Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi media markazida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”: ehtiyojmand aholiga imkoniyatlar va yangiliklar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ullari, O‘zXDP Jizzax viloyati kengashi mas’ullari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari a’zolari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mas’ul xodimlari, partiya faollari, yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova ochib berdi va ijtimoiy kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar so‘nggi vaqtlarda tobora jadallashib borayotganiga e’tibor qaratdi. Kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlash tartibi yo‘lga qo‘yilgani ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Boshqarma boshlig‘i Boymurat Yusupov partiya elektorati hisoblanmish ehtiyojmand aholining muammolariga yechim topishda bu borada qabul qilinayotgan qonun va qarorlar ijrosini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish hamda ijtimoiy himoya uchun ajratilayotgan mablag‘larning manzilli va maqsadli ishlatilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shu maqsadda Jizzax viloyati Arnasoy tumanida o‘rganishlar olib borilgan bo‘lib, uning yakunlari yig‘ilishda o‘qib eshittirildi.
Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputati, O‘zXDP viloyat Kengashi raisi Nuriddin Xolmatov Arnasoy tumani bo‘yicha 2023 yil sentabr oyi davomida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”orqali 322 ta oilaga nafaqa va moddiy yordamlar tayinlangani, tumanning “G‘oliblar” MFY da 2023 yilning o‘tgan 9 oyi davomida nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar soni 257 tani tashkil etganini ta’kidlab o‘tdi. Biroq, ijtimoiy yordam uchun ariza bilan murojaat qilib, rad javobini olganlar orasida ehtiyojmand aholi vakillari ham bor ekani yoki aksincha, ayrim xollarda ko‘chmas mulk va avtomashinalari yaqin qarindoshlari nomida bo‘lgan, yoki ishonchnoma asosida boshqarib yurgan o‘ziga to‘q oila vakillari tomonidan ham tizim orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordamlar tayinlanganlik holatlari uchrayotgani, bu esa o‘z navbatida boshqa haqiqiy muhtoj fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganligi aniqlangan. Ishchi guruh masalani chuqur o‘rganib, adolatsiz holatlar yuzaga kelayotgani sabablarini aniqlagan va ularning yechimi yuzasidan davra suhbatida taklif va tavsiyalar berildi.
Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish bo‘yicha 2023 — 2025 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlari dasturi” tinglandi. O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining bu sohada amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. Fuqarolarni boqimandalik kayfiyatidan chiqarish, mehnatga o‘rgatish borasidagi vazifalar yuzasidan mulohazalar tinglanib, qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar olindi.