Bugungi kunda O‘zbekiston demokratik islohotlar yo‘lida katta qadam tashladi. Bu boradagi o‘zgarishlar xalqaro maydonda e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, qonunchilikni takomillashtirish, siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish va parlamentning rolini oshirish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Chunki siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobat mamlakatni taraqqiyot sari yetaklaydi. Shu ma’noda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ushbu maqsadlarga xizmat qiladi.
Mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida o‘tkazish, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirish hamda Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Saylovlarning majoritar va proporsional tizimini nazarda tutuvchi qoidalar Saylov kodeksiga kiritilmoqda. Jumladan, saylov okruglari yetmish beshta hududiy bir mandatli hamda yagona saylov okrugiga bo‘linmoqda. Bunda partiya ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylovni o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanmoqda. Ya’ni Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati amaldagidek majoritar tizim asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari esa partiya ro‘yxati bo‘yicha yangi taklif etilayotgan proporsional tizim asosida yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda. E’tiborli jihati, partiya ro‘yxatiga ham gender tengligini ta’minlash maqsadida xuddi majoritar tizim bo‘yicha nomzodlarning kamida 30 foizi ayollar bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Agar majoritar saylovda saylovchi konkret shaxsga ovoz bersa, proporsional saylovda u o‘zi ma’qul deb topgan siyosiy partiyaga ovoz beradi. Bu esa, o‘z-o‘zidan siyosiy partiyalarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshiradi. Zero, proporsional saylov tizimi siyosiy partiyalar o‘rtasida o‘zaro raqobatni kuchaytirib, siyosiy hayotda fikrlar xilma-xilligining rivojlanishiga olib keladi.
Qolaversa, saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari saylov komissiyalari tizimini tashkil etishi belgilanmoqda. Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov natijalarini aniqlash va deputatlik o‘rinlarini taqsimlash tartibi, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari sonini kamida o‘n besh nafardan to‘qqiz nafarga tushirish, uning kamida bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston vakili bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasining Raisi besh yillik muddatga saylanishi, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining Raisi etib saylanishi mumkin emasligi qonun loyihasida aks etmoqda. Qonun loyihasi bilan bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan deb hisoblanishi belgilanmoqda. Ya’ni, mutlaq ko‘pchilik emas, balki nisbiy ko‘pchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, agar proporsional tizim asosida shakllantirilgan deputatlik o‘rni bo‘shab qolsa, tegishli partiya ro‘yxatdagi keyingi navbatdagi mandatga ega bo‘lmagan nomzodlar hisobidan to‘ldirilishi belgilanmoqda. Yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida 7 foizi ovozini olgan partiya belgilangan tartibda deputatlik o‘rniga ega bo‘lishi belgilanmoqda. Agar hech qaysi partiya kamida 7 foiz ovozni to‘play olmasa, saylov o‘tmagan deb topiladi. Yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovchilarning ovozi asosida deputatlik o‘rinlarini partiyalar o‘rtasida taqsimlashning aniq tartibi o‘rnatilmoqda. Bunda proporsional saylov tizimida 7 foizlik chegaradan o‘tgan partiyalarga yoqlab berilgan umumiy ovozlar soni 75 ta deputatlik o‘rniga bo‘linadi va bundan kelib chiqadigan raqam saylov koeffitsiyenti hisoblanadi. So‘ngra har bir partiyaga yoqlab berilgan ovozlar soni saylov koeffitsiyentiga bo‘linadi. Undan chiqqan son esa har bir partiyaga beriladigan deputatlik o‘rniga teng bo‘ladi.
Agar yaxlit bo‘lmagan qoldiq sonlar vujudga kelib, ba’zi deputatlik o‘rinlari taqsimlanmasdan qolsa, ularni ham taqsimlashning aniq tartibi Kodeksda ochib berilmoqda. Shuningdek Saylov kodeksiga saylov komissiyalarining vertikal tizimini nazarda tutuvchi qoidalar, xususan Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyasi, tuman va shahar saylov komissiyalari, okrug saylov komissiyasi va uchastka saylov komissiyasi tuzilmasi taklif etilmoqda. Bunda viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalari o‘rniga hududiy saylov komissiyalarini tuzish nazarda tutilmoqda. Prezident va deputatlik saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzish tartibidan voz kechish hamda ularning vazifalarini hududiy komissiyalarga yuklash taklif etilmoqda. Okrug saylov komissiyalari faqatgina, xalq deputatlari, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha tuzilishi mumkin bo‘ladi.
Ta’kidlash kerakki, qonun loyihasini tayyorlash jarayonida 40 dan ortiq xorijiy mamlakatning saylov tizimlari va qonunchiligi o‘rganildi. Bu huquqiy hujjatning mukammal bo‘lishiga xizmat qiladi. Parlament, deputat, siyosiy partiyalarga bo‘lgan qarash va talablar ham o‘zgargani mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ishlab chiqishga sabab bo‘ldi. Eng muhimi, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi proporsional va mojaritar saylov tizimlarining kuchli jihatlarini o‘zida mujassamlashtirgani xalqimizning davlat boshqaruvida ishtirok etishdek ustuvor huquqidan foydalanishi uchun yangi imkoniyatlar taqdim etmoqda.
Dilorom Imomova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.