas bo‘lgan buyuk tariximiz, ular qoldirgan yorqin iz va bemisl kashfiyotlar bilan bog‘liq.
Tabiiyki, ular tomonidan qoldirilgan buyuk meroslardan biri bo‘lgan Samarqand xalqimizning har qanday tadbiri, to‘yu-tantanasida ko‘z-ko‘z qilishga arzigulik ulkan bir bisot-ki, buni mazkur tadbirda ishtirok etgan mehmonlar ham his qilgan bo‘lsa ajab emas.
Zulayho Akramova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.