Inson voyaga yetib, mustaqil hayot, shaxsiy va qat’iy taraqqiyot yo‘liga o‘tishi bilan katta maqsadlar sari intiladi, tashqi dunyo bilan faol munosabatga kirishadi. Bu – hayot qonuni.
Bugun O‘zbekiston davlati xalqaro maydonda o‘z so‘ziga ega davlat bo‘lish uchun dunyo bilan faol muloqot qilmoqda, xalqimiz istiqboli uchun tinimsiz kurashmoqda. Milliy manfaatlarimiz hamma joyda qattiq himoya qilinmoqda. O‘zbekiston nomi tilga olingan har bir minbarda o‘rnimiz, pozitsiyamiz aniq ko‘rinmoqda. Ishonchli, ochiq va mustahkam hamkorga aylandik.
Davlatimiz rahbari har hafta katta voqealarning ishtirokchisi bo‘lib, mamlakatimiz taklif-tashabbuslari, xalqimizning ezgu niyatlarini bildirmoqda. Shunday katta voqealardan biri 13 oktabr kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘lib o‘tdi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, MDH doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning holati va istiqbollari yuzasidan fikrlar almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Avvalo, Prezidentimiz Qirg‘izistonning 2023 yildagi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligini samarali, deya baholagan.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida dunyoning turli mintaqalaridagi keskinlashib borayotgan ziddiyatlarning oqibatlari barcha mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini afsus bilan ta’kidladi.
O‘zbekiston yetakchisi Hamdo‘stlik doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surgan.
Muqobil savdo-logistika yo‘nalishlarini shakllantirish, qo‘shilgan qiymatning qisqa va yanada samarali zanjirlarini yaratish, mamlakatlarimiz iqtisodiyotidagi bir-birini to‘ldiradigan zaxiralardan imkon qadar yuqori darajada foydalanish, biznes aloqalarini rag‘batlantirish haqida to‘xtalgan.
Paydo bo‘ladigan xavf-xatarlarni birgalikda baholash, muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar va nostandart qarorlarni qabul qilish uchun MDH doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning noyob platformasi to‘liq ishga solinishidan manfaatdorligimizni va shu munosabat bilan Hamdo‘stlikning uzoq muddatli yangi kun tartibini ishlab chiqish uchun mamlakatlarimizning yetakchi tahlil markazlari va ekspertlari ishtirokida konferensiya tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilgan.
Shu yil boshidan buyon O‘zbekistonning Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tashqi savdo hajmi atigi 5 foizga oshgani, shu bilan birga, o‘sish sur’atlarining sekinlashish tendensiyasi kuzatilayotganini ham ochiqchasiga aytib o‘tgan.
Davlatimiz rahbari izchil takliflarni ham sanab o‘tgan.
– birinchidan, Erkin savdo hududi to‘g‘risidagi shartnomaning tovarlarni olib qo‘yishga doir qoidalarini qayta ko‘rib chiqish.
Shartnoma imzolanganidan buyon yetarlicha vaqt o‘tdi hamda ushbu hujjatni bizning asosiy maqsad va vazifalarimiz bilan to‘liq muvofiqlashtirish vaqti keldi;
– ikkinchidan, import o‘rnini bosishga qaratilgan milliy dasturlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish;
– uchinchidan, davlat xaridlari bozoriga imtiyozli kirish huquqini o‘zaro kelishuv asosida taqdim etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish;
– to‘rtinchidan, qo‘shma ulgurji taqsimlash va logistika markazlarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash dasturini qabul qilish;
– beshinchidan, elektron savdoni rivojlantirishni, jumladan, mavjud platformalarni kengaytirish yo‘li bilan rag‘batlantirish, kabi takliflarni ilgari surgan.
O‘zaro savdodagi texnik to‘siqlar va muvofiqlikni baholash bo‘yicha ishlar natijalarini tan olish to‘g‘risidagi MDH bitimlarining qabul qilinishini jadallashtirish muhimligi va bu masalalarning barchasi Hamdo‘stlik Iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi kun tartibiga kiritilishi zarurligi ta’kidlangan.
Shavkat Mirziyoyev Sanoat kooperatsiyasi istiqbollari masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgan.
– Bugungi kunda MDH mamlakatlari bilan qo‘shma investitsiya loyihalariga doir portfelimiz hajmi 25 milliard dollardan oshdi.
Yaqinda qabul qilingan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning Sanoat siyosati bo‘yicha kengashi doirasida o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va loyihalarni ilgari surish hamda texnoparklarni tashkil etish bo‘yicha Qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif qilaman.
Bunda xaridlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, sug‘urta hisobidan qoplab berish va off-teyk xarid masalalarini puxta o‘ylab ko‘rish muhimligi aytilgan.
Shu bilan birga, kelgusi yilning aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “INNOPROM” sanoat haftaligi doirasida MDH mamlakatlarining sanoat kooperatsiyasi va innovatsion ishlanmalari forumini o‘tkazishga ham tayyormiz, degan Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari MDH doirasida aholini sifatli va arzon oziq-ovqat bilan ta’minlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tgan.
– Yana bir ustuvor vazifa – Hamdo‘stlik davlatlarida iste’molchilarni yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdan iborat.
Shu munosabat bilan agrosanoat komplekslari, logistika va “ekspress” koridorlarning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish, tarmoqni texnologik modernizatsiya qilish va tizimli ilm-fan almashinuvi masalalarini hal etish talab etiladi.
Amaldagi tarmoq kengashi doirasida oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi yangilangan hamkorlik dasturini va Agrosanoat sektorida kooperatsiyaning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashni taklif qilgan.
Hududlararo hamkorlik juda katta imkoniyatga ega ekani, bunday sheriklikni qo‘llab-quvvatlash choralarini o‘z ichiga olgan alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, jumladan, hududlarning birinchi Forumini, ko‘rgazma va yarmarkalarni hamda ishbilarmon doiralar vakillarining o‘zaro tashriflarini o‘tkazish zarurligi aytilgan.
O‘zbekiston yetakchisi sammit ishtirokchilariga Transport sohasida quyidagi imkoniyatlarni yaratish zarurligini ta’kidlagan.
– transportning barcha turlarida multimodal tashuvlarni tashkil etish orqali transport koridorlarini rivojlantirish;
– asosiy mintaqaviy koridorlar orqali yuklarni tashishda biznes uchun jozibador shartlarni shakllantirish;
– yo‘lovchi va yuk tashishda boshqarish jarayonlarini va ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirish;
– transport infratuzilmasi va harakat tarkibini modernizatsiya qilish dasturlari va loyihalarini amalga oshirish.
Sammitning o‘ziga xos jihatlaridan biri qadimiy va navqiron Samarqand shahriga 2024 yilda “Hamdo‘stlikning madaniyat poytaxti” maqomining berilishi va “Hamdo‘stlikning yoshlar poytaxti” deb Toshkent shahri e’lon qilingani bo‘ldi.
Shu munosabat bilan kelgusi yil bahorda Samarqandda MDH davlatlarining madaniyat, san’at va kino haftaligini o‘tkazish taklif qilindi.
Yurtimiz rahbari yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikni faollashtirish masalasini ham dolzarb ahamiyatga ega, deb ta’kidladi.
– Biz yangi qo‘shma loyihamiz doirasida kelgusi yilda “Hamdo‘stlikning yoshlar poytaxti” deb e’lon qilingan Toshkent shahrida tadbirlarga boy dasturni tayyorlayapmiz.
Shuningdek, “Hamdo‘stlik kubogi” futbol turnirini qayta tiklash va yoshlarimiz jamoalari o‘rtasida navbatdagi uchrashuvlarni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilgan.
Shavkat Mirziyoyev so‘zi yakunida O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlagan.
Har qanday sog‘lom fikrli inson O‘zbekistonning keyingi yillardagi tashqi siyosati o‘zaro teng va ochiqlikka asoslanganini e’tirof etishi mumkin.
Davlatimiz rahbari ko‘p vaqtini chet el safarlarida o‘tkazishiga to‘g‘ri kelmoqda. Sababi O‘zbekistonning hozirgi imidji hamma uchun qiziq va jozibador ko‘rinmoqda. Bunga osonlikcha erishilmayapti, albatta. Buning ortida ulkan mashaqqat, katta tajriba va asosiysi xalqimizning tarixiy orzu-istaklari turibdi.
Ahmad Qurbonov
«O‘zbekiston ovozi», 18.10.2022, №41