Yuzta davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tizimi joriy etildi

 

Mamlakatimizda keyingi yillarda barcha sohalarda, ayniqsa, turizmni rivojlantirish, ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlarimizni yanada keng namoyon etish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bugun o‘z natijalarini ko‘rsatmoqda.

Buni shu hafta yurtimiz siyosiy, madaniy hayotida muhim voqeliklar bilan boshlangani va uning ruhi yil oxirigacha qizg‘in saqlanib qolishi misolida ko‘rish mumkin. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda o‘tkazilgan Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasida ishtiroki davlatimiz tashqi siyosatida o‘zaro manfaatli hamkorlik kengayayotganidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbari Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasidagi nutqida O‘zbekistonda ham mamlakatni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli va ortga qaytmas islohotlar doirasida turizm tarmog‘ini rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratilayotganini alohida qayd etdi.

Darhaqiqat, mamlakatimizning sayyohlik yo‘nalishidagi salohiyati ulkan. Ana shu imkoniyatdan samarali foydalanish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Misol uchun, sayyohlik biznesining barcha turlarini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilib, soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilmoqda.

Pandemiya cheklovlariga qaramasdan, o‘tgan ikki yil davomida 800 ta infratuzilma loyihasi amalga oshirildi. Bundan tashqari, salkam yuzta davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tizimi joriy etildi. Natijada mamlakatimizga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ikki barobar ko‘paydi.

Nufuzli anjumanda Prezidentimizning sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha ilgari surgan muhim tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg‘in kutib olindi. Bular, albatta, O‘zbekistonning eng tez rivojlanayotgan turizm maskani va eng xavfsiz davlat sifatida xalqaro reytinglardagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ayniqsa, 2025 yilni “Butunjahon inklyuziv turizm yili” deb e’lon qilish hamda maxsus deklaratsiya qabul qilish tashabbusi imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yanada kuchaytirish bilan birga, inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish imkonini ham beradi.

Muxtasar aytganda, Butunjahon turizm tashkilotining yig‘ilishi sohada hali imkoniyatlar ko‘pligini ko‘rsatish uchun qulay fursatdir. Yaratilgan katta maydon esa ana shu maqsadlarga xizmat qilishi aniq.

 

Muqaddas O‘RAZALIYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish